chal babay chol
kempir memey kampir
burchek konjek burchak
bala bechche bola
orik zerdeli urik
konishi xemseye qo’shni
bo’zav gesele buzoq
Shevalar umumxalq o’zbek tilining bir tarmog’i bo’lish bilan birga, adabiy til bilan o’zaro umumiy va leksik qatlamlarga ega. Bu shevalardagi so’zlar shakldosh, ma`nodosh, ko’p ma`noli va zid ma`noli kabi munosabatlar jihatidan bir- birlaridan hamda adabiy tildan farq qiladi.Shevalardagi tabu va evfemizmlar esa deyarli o’rganilmagandir.Shularni hisobga olib, ularning har biri haqida alohida – alohida to’xtalib o’tishni lozim topamiz.
Ma`nodosh so’zlar
Ma`nodosh so’zlar o’zaro birlashtiruvchi ma`noga va turli shakllarga ega bo’lgan bir guruh so’zlarning o’z nominativ ma`nolari bilan bir xil yoki o’xshash bo’lib, talaffuz va yozuvda farqlanishi, qo’shimcha ma`no noziklari hamda turlicha uslubiy qiymatga ega bo’lishi mumkin. Nutqimizni rang – barang qilishga ma`nodosh so’zlarning ahamiyati kattadir. O’zbek tili ham o’zining katta leksik qatlamiga egadir. Bu qatlamga kiruvchi sinonim so’zlar tilimizning lug’at tarkibini boyitadi, uni yanada kengaytirish uchun xizmat qiladi, o’zbek tilining boyligini ko’rsatuvchi omillardan hisoblanadi. Tildagi ma`nodosh so’zlarni yaxshi egallash va undan to’g’ri foydalana olish esa nutq uchun katta imkoniyatlar yaratib beradi.
Ma`nodosh so’zlar, ayniqsa, dramaturg,shoir – yozuvchilar tomonidan mohirlik bilan qo’llanib, ularning fikrlarini ruyobga chiqarish, tasvirlanayotgan davr xususiyatlarini to’laroq aks ettirish, turmush voqe`alarini aniqroq ifodalab berish, ulardagi ma`noning eng nozik tomonlari va ohangini ko’rsatib o’tishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ma`nodosh so’zlar xalq og’zaki ijodida – matallar, topishmoqlar, ashula - qo’shiqlar kabilarda apcha keng tarqalgan bo’ladi.
O’zbek tilida bo’lgani kabi, uning lahja va shevalarida ham ma`nodosh so’zlar nihoyatda ko’p. Lahja va shevalardagi ayrim so’zlar esa adabiy tilimizning leksik qatlamini to’ldirish va boyitish uchun xizmat qiladi. Masalan, hozirgi adabiy tilimizdagi izlamok, qidirmoq, axtarmoq, istamoq sinonimik qatorlaridagi turli sheva materiallaridan olinganini isbot qilish qiyin emas. Chunki Farg’ona, O’sh kabi shevalarda istamoq, qipchoq shevalarida izlamoq, Toshkent va Samarqand shevalarida qidirmoq (q`d`rmoq) deb qo’llaniladi. O’g’uz lahjasida ham qidirmaq va istemaq ko’rinishlariga egadir. Axtarmoq shaklida qo’llanilishi apcha chegaralangan. Bu shakl qipchoq shevalarida axtarmaq//aktarmaq deb ishlatiladi.
O’zbek shevalarida ham ma`nodosh so’zlarning ko’pligi bilan ajralib turadi. Bu shevalarda ba`zi bir ma`nodosh so’zlar adabiy tildagiga nisbatan ko’proq ko’rinishlarga ega bo’ladi.
Qipchoq lahjasida: tuzuv// tuziv// duris// yaxshi// miqtay// ejep// ejeptevir// evle// qiamat// bineyi (yaxshi);shipira// jevlik// jappa// hemmesi// tamamam// bagamam// po’tunney// (barcha);shakillamaq// kichirlamaq// baqirmaq// ulumak (qattiq gapirmoq).
Qarluq – chigil-uyg’ur lahjasida: morcha ( Samarqand – Buxoro - Urgut), chumel` (Toshkent), chumel`k ( Farg’ona guruhi) chepchek ( Iqon, Sayram),buv` ( Farg’ona shevalari ), biyi ( Samarqand-Urgut), oy` (Toshkent) kabi. Yoki erkaklar beligi boglaydigan, chetiga gullar solingan materialni, ya`ni belbogni Andijon, Qarnob va Qorabuloq shevalarida chors`// chorsu deb qo’llanilsa, Toshkent shevasida k`ykche deb ishlatiladi.
O’g’uz lahjasida: gen// dilsiz// gemlemes// indemes// lol// genelek// sollemes// vorsiz// vedesiz// oldoqchi// yolg’onchi// to’triqsiz// noxoq; buchimi// solovoti / gorunishi// simmoti// siloyoti// qomati; derrev// darhol /Shuv yetib//zimpildep; solmo // yep// arik// terme; zrevek// isirg’a// xalqa// ulli// iri.
U yoki bu ma`nodoshlar qatoriga kirgan so’zlarning ba`zilari adabiy tilda va lahjalarda uchramasligi mumkin.Shevadagi bunday ma`nodoshlar ma`no va talaffuzlari jihatidan o’ziga xos xususiyatlariga ega bo’ladi. Masalan, o’zaro mustahkam bog’langanlik, tug’ishganlik ma`nolarini ifodalash uchun o’zbek adabiy tilidagi qarindosh, urug’ avlod singari sinonimlarni qo’llasa, qipchoq shevalariga kiruvchi shevalarda bu so’zlarning keng qo’llanilishi bilan bir qatorda tamir, zat agayni, tuvishqan kabi so’zlarning ham keng iste`molda bo’lganligini uchratishimiz mumkin.
Ba`zan qipchoq shevalari materiallari ma`nodosh so’zlarning ma`nosini farqlashga yordam beradi. Masalan, ozuqa turlaridan biri – yonishqa //jonihka deb yuritilib, uning quritilgan holatiga bede deyiladi. Hali uning avj olib usayotgan, lekin pishib etmagan holati esa kara korpe deb ataladi. Qipchoq shevalarida joniuchka so’zi korlik – chigil – o’g’uz shevalaridan Andijon shevasida yon`chka, Toshkentda esa bede deb qo’llaniladi.
