II. Moliyaviy siyosatning o‘ziga xos bo‘lgan eng asosiy xususiyati nima
Moliyaviy siyosatning o‘ziga xos bo‘lgan eng asosiy xususiyati shundan iboratki, bu siyosat mamlakat ishlab chiqaruvchi kuchlarining rivojlanishiga va iqtisodiy muvaffaqiyatlarga uzluksiz ravishda ta’sir ko‘rsatib turishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Bunday siyosat aholining turmush darajasi oshishini ta’minlab va davlat daromadlarining miqdorini ko‘paytirib, moliyaviy xo‘jalikka nisbatan eng yuqori natijalarni berishi mumkin. Moliyaviy siyosatning ana shunga yo‘naltirilganligi orqali uning quyidagi eng asosiy maqsadini aniqlash mumkin: jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, aholi turmushining darajasi va sifatini oshirish uchun moliyaviy sharoitlarni yaratish moliyaviy siyosatning eng asosiy maqsadidir.
Agar gap korxonalarning moliyaviy siyosati xususida ketadigan bo‘lsa, bu narsa korxona moliyaviy menejerlarining biznesni yuritish maqsadlariga erishish borasidagi maqsadga yo‘naltirilgan faoliyatini anglatadi. Korxona moliyaviy siyosatining maqsadi quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin:
• raqobat kurashi sharoitida korxonaning sog‘lom faoliyat ko‘rsatishiga erishish;
• yirik moliyaviy muvaffaqiyatsizliklardan va kasodga (bankrotga) uchrashdan himoyalanganlik;
• raqiblar bilan kurashda yetakchilikka (lider bo‘lishga) erishish; • korxonaning bozor qiymatini ko‘paytirish;
• korxona iqtisodiy salohiyatining barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash;
• mahsulot ishlab chiqarish va sotish hajmini oshirish; • foydani maksimallashtirish;
• xarajatlarni minimallashtirish;
• rentabelli faoliyatni ta’minlash
• va boshqalar. Korxona moliyaviy siyosatining u yoki bu maqsadlaridagi ustuvorlik, eng avvalo, biznesni yuritishning maqsadlariga muvofiq ravishda aniqlanadi.
Qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun tegishli moliyaviy mexanizmdan foydalaniladi. Moliyaviy siyosat moliyaning o‘zida (boshqaruv obyektlarida) bevosita mujassam bo‘lgan boshqaruvning salohiyatli imkoniyatlarini, ishning konkret metodlari, moliyaviy tizimning (boshqaruv subyektlari) organlarini tashkil qilish bilan yagona maqsadga birlashtirishga imkon beradi. Amaliyotda moliyaviy siyosat moliyaviy tizim orqali amalga oshirilib, uning faoliyati quyidagi tamoyillar asosida tashkil etiladi:
• moliyaviy tizim bo‘g‘inlarining o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlarini inobatga olib moliyaviy boshqaruvni amalga oshirish;
• barcha moliyaviy muassasalar funksiyalarining umumiyligi;
• barcha quyi boshqaruv organlarining faol ishtirokida markazdan umumiy boshqarish.
Moliyaviy siyosatni amalga oshirishning asosiy metodologik tamoyillari quyidagilardan iborat:
• pirovard maqsadga bog‘liqlik;
• xo‘jalik barcha tarmoqlarining makroiqtisodiy balanslashtirilganligi (muvozanatliligi, mutanosibligi);
• jamiyat barcha a’zolarining manfaatlariga mos kelishi;
• real imkoniyatlar asosida ichki va tashqi iqtisodiy sharoitlarni hisobga olish.
Moliyaviy siyosatning amalga oshirilishini davlat tomonidan o‘z funksiyalari va dasturlarini (uzoq, o‘rta va qisqa muddatli) bajarish uchun moliyaviy resurslarni jalb qilish, ularni taqsimlash va qayta taqsimlashga yo‘naltirilgan davlat tadbirlarining majmui ta’minlaydi. Bu tadbirlarning orasida moliyaviy munosabatlarning shakllari va normalarini huquqiy tartibga solish (reglamentatsiya qilish) muhim o‘rin egallaydi.
