SABUROV ELDORBEK (Uy-joy fondidan foydalanish tizimini takomillashtirish).
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 10-fevraldagi “Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini takomillashtirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3-son qarorining 8-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ko‘p xonadonli uy-joyni kapital ta’mirlash dasturlariga ko‘p xonadonli uy-joy mulkdorlari tomonidan uy-joy binosini kapital ta’mirlash umumiy smeta qiymatining kamida 30 foizi hajmida moliyalashtirilgan uylar kiritiladi”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-2900-son qarorida:
a) quyidagi mazmundagi 31-band bilan to‘ldirilsin:
“31. Belgilansinki, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining buyrug‘iga asosan O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi boshqaruv xodimlarining Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti markaziy apparatda — 2 baravarga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalarida — 1,5 baravarga, tuman (shahar) uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limlarida — 1,3 baravarga oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.
Mazkur bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi”;
b) 8-ilovada:
7-band quyidagi mazmundagi oltinchi — o‘ninchi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan zaruriy texnika, mebel, aloqa vositalari, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika vositalari bilan ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi xodimlarining xizmat safarlari, shu jumladan xorijiy xizmat safarlari;
uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;
vazirlikning kommunal xarajatlari bilan bog‘liq to‘lovlarni amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga konsalting tashkilotlaridan va boshqa tashkilotlardan mutaxassislarni, jumladan mahalliy va xorijiy maslahatchilarni jalb qilish”;
oltinchi va yettinchi xatboshilar tegishincha o‘n birinchi va o‘n ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-apreldagi “2017 — 2021-yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2922-son qarorida:
a) 6-bandning birinchi xatboshisidan “buxgalterlik hisobini yuritish,” so‘zlari chiqarib tashlansin;
b) 8-bandning ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-maydagi “Ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi PQ-4732-son qarorida:
a) 2-band quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Elektron ro‘yxatga kiritilmagan qurilish majmualarini reklama qilish taqiqlanadi”;
b) ilovaning 18-bandi o‘ninchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qurilish obyekti ekspluatatsiyasining kafolat muddati (ikki yildan kam bo‘lmasligi lozim)”.