Qipchoq shevalaridagi ma`nodosh so’zlar tuzilishi jihatidan sodda, juft va birikmali ma`nodosh so’zlariga bo’linadi.:
Sodda sinonimlar o’zbek shevalari leksikasining talaygina qismini tashkil etadi. Misollar: otirlik // yalgan; kichalan//kistalan //shoshilinch; jolikdi// daridi; kichap // derrev, xava// javin// kilamik// jika, satkak// avriv, talli//shiret, takran// kuri// boltacha; zor// kuchli; shona// taroq kallaposh//barcha, oftob// quyosh (Buxoro) kabilar.
Ba`zi ma`nodosh so’zlar juft holda qo’llaniladi, turli ma`nolarni (jamlik, to’dalik, bo’rttirish, umumiylik ma`nolarini) ifodalash uchun xizmat qiladi: sevir- taqat, urp- edet, kir- iplas, jaxshi – diris (qipchoq).
Ba`zi fonetik o’zgarishlarni hisobga olmaganda, bu xususiyat qorluq – chigil – uyg’ur va o’g’uz lahjalari materiallari uchun ham xosdir. Hali turmush qurmagan, bolasiz, bo’ydoq kishiga nisbatan Qo’qon va O’shda selt – suvey,Shahrisabzda selt – suveyt deyilsa, Forishda emizikli bolasi bo’lmagan xotinlarga nisbatan suvey – seltan deb qo’llaniladi. Selt – suveyt yurgen bashqa, rozgolli bashqa. Boshinne tushse bilesen, `shge ch`qsun (Forish)
Yana: xesh – tavar ( Samarqand - Buxoro) urug’-eymoq ( Kattaqo’rg’on - Payshanba), chol – buva (Pop), a: lat – ajdat (o’g’uz).
Birikmali ma`nodosh so’zlar uchrab turadi. Misol: qashqara. Ma`nodosh so’zlar ushbuShevalarda, asosan, ikki yo’l bilan hosil bo’lgan:
1. So’zlarning ma`no jihatidan bir – biriga o’xshash va yaqinlashuvi natijasida. Masalan, dos // ag’ayni// jore// qadrdan// orteq (qipchoq), uy// xone // kvert`re, duxt`r// vrech// tev`p (qorluq – chigil - uyg’ur) kabi.
2. Boshqa tillardan shevalarga so’zlarning o’tishi natijasida arabcha, forscha, tojikcha, ruscha, so’zlar va shevalarda so’zlashuvchi aholining leksikasidagi so’zlar bilan bir yoki yaqin ma`noda juft holda ishlatilib, ma`nodoshlik munosabatiga kirishgan. Masalan, kuch// qudrat, godek// chaqalaq, esker// sollat (qipchoq), jedvel // tebl`tse ( qorluq – chigil - uyg’ur).Shaxrisabz shevasidagi yelke// kip, tekis// revon, boboy// chol// moysapit ma`nodosh so’zlarni o’zida aks ettiruvchi so’zlar bir – birlari bilan ma`lum darajada uslubiy maqsad va ma`no nozikliklari bilan farqlanib turishini qayd etish mumkin.
Umuman ma`nodosh so’zlarni tashkil etishda son va olmosh qatnashmaydi (ba`zan olmoshlarda bu holni kuzatish mumkin), yordam chi so’zlar esa, asosan uslubiy qimmatga ega bo’ladi.
Bu xususiyat turli shevalarda so’zlashuvchi ko’pchilik uchun xos bo’lsa - da, ayrim hollarda adabiy tilni yaxshi egallagan kishilar nutqida ham bunday hollar vaqti - vaqti bilan yuz berib turadi. Bunday hollardan qutulish har qanday madaniy kishining vazifasidir. Chunki tilning tozaligi, uning sofligi, ma`no jihatidan ko’rish til madaniyati uchun kurashdir. Chunki bir tilning madaniyatining mukammalligi qadimiy ona tilimiz, ko’p asrlik madaniyatimiz, tarixiy taraqqiyotimiz, ko’p qirrali va jozibali san`atimizni ko’z – ko’z qiluvchi yagona o’lchovlarning asosidir.
Shunday ekan, so’z va atamalardan to’g’ri va o’rinli foydalanish, ularning tub mohiyatini chuqur tushungan holda qo’llash hamda ochib berish burchimizdir. So’z va so’z ma’nolarini bilib ishlatmaslik ko’pgina yuzakiliklarni, hatto chalkashliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shunday qilib, ma`nodosh so’zlar o’zbek shevalari materiallarida kattagina qismini tashkil etadi va turli ma`nolarni ifodalash uchun material bo’lib xizmat qiladi. Shevalardagi ma`nodosh so’zlarni atroflicha o’rganish o’zbek adabiy tilining boyib va rivojlanib borishiga ijobiy ta`sir ko’rsatadi.
Shakldosh so’zlar
Tildagi shakldosh so’zlar ko’pgina olimlarning diqqatini tortgan qiziqarli leksik qatlamlardan sanaladi. U adabiy tilni, jumladan, badiiy asar tilini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Tilshunoslikda shakldoshlik masalasiga baho berishda ikki xil qarash mavjuddir. Ba`zi olimlar shakldoshlikni ijobiy baholasalar, ba`zilar unga qarshi «urush» elon qilishadi. Biz birinchi fikr tarafdorimiz va uni to’laligicha qo’llab - quvvatlaymiz. Chunki shakldosh so’zlarga ijodiy yondoshish tilshunoslikdagi bir – bir to’g’ri yo’ldir.Buni tilimizning tarixiy taraqqiyot yo’llarini belgilovchi yodgorliklar ham to’la tasdiqlaydi.Ayniqsa, Alisher Navoiy va uning zamondoshlarining asarlari bu sohada yuksak namunadir.
Agar turkiy tillar tarixiy taraqqiyotiga nazar solinsa, tilda ularning hosil bo’lishi umumiy leksika qonuniyatlaridan biri ekanligi ma`lum bo’ladi. Demak, shakldosh so’zlarning mavjudligi tilning so’z jihatidan, ayrim kishilar uylagandek, kambag’alligini ko’rsatmasdan, balki ular tilni boyitish, yangi so’zlar yasash uchun baza bo’lib xizmat qiladi.
O’zbek tili shakldosh so’zlarga nihoyatda boy. Tilimizning bu xususiyati adabiyotda yangi janr – tuyuk janrining yuzaga kelishiga sabab bo’lgan. Shakldoshlik so’zlar aytilishi va eshitilishi bir xil, ammo ma`nolarning boshqa – boshqa bo’lganligi tufayli jumla ichida aniqlanadi va uning xilma – xilligini ta`minlashga xizmat qiladi.