Moliyaviy siyosat o‘z-o‘zidan yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkin emas.
Uning yaxshi yoki yomon ekanligi jamiyatning yoki uning ma’lum bir qismining manfaatlariga qanchalik muvofiqligi va qo‘yilgan maqsadlarga erishish hamda aniq vazifalarning yechilishiga qanchalik ta’sir ko‘rsatganligi bilan belgilanadi. Hukumatning moliyaviy siyosatiga baho berish va uni o‘zgartirish bo‘yicha tavsiya berish uchun, birinchi navbatda, butun jamiyat manfaatlari va aholining alohida guruhlari manfaatlarini ajratgan holda jamiyat taraqqiyotining aniq dasturiga, yechilishi lozim bo‘lgan masalalarning muddatlari va metodlarini aniqlagan holda istiqboldagi va yaqin yillardagi vazifalarning tavsifiga ega bo‘lmoq lozim.
Faqat ana shunday sharoitdagina moliyaviy siyosatni amalga oshirishning konkret mexanizmini ishlab chiqish va unga xolisona baho berish mumkin. Agar moliyaviy siyosat ijtimoiy taraqqiyotning ehtiyojlarini, jamiyat butun qatlamlarining va alohida guruhlarining manfaatlarini, aniq tarixiy sharoitni va hayotning o‘ziga xos xususiyatlarini qanchalik aniq darajada hisobga oladigan bo‘lsa, uning natijaliligi shunchalik yuqori bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida, moliyaviy siyosatning muvaffaqiyatliligi muvofiqlashtirish mexanizmining sifatli ishlab chiqarilishiga va jamiyat turli qatlamlari manfaatlarining amalga oshirilishiga hamda davlatning ixtiyorida bo‘lgan real imkoniyatlarning mavjudligiga, ya’ni jamiyat ijtimoiy tuzilmasidagi hamda ijtimoiy ong va ruhiy (psixologik) holatidagi o‘zgarishlarni hisobga olgan holda moliyaviy siyosatning amalga oshirilishiga, ayrim hollarda, birbiriga qarama-qarshi ta’sir ko‘rsatuvchi omillarning ta’siridan har tomonlama foydalanish mexanizmining ishlab chiqilishiga bevosita bog‘liq.
Moliyaviy siyosat, eng avvalo, moliyaviy resurslarning maksimal hajmini shakllantirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Chunki aynan moliyaviy resurslar har qanday o‘zgarishlarning moddiy asosini tashkil etadi. Shunga muvofiq ravishda moliyaviy siyosatni aniqlash va uni shakllantirish uchun davlatning moliyaviy ahvoli to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlar zarurdir.
Huquqiy demokratik davlatda moliyaviy statistikaning ko‘rsatkichlari keng jamoatchilikka ham tegishli bo‘lishi kerak. Moliyaviy hisobotlar esa doimiy, o‘z vaqtida beriladigan, hamma olishi mumkin bo‘lgan va eng asosiysi ishonchli bo‘lmog‘i lozim.
Moliyaviy siyosatning mazmuni u qamrab olishi mumkin bo‘lgan moliyaviy munosabatlar rivojlanishi yo‘nalishlarining umumiy kompleksi bilan belgilanadi. Ularning tarkibiga quyidagilar kirishi mumkin:
• moliyaviy siyosatning umumiy konsepsiyasini (uning maqsadlarini, prinsiplarini, vazifalarini, amalga oshirish bosqichlarini va eng samarali metodlarini) ishlab chiqish;
• makrodarajada va bozor iqtisodiyotining subyektlari darajasida iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradigan bozor iqtisodiyotining rivojlanishiga mos bo‘lgan dinamik holdagi moliya mexanizmini shakllantirish;
• markazlashtirilgan va markazlashtirilmagan resurslar va moliyaviy oqimlarning samarali boshqarilishini oshirish bo‘yicha choralar tizimini ishlab chiqish va