O’zbek tili lahja va shevalarida shakldosh so’zlarning o’zaro ma`nolarini farqlash, ularning vujudga kelishi va ma`nolari o’ziga xos xususiyatga ega. Bundagi o’ziga xos xususiyatlardan biri shuki,shevalarda u yoki bu omonim adabiy tildagiga nisbatan ko’proq ma`nolarga ega. Masalan, ich so’zi adabiy tilda ikki xil ma`noda qo’llansa, qipchoq shevalarida besh xil ma`noda keladi: ich (uch - son), ich (biror narsanig ichi), ich (ichmoq), ich - a`zo, qorin ma`nolarida qo’llaniladi. Yoki qirq so’zini olib ko’raylik: qirq (fe`l) qirq (marxum o’lgan kuniga qirq kun to’lgan kun, marosim) qirq (urug’ning nomi) kabi.
Lahjalardagi shakldoshlik so’zlarning adabiy tilda uchrashishi va uchrashmasligi nuqtayi nazaridan ularni ikki guruhga bo’lish mumkin:
Adabiy tilda va lahjalarda uchrovchi shakldosh so’zlar. Adabiy tilda: oyoq, bosh, ko’z, bet, yoz, ko’k, qanot kabilar. Masalan, odamning oyog’i, stolning oyog’i, karovotning oyog’i; odamning ko’zi, buloqning ko’zi, derazaning ko’zi; odamning boshi, ishning boshi, suvning boshi, ernig boshi va h. k.
Qipchoq hevalarida: ayag’, bash, koz, bet, kok, qanat, adamdi ayag’i, usteldi ayag’i, kerevetti ayag’i, qo’shti ayag’i, bo’lakti kozi, tirezeni kozi, adamdi bashi, suvdi bashi, yerdi bashi singari.
O’zbek shevalari uchun xos bo’lgan shakldosh so’zlar. qorluq – chigil – uyg’ur lahjasida: choro`// chersu so’zi Farg’ona, Qarnob va Qorabuloq shevalarida adabiy tilda belbog’ so’zi o’rnida keladi. Masalan, Nev` chors`n` el`b keld`, chors`n` bel`ge ma`nosini bildiradi. Masalan, Chorsuga odam kep edi. Chorsu Registonga kabi.Yana quyidagilarga diqqat kiling: morcha – chumoli ( Samarqand – Buxoro shevalarida), oye ( Kattaqo’rg’on va Payshanba shevalarida), Namangan, Chartoq O’sh kabi shevalarda oye eye so’zi o’qituvchi umuman xotin – qizlarga murojaat qilganda qo’llaniladi: oyemle ekzem`nn` ette etgemen d`d`le oye, kentten b`em k`lots: t`p be`n kabi.Shot` so’zi Toshkent shevasida aravaning bir qismi, Farg’ona shevasida narvon, toke so’zi ko’pgina o’zbek shevalarida qipchoqda bosh kiyimi, ya`ni duppi ma`nosida kelsa, Qarnob shevasida u yostiq ma`nosida qo’llaniladi, «pochche» so’zi o’zbek adabiy tili va ayrim o’zbek shevalarida «kuyov», «pochcha» deb ishlatilsa, Qarnob shevasida «aka», «amaki» ma`nosini bildiradi.
O’g’uz lahjasida belkurak – odamlar ishlatadigan ish quroli (lopata), toy – otning bolasi va biror narsani taxt qilib, jamlab quyish. Qilish – kishi nomi, atoqli ot, qurol, turdosh ot; Alma – kishining nomi, atokli ot, mevaning nomi, turdosh ot va buyruq fe`li ma`nolarida qo’llanilib, omonimiyani tashkil etadi. Bu so’zlar boshqa o’zbek shevalarida ham xuddi shunday yoki shunga o’xshash ma`nolarda ishlatiladi.
Bu guruhga kiruvchi omonimlar asosan ikki undosh tovushning bir tovush bilan talaffuz qilinishi, ya`ni fonetik o’zgarish muhim ahamiyatga ega bo’ladi.
O’zbek lahja va shevalarida shakldosh so’zlar ikki yo’l bilan, ya`ni birinchidan, o’z ichki taraqqiyot qonunlari asosida, o’z imkoniyatlari bilan va ikkinchidan, boshqa tildan o’tgan so’zlarning shevalardagi so’zlar bilan omonimik munosabatga kirishuvi natijasida vujudga kelgan.
Shakldosh so’zlar asosan quyidagi usullar bilan paydo bo’ladi:
Fonetik o’zgarishlar natijasida: dayra – doira, daryo (qipchoq), deyro yokes` – daryo yokasi – kifti ob ( qorluq-chigil- uyg’ur), k`tep – o’quv quroli, kitob ( qorluq-chigil-uyg’ur), Kitep – joyning nomi, atokli ot (qipchoq).
So’z ma`nolarining taraqqiyoti zaminida kun, quyosh, bir sutkaning yarmi (qipchoq), yoldosh – hamroh, suhbatdosh, kosmik kema, erning yo’ldoshi ( qorluq-chigil- uyg’ur) kabi.
Shuningdek, oy, ashiq, ot, bel, qalay kabi ham o’zbek lahjalarining har birida shakldoshlik xususiyatiga ega bo’ladi.
Boshqa tillardan o’zlashtirilgan so’zlarning mos kelishi tufayli, ular ko’proq rus tilidan o’zlashtirilgan aloqador bo’lib, ular shevalar fonetikasiga buysundirilgan holda talaffuz etiladi. Bunday shakldoshlarga misol sifatida quyidagi misollarni keltirish mumkin. Masalan, qorluq-chigil- uyg’ur lahjasida: tok (elektr toki, o’simlik nomi), tol (tal, daraxt, «tolmoq» fe`lining ikkinchi shaxs birligi, imoratlar uchun ishlatiladigan qog’oz), tam (uy, kitoblar tomi - jild) kabi.
So’zlarning o’zak va negizlariga turli xil qo’shimchalar qo’shilishi orqali. Bunday shakldoshlarda urg’u ma`no anglatuvchilik rolini uynaydi.
Shakldosh so’zlar muhim leksik-uslubiy vosita bo’lib, ular yordamida chiroyli so’z o’yinlari yuzaga keladi. Bunday holat yozma adabiyotda ham og’zaki nutqda ham tez-tez uchrab turadi. Buning dalili sifatida Samarqand viloyatidagi qipchoq lahjasining vakili, xalq og’zaki ijodining mashhur namoyondasi Fozil Yo’ldosh ug’lidan keltirilgan tuyuqni ko’ramiz:
Qolindan keguncha chikar yaxshi at,
Yaxshilik qi, balam, jamanlikdi at.
Nesiyetim yot qibal, parzantim,
Yalg’iz yurse nam chiqarmas yaxshi at.
Shuni aytish kerakki, o’zbek adabiy tilidagi va boshqa qator o’zbek shevalaridagi shakldosh so’zlarning aksariyati qipchoq shevalarida bunday xususiyatlarga ega bo’lmaydi. Bu esa unlilar uyg’unligi hodisasi bilan chambarchas bog’liqdir. Masalan, ot (o’t) so’zi alanga, olov va tirik organizmdagi o’t ma`nolarida kelib, ot deb ikki xil ko’rinishda qo’llanadi.
Ko’p ma`noli so’zlar.
Ko’p ma`nolililk o’zbek tili leksikasining o’ziga xos belgilaridan biridir. Asosan, o’zbekcha so’zlar ko’p ma`noli xususiyatga ega bo’ladi.Chunki bunday so’zlar hayotimizda uzoq yillar davomida ko’p qo’llana berib,Shu holatga kelib qolgandir. Muhim ilmiy-nazariy fikrlar aytilib o’tilgan o’zbek adabiy tilidagi bosh, yuz, ko’z, oyok, qanot, bel, til, burun, lab kabilar lahja va shevalar materialida ham turli ko’rinshlarda qo’llaniladi va ko’p ma`nolik xususiyatga ega bo’ladi. Masalan, bash, koz, ayak, qanat, bel, til, murun, leb kabi.
So’zlarning ko’p ma`nolilik holati, asosan, gap ichida namoyon bo’ladi. alohida olib qaralganda, monosemantik xususiyat yoki o’z ma`no yaqinligiga ega bo’ladi. Har bir so’z, odatda, ma`lum narsa, belgi kabilarning atamasi sifatida paydo bo’ladi,so’ngra u boshqa turdagi narsa, belgilarga tadbik qilinadi. Natijada so’zning leksik ma`nosida siljish yuz beradi.
Qipchoq shevalarida: oziyem bash dep kedini koterip jurgeneken-de, uni ekinChi birgetke bashliq qip qoydi; bir bash juzum, jezzem ishti kozini biledi, bul kozli kundey ken, uzukti kozi tuship kapti kabi.
Ko’p ma`nolilik hodisasi vokelikdagi bir narsa buyum xususiyatini, nomini boshqasiga ko’chirish, o’tkazish orqali sodir bo’ladi. Nomini ko’chirish quyidagi holatlar natijasida yuz beradi. Bu o’xshashlik asosida yuzaga keladi. O’xshashlik shakli, rangi, ichki xususiyati va sifati tomonidan bo’lishi mumkin, masalan, chekmek, suvga chegipti (suvga cho’kupti). Eshmet chog’ipti (qarib qolibdi) kabi.
Bog’likliq asosida paydo bo’ladi. Bog’liqlik vaqt, payt, makon va mantiq nuqtayi nazaridan yuzaga keladi. Masalan, uchmak>ushmak: qush ushti, semelo’t ushti, xelginchek ushti kabi.
Nomini ko’chirish vazifasi jihatidan. Masalan, bash: insandin bashi, suvdin bashi; qanat: qushtin qanati uzilip tushti, semelo’tti qanati mekkem // mekkem ishlennen; lev: adamdi levi, xovizdi levi, arakti levi, saydi levi kabi. So’z ma`nolarining yaqinlashishi natijasida ko’p ma`nolilik hosil qiladi:til; tili chuchi, tilini biladi kabi.
Ko’p ma`noli so’zlarning qanday shaklda bo’lishi va qaysi yo’l bilan yuzaga kelishdan qat`i nazar, ularning har birida asosiy boshlang’ich ma`no, asl ma`nosi mavjud bo’ladi.Shu ma`no asosida boshqa ma`nolar kelib chikadi. Buni uchmoq so’zi misolida ko’rish mumkin. Uning ma`nosi qanot silkish bilan havoda harakatlanish sanaladi. Bu ma`no qushlarga qarata aytilgan bo’lib, keyinchalik uning ma`nosi o’zgarib va taraqqiy etib borgan. Natijada parrandadan boshqa narsa-buyum va hodisalarga tadbiq etila borgan. Afsonalardan esa uchmak so’zining otga (ucher at – tez chopar ma`nosida), gilamga (ucher gilem), samolyotga (semelo’t uchip ketti), er yo’ldoshiga (jerdin joldashi uchti) ko’chirilganini ko’rsatish mumkin.
Demak, uchishlarning hammasi hozirgi vaqtda umumiy bo’lgan ma`noni bildiradi. Lekin baribir qushning uchishi birinchi harakat, samolyot va erning yo’ldoshi kabilarning uchishi esa keyingi harakat hisoblanadi.
Ma`no taraqqiyoti tufayli uchip ketti (tez boradi ma`nosida), xelginchak uchmaq kabi qator ma`nolar yuzaga kelganligini ko’rsatib o’tish kifoyadir.
Ko’p ma`nolilik sohasidagi o’ziga xos namunalarni qorluq-chigil- uyg’ur shevalaridan tik so’zini keltirish mumkin. Jumladan, Shahrisabz, Kitob shevalarida adabiy tildagi asl ma`nosi bilan bir qatorda kishilarning buyiga ishlatilib, uning uzunligini balandligini anglatadi: Xelim metten tikrog’.Shuningdek «choynak» so’zini ham olish mumkin, suyuqlik soladigan idish va simyog’ochlardagi chinnidan qilingan izolyatorlarni ham choyn`k deb qo’llaniladi.
Yoki Toshkent shevasida t`l so’zining qo’llanilishini olib ko’raylik. T`l – kishi yoki hayvon organizmining nomi, t`l – ikkinchi shaxs birlik shakldosh buyruq fe`li, t`l top`sh – kelishilish, t`lden qol`sh – kasallikning og’irlashishi natijasida gapira olmay qolishi, t`l`n` b`l`sh – biror sohada yaxshi, mukammal tushunchaga ega bo’lish.
So’zlarning ko’p ma`noliligi o’g’uz lahjasida ham qo’llaniladi: xu: rlika kaptar volip uchib (p) geledi-de, bir silkinib adam voladi. Navi dusan, it kustagda bit qistag eteverme, qirsildab uchib gursildeb chushkiysan (kargish ma`nosida).
O’zining xususiyatlari va ma`nosi bilan ko’p ma`noli shakldosh so’zlarga yaqin va o’xshashdir. Lekin ularni ajratib turadigan farqlar ham mavjud. Bunday farqlarning asosiylaridan biri so’z ma`nolarining ichki bog’lanishga egaligi yoki ega emasligidir. Agar so’zlar o’zaro bir-birlari bilan ichki bog’lanishga ega bo’lsa, ko’p ma`noli hisoblanadi bash, tish, koz, til, yer kabilar. Aksincha, ularning ma`nolari bir-biri bilan ichki bog’lanishga ega bo’lsa,shakldosh sanaladi: at, juz, tur, yosh, och kabi.
Zid ma`noli so’zlar
Lahja va sheva materiallaridagi leksika ham ma`lum o’rinni egallaydi. Bu so’zlar ma`nolari jihatidan bir- birlariga qarama – qarshi bo’lgan tushunchalarni ifodalovchi so’zlardan tashkil topgan bo’lib, narsa, hodisa va ularning belgilarini solishtirib ko’rish, bir – birga qarama – qarshi ko’rsatish, fikrlarni ta`sirchan ifodalash vazifalarini bajaradi. Zid ma`noli so’zlar lahja va shevalarda ham bir – biriga qarama – qarshi tushunchalar birligini ifoda etish bilan uslubiy vosita sifatida qo’llanadi.
Qorluq – chigil – uyg’ur lahjasi materiallarida: yexsh` – yomon; kel`n – yuke: uzun - k`ske; oz – kop, dos – dushman; togriu – egr`; boy – kembegel;sh`r`n – achch`k; sem`z – ar`k; kunduz – kecha; xursadl`k – xeyepelik
Namunalar: yosh kel`se `shke, ker` kelse oshge, degen ote – buvelerm`zn nekl` (gep`) bo: oxshem kel`n kor yogd`, k o’z mexeller` kunduz` `ss`q, keches` sovuq bop tured` ( Kattaqo’rg’on ,Payshanba).
O’g’uz lahjasida: suji – aji, oq – qara, yaxshi – yaman, alis – yaqin, ulli – genje, kari – yosh, uzun – qisqa.
Misolar: aji bilen sujini datkam biledi, alis bilen yakinni yurem biledi, aji volipti, bashimda rolmalim eylen, gulleri boshim eylentirdi suji tillari.
Qipchoq lahjasida: kette – kichchi: qalin – qilamik, belen (t) – pes: keche – kunduz achchi – chuchchi: alis – jaqin, uzun – qisqi, issiq – suvuq, kunchig’ish – kunbatish: qatti – bosh.
Misollar: uni qoli balan keldi biyil hava pes – boldi, kar kalin javupti, kilamik qirav tushken va boshqalar.
Juft holda qo’llanilib, qarama – qarshi ma`noli so’zlar umumiy bir tushuncha va tasavvurni ham ifodalab keladi. Bunday holda bir so’zdek qo’llaniladi. Zid ma`noli so’zlardagi bunday xususiyatlar ulardagi so’zlarning ko’chma ma`noda qo’llanishi bilan izohlanadi.
Qipchoq guruhi shevalarida ham bu xususiyat yaqqol ko’zga tashlanib turadi: belen – pes geperme – uylab gapir, yaxshi gapir kishin – jazin ishler edik – yil buyi ishlar edik erte kesh xabar aliptur//aptur – har doim xabar olib tur, issiq – suviq kildiripti – dori – darmon bilan davolanibdi, berdi – keldimiz o’zildi – aloqamiz uzildi.
Zid ma`noli so’zlar kategoriya sifatida katta ahamiyatga egadir. Ularni ko’proq qo’llash borasida shevalar, jumladan, qipchoq shevalarining o’rni kattadir.
Eski so’zlar
So’z ifodalaydigan buyum va tushuncha hayotda yuqolishi bilan, so’zning o’zi ham asta – sekin uno’tila boradi, ya`ni eskirib qoladi. eskirgan so’zlar ikki turda bo’ladi; qadimiy so’zlar, tarixiy so’zlar
Qadimiy so’zlar. Qadimiy so’zlarning hozirgi vaqtda faol so’zlar qatoridagi shakldoshlari ham mavjud bo’ladi. Bunda hozirgi hayotda mavjud bo’lgan narsani anglatadigan kamida ikki so’z bo’lib, biri faol qo’llaniladi, boshqasi esa eskirib qolgan so’z bo’lganligi uchun, ayrim uslubiy maqsadlar – tarixiy davrni to’la tasvirlab berish, o’sha davrni ochib berishda nutqka ko’tarinki ruh bag’ishlash kabi maqsadlar uchun ishlatiladi. Masalan, adabiy tilimizidagi so’zlar o’zbek lahja va shevalarida ham turlicha shakllarda ishlatiladi: g’ovo – g’ovot – g’ovovot – (urush);Shoro – qishloq kengashi raisi; erch – aravaning bir qismi shoti; tovushxon – quyon, tosken – qung’iroq; tokke – do’ppi; chorsu – belbog’ (Qarnob shevasida).
Bunday so’zlarning lug’at birligi biror jihatdan eskirib, o’z o’rnini boshqa bir lug’at birligiga bo’shata borishi natijasida paydo bo’ladi. Bu – jarayonning voqe bo’lishiga, turli – tuman sabablarga olib keladi.
Shuni aytish kerakki, ba`zan ijtimoiy taraqqiyoti va tarixiy sharoit davrida ayrim so’zlarning ma`nolari bir – birlariga juda yaqin yoki bir necha vaqt ularning ma`nolari bir xil bo’lib qoladi. Lekin bunday hollarda ma`nolari bir xil bo’lib qolgan, so’zlarning biri iste`moldan chiqib ketadi. Masalan, inqilap va revelo’tsiye,shora va sevet, muhr va pechet, deklet kabi so’zlar bir xil ma`noni ifoda qilganlari holda qo’llanib kelinadi. So’ngra 90 – yillargacha revelo’tsiye, sevit, pechet, deklet so’zlari deyarli shakldosh so’zlar sifatida qo’llanadigan bo’lib qoldi.Shora, inqilap, muhr so’zlari o’zbek tilining faol so’z boyligidan chiqib ketdi va ma`lum davrda eskirgan so’zlarga aylanib qoldi. Hozirgi paytda esa, aksincha, 90 – yillargacha eskirgan so’zlar qatoridagi so’zlar yana faollashib ketdi. Demak, majburiylik siyosati ham, vaqtincha bo’lsa-da tilning lug’at boyligiga ta`sir etar ekan.
Tarixiy so’zlar o’tmishda mavjud bo’lgan narsa va tushunchalarning nomini bildirgan, ammo hozir eskirib qolgan tilimizda ishlatilmay qolgan so’zlar hisoblanadi. Chunki jamiyatda ilm – fan, madaniyat, san`at, adabiyot kabilarning taraqqiyoti, umuman hayot talabi bilan bog’liq o’zgarishlarni aks ettirish vazifasini ado eta olmagan so’zlar iste`moldan chiqib keta boshlaydi. Bunday so’zlar o’rnini esa yaqin so’zlar va tushunchalar egallaydi.
Tarixiy so’zlar yo’q bo’lib ketgan narsa – hodisa va tushunchalarni ifodalash uchun ishlatiladi. Chunki hozirgi o’zbek adabiy tilida ularning shakldoshlari bo’lmagan, Masalan, klz`, demle, rey`s, elem, mup`, `mom (Qarnob shevasi) so’zlari eskirib qolib, ishlatishdan chiqib ketgan. Bunday so’zlarning ba`zi birlari esa yangi ma`noga ega bo’lgan. Masalan, ilgarigi vaqtda odamlar orasida musulmon dinining qonun – qoidalirini targ’ib qiluvchi kishi demelle (qipchoq), domullo – domle (Toshkent, Qarnob, Samarqand, Kattaqo’rg’on) deb ishlatilgan va adabiy tilda domla deb bir muncha olinadigan bo’lgan.Shunday qilib, domle shaklida bu so’z hozirgi paytda fanning ma`lum bir sohasini egallagan mutaxassis olim, ilmiy xodim va ba`zan o’rta maktabda dars beruvchi o’qituvchi ma`nolarida qo’llaniladi.
Tarixiy so’zlar o’zi anglatgan voqe`likning yagona atamasi bo’lib, hozirgi vaqtda lahja va shevalarda ham, adabiy tilda ham, o’sha narsani tushunchani, dunyoqarashni aniq anglatuvchi so’z hozirgi davrda bo’lmagan, o’tmishni tasvirlashda tarixiy so’zlarga murojaat qilish o’z –o’zidan zarur bo’lib qoladi. Bunday holni turli lahja va shevalardan yozib olingan tarixiy namunalarda ochik ko’rish mumkin. Shoir-yozuvchilarimizning tarixiy asarlarida ham istorizmlarni ham ko’plab uchratamiz. Buni ochiqroq tasavvur etish uchun A. Qodiriyning «Mehrobdan chayon», O’tgan kunlar», Oybekning «Qutlug’ qon», S. Ayniyning «Qullar», G’. G’ulomning «Ko’kan» kabi asarlarini misol qilish mumkin.
Yangi so’zlar
Yangi so’zlar tilda paydo bo’lgan yangi so’z yangilik bo’yog’i hisoblanadi. Jamiyatda, hayotda bo’layotgan o’zgarishlar, yangi voqea – hodisalar fan va texnika, san`at iqtisod, qishloq xo’jaligi sohasidagi yangiliklar yangi so’z va tushunchalarni ham maydonga keltiradi. Bunday so’zlar har bir tilda jumladan, o’zbek tilida va uning lahja hamda shevalarida ham o’z so’z boyligi asosida yuzaga keladi. Yangi so’zlar deb atash nisbiy tushuncha bo’lib, ma`lum vaqt ichida davrda paydo bo’lgan so’zlar faqat o’sha davr sharoitida yangi so’z hisoblanadi, ma`lum vaqtdan so’ng esa o’zidagi ana shunday xususiyatni yo’qotadi. Masalan, shanbalik, aeroplan, yo’qsil, sho’ro, kolxoz, sovxoz so’zlari 20 – yillarda; 5-yillik, shpal, seyalka 30 – yillarda; staxanovchi, traktor, mashina 30- yillarida; katyusha, raketa, front orqasi kabi so’zlar 40 – yillarda; cho’lquvarlar, ko’p ko’p mingkilogrammchi, vizit, cho’l lochini, zangori kema, havo kemasi, dala malikasi va boshqalar 50 – yillarda; kosmonavt, kosmodrom, zangori ekran singarilar 60 – yillarda yangi so’zlar sifatida qabul qilingan va o’sha davrlar uchun neologizm vazifasini bajargan edi. Hozirgi vaqtda ularning aksariyati odatdagi zamonaviy so’zlarga aylandi, hatto, bir qismi eskirib ham qoldi.
Yuqoridagi sabablarga ko’ra, turli davrlarda yozib olingan shevashunoslik materiallarini aniqlash apcha murakkabdir. Ularni belgilashda yana u yoki bu so’zning paydo bo’lgan materialining yozib olingan vaqti alohida hisobga olinishi zarur. Masalan, 10 – yillar uchun poyiz (poyezd), mardikor zavo’t, fabrika, ishChi singarilar yangi so’z hisoblanadi: Maskav tomon mardikorlikka yubordilar, bizardi zavo’tga ishlaysan deb bir joyga etip qoydi ( Samarqand).
Diputat, saylov, agintpunkt kabilar 30 – yillar uchun yangi so’zlar hisoblanardi.
Ayrim qishloq shevalari uchun semelyut, depeletsiye, zanori keme kabilar hozirgi vaqtda ham yangi so’zlar qatoriga kirishi mumkin.
Xuddi yuqoridagi o’xshash misollarni o’g’uz shevalaridan ham keltirish mumkin;
Ulli yoldan gelishinnin aynaniyi
Velesipit minishinni aylanaiyi . (Shovot)
Baxmal kastinimni chelde qoyaman,
Her gun min metire chapik uraman. (Qo’shko’pir)
Birisi isapchi, biri tevilchi,
Isapchidin tevilchisi zor hiqar. (Qo’shko’pir)
Tabu va efemizmlar
Ma`lumki hozirgi tilimizda ishlatiladigan evfemizmistik so’z va iboralarning ildizi ma`no jihatidan eng qadimgi davrlarga borib takaladi. evfemizmlar eng qadimgi ibtidoiy odamlar tilida bo’lgan va hozir ham ayrim qoldiqlari saqlanib qolgan tabu hodisasi bilan bog’liq holda yuzaga kelgan.
Evfemizm ibtidoiy xalqlarning diniy taqiqlar (tabular), jumladan, til tabulari bilan, ya`ni ibtidoiy kishilarning diniy taqiqlarga asoslangan va shunga binoan ayrim so’zlarni talaffuz etish qo’rqinchli bo’lgan hodisalar bilan bog’liqdir.
Bu etnografiyada xalqlarning urf – odatlarida taqiq etilishi sistemasini anglatuvchi atama sifatida qabul qilingan. Ammo tilshunoslikda bu atama urf – odat natijasida qo’llanishi mumkin bo’lmagan, aytib bo’lmaydigan diniy tushuncha so’zlarini bildiradigan atamalardir.
Tabu etnografik atama bo’lib, Poleniziya xalqlari orasida bid`at, irim sifatida namoyon bo’lib kelgan. Umuman aytganda, tabu – taqiq, qo’l tegizib bo’lmaydigan demakdir.
Tabu so’zi ayrim vaqtlarda qarama – qarshi ma`noga, ya`ni «la`nat», «qarg’ish» kabi ma`nolarga ham ega bo’lish mumkin. Bu ikki xil ma`noda ishlatiladi. Birinchi ma`nosida, u jamiyatda ba`zi bir narsalar harakatlarni man etishni ifodalasa, ikkinchi ma`nosida lingvistik atama sifatida tilda ba`zi bir so’zlarni ma`lum sharoitlarda man qilish hodisasini ifodalaydi.
Tabu so’zlarining kelib chiqishida u yoki bu xalqning iqtisodiy sharoiti, urf – odatlari, e`tiqodining ahamiyati katta bo’lganligini ta`kidlaydi. Masalan, Hali fan texnika rivojlanmagan jamiyat taraqqiyotining dastlabki davrlarida, to’g’rirog’i, ibtidoiy jamoa va feodalizm davrida ba`zi xalqlar jin, arvoh va shunga o’xshash ilohiylashtirilgan narsalarga ishonish juda kuchli bo’lgan. Bunday xalqlar jin va arvohlarga yaqin bo’lgan shaxs yoki narsa – buyumlarni tilga olmasa, ulardan salanish mumkin, aks holda boshiga ko’p balolar, ofatlar yopiriladi, arvoh va jinlar urib ketadi, deb uylaganlar.Shuning natijasida yarim ilohiy sanalgan qabila boshliqlari o’lgandan keyin ularning shaxsiy narsalariga tegish, ularning nomini tilga olish qat`iyan man etilgan.
Tabu hodisasi qipchoq shevalarida ham qadim zamonlardan uchrab turadi. Ayrim yirtqich hayvonlarning nomini tilga olish (aksar xoda kechalari) man etilgan. Qariyalar bu narsani quyidagicha izohlaydilar. Ularning aytishlaricha, agar bunday hayvonlarning nomi tilga olinsa, ular zarar etkazishi mumkin emish. Masalan, «bo’ri» so’zini kechalari aytish man etilgan. Aftidan, xalqimizning o’rtasida tez – tez ishlatilib, turiladigan bo’rini yo’klasang, qulog’i ko’rinadi, degan maqol dastlab shu tabu hodisasining natijasi o’laroq vujudga kelgan bo’lsa kerak yoki kechalari ayniqsa, yotish oldidan qipchoq lahjasida so’zlashuvchi qishloqlarda «ilon» so’zini aytish tamom ila man qilingan. Agar bu nom tilga olinsa ilon qo’yninga kirib chiqishi, chaqishi mumkin emish. Bordi – yu, buvi nevarasiga ertak aytib berayotgan bo’lib, «ilon» so’zini aytish extiyoji tug’ilib qolsa, «ilon» demasdan, uning o’rniga «apg’amcha», «qamchi dasta yoki chilvir, chilbir» ramziy ma`noda qo’llanib, ilonga o’xshab ketishligi sababli shu so’z vujudga kelgan. Bunday tabu so’zlarda «chayon», «uvullak» kabilarni ham misol keltirish mumkin.
Tabu so’zlar oilada er – xotin, qaynona – kelin o’rtasida ham har qadamda uchrab turadi. Ma`lumki, musulmon sharqida xotinlarning erlarini o’z ismlari bilan chaqirish man etilgan. Chunki o’z ismi bilan chaqirish erga nisbatan hurmatsizlikni bildiradi, deb hisoblangan. Oqibatda, tabu so’z vujudga kelib, xotinlar erini o’z katta bolalarining nomi bilan atab chaqirganlar.
Bu hol urf – odatga aylanib ketgan. Kelinchaklar erini «enamning uli», «bayim», «erim» chaqiradilar, murojaat qiladilar. Yoshi keksalik sari yuz to’tgach, «chalim» deb ataydilar. So’nggi yillarda «xo’jaynim» deb qo’llash hollari uchraydi.
Erlar esa o’rta yosh paytlarida «xatin» deb chaqirgan bo’lsa, ayrim vaqtlarda «xonim», «enasi» deyish hollari ham uchrab turadi. Ko’p vaqtlarda ug’li yoki qizining ismi bilan chaqirish hollari mavjud. Yoshi qarilik sari qadam qo’ygach, esa «kampir» deb chaqiradilar.
Kelin bo’lib tushgan qiz oilaning a`zolari nomini atamaydi. O’zidan katta erkaklarni aka, qaynog’a deb ataydilar. Kichiklarga esa uka, ini, qayn beka deb murojaat etadilar.
Shuningdek, kuyovning ota – onasi qaynota, qaynona deb ataydilar.
Ba`zi hollar ham uchrab turadi, ya`ni boshqa bir kishining bolasining ismi biror ayol erining ismi bilan otdosh bo’lsa, uni begim, to’ram deb chaqiradi.
Qarluq – chigil - uyg’ur lahjasida ham tabu so’zlarning uchrashini ko’ramiz. Bu shevalarda ham qipchoq shevalariga o’xshash ba`zi nomlarni boshqacha atash mavjud. Masalan, ergemch` (ilon), adasi, qaynona, xotin, biyi, kempir, kennoy`, domot, pochcha kabilar.
Misollar: biyisi, buyax qara, mehmonla keldila ( Samarqand), edes`kevottila (Toshkent), Ey xotin, mang bir oz non topib be: ( Urgut) va boshqalar.
O’g’uz lahjasi materiallarida ham tabuning qo’llanishi o’g’uz lahjasi materiallarida ham uchrab turadi: buyun erim ba: sem meni, hech sennen qorqmayman, hava diydixatini kabi.
Evfemizmlarning tilimiz lug’at tarkibini boyitishda, so’z ma`nolarini kengaytirishda, so’zlardan turli uslubiy maqsadlarda foydalanishda katta ahamiyatga egadir. Evfemizmlardan foydalanishning ahamiyati shundaki, shoir va yozuvchilarimiz, umuman so’z san`atkorlari ular orqali chiroyli uslubiy holatlarni yuzaga keltiradi. Bundan tashqari, evfemizmlardan foydalanish nutq madaniyatini o’stirishga yordam beradi. Chunki hozirgi davrning eng dolzarb masalalaridan biri nutq madaniyatidir. Usiz tafakkur madaniyati ham bo’lmaydi.
Demak, evfemizmlar masalasi so’z ma`nolarining kengayishi, boyishi va ma`no taraqqiyoti, so’z hosil qilinishi bilan lug’at boyligi hamda ulardagi o’zgarishlar bilan bog’liq bo’lsa, ikkinchidan, madaniy nutq so’zlash uslubi sifatida nutq madaniyati vazifasi bilan ham bog’liq hodisadir.
«Evfemizm» so’zining lug’aviy ma`nosi yaxshi gapiraman, xushmuomalalik bilan gapiraman, bir narsa yoki hodisa to’g’risida yumshoq, silliqlab va pardalab gapiraman degan ma`noni bildiradi. Tilda evfemizmlarning paydo bo’lishi ma`lum sabablarga bog’liqdir. evfemizm, aftidan, so’zlarni ishlatilishdagi ta`sir doirasi (darajasi) qonuning natijasi o’laroq vujudga kelgan bo’lishi mumkin. Biz bu erda so’zlarning ta`sir etish doirasi deganda, ma`lum darajada ijobiy ta`sir etuvchi so’zlarni qo’llashni ko’zda tutamiz, keng ma`noda esa bu qonun qisman shakldoshlar, vul`garizmlar, evfemizmlarni ishlatishni ham o’z ichiga oladi.
Chunki har bir so’z o’zining ma`no nozikligiga egadir. Bunga atama kirmaydi.Shuning uchun ham, xalqimiz « so’zda so’zning farqi bor, o’ttiz ikki ma`no bor» deb bejiz aytmagan. Binobarin, nutqda mana shu leksik qatlam so’zlovchining ruhiy holati, fe`l – atvori va narsa – hodisalarga munosabati bilan bog’liq holda so’zlarni ishlatishni taqozo etadi. Demak, evfemizm har qanday vaziyatda, har kimga har narsaga nisbatan qo’llanilmaydi. Evfemizmlar badiiy adabiyotda muhim uslubiy vosita sifatida katta ahamiyat kasb etadi.Shuningdek, ba`zi fanlarda, masalan, tibbiyotda evfemizmlarni qo’llash faktlari tez – tez uchrab turadi.
Qipchoq shevalarida evfemizmlar ahloq – odob normalarini ifodalash. Madaniy so’zlash va hokazo sabablarga ko’ra qo’llanishini ko’ramiz. Masalan, «o’lish» «o’ldi» dilga xanjardek botadi. Bu sovuq xabarlarni kishilar shevalarda tamam bo’ldi – uzildi – jan berdi – kaza qildi – dunyadan otti – napayt boldi tarzdagi evfemizlar bilan ifoda etadilar. Bulardan napayt bodli, ko’pincha, bolalarga nisbatan ishlatiladi.
«Bo’g’oz bo’lmoq» birikmasi o’rnida lahja homilador bomoq – avur ayaqli bo’mak – avur jukli bomak – ekkat singari so’zlar ishlatiladi.
Quyidagi evfemizmlar ham tez – tez ishlatilib turadi: qojardi – badan qutuldi – jan illedi (tug’di); tabi joq – mazzasi joq (kasal); kuyovi, dostigdash – turmush ortag’i (xotini)
Evfemizmlar tuzilish jihatidan quyidagicha bo’ladi: 1. Yakka evfemizmlar. 2. Birikmali evfemizmlar.
Yakka evfemizmlar bitta so’zdan hosil bo’lgan evfemizmlardir: lapashang – bo’sh, uzuldi – o’ldi.
Birikmali evfemizmlar ikki yoki undan ortiq so’zlarning birikishidan hosil bo’ladi: xaqorat qildi – so’kdi, turmush o’rtog’i – xotini.
Evfemizmlar shakldoshlik qatorini ham tashkil etishi mumkin. Quyida biz qipchoq shevalarida uchratuvchi ba`zi evfemizm iboralariga misollar keltiramiz: nomusiga tegmoq. Bu ibora qizlarga zo’rlik qilingan paytda ishlatilib,shu majburlashni pardalash natijasida kelib chiqqandir. Tuyog’inni shiqillatib ko – bu ibora tur, yo’qol, bu erdan ket so’zlarining evfemistik ko’rinishidir: radiyosini koyip juvarmak – bu ibora so’zlovchining suhbatdoshi kamchiligi ochib tashlab, «sharmandangni chiqaraman» degan pisandasining evfemistik shaklga kirgan ko’rinishidir. Tipnakka//tinakka zar – bu ibora farzandsiz kishilarga nisbatan ishlatilib, bolasiz, bolasi yo’q ma`nolarida qo’llaniladi.
Shunday qilib, tabu va evfemizmlar o’zbek tilining bir qismi bo’lgan lahjalar va shevalar taraqqiyotining uzoq davom etgan natijasi bo’lib shevalarda hozirgi paytda tabularning yo’qolib borayotganligi ko’zga tashlansa, evfemizmlar ko’payib boryapti. Ular gaplarni chiroyli, silliq, ta`sirchan qilish borasida muhim ahamiyatga ega bo’lib, qalam ahli uchun ham umuman har bir madaniyatli kishi uchun ham muhim leksik uslubiy vosita vazifasini bajaradi.
Takrorlash uchun savollar:
1.O’zbek shevalarining lug’at tarkibi deganda nimani tushunasiz ?
2.O’zbek shevalaridagi dialektal so’zlar fonetik xususiyatlariga ko’ra qanday guruhlarga bo’linadi ?
3.Dialektal so’zlarni ma’no xususiyatlariga ko’ra qanday guruhlash mumkin ?
4.Shevada uchraydigan shakldosh so’zlarga misollar keltiring ?
5.Shevada ishlatiladigan ma’nodosh so’zlarning xususiyatlari haqida to’xtaling?
6.Tabu va evfemizmlarning shevada qo’llanish doirasi to’g’risida to’xtaling ?
7. O’zbek adabiy tilida uchramaydigan o’zlashma so’zlar haqida ma’lumot bering?
8.Fors-tojik tilidan o’zlashgan so’zlar haqida ma’lumot bering.
9.Rus tili va u orqali o’zga tillardan o’zlashgan so’zlarning sheva ta’siri.
10.Shevadan o’zbek adabiy tiliga so’zlarning o’zlashishi misollar orqali tushuntiring .
Tayanch tushunchalar :
Dialektal so’z – ma’lum shevagina xos bo’lgan so’z .
Shevalarning lug’at tarkibi – ma’lum bir shevadagi barcha so’zlar yig’indisi .
Jargon – ijtimoiy guruhlarning o’ziga xos so’zlari.masalan,tartibot, savdo xodimlari .
Leksik qatlam – tildagi (shevadagi) tub va o’zlashgan so’zlarning guruhlari
.
Dostları ilə paylaş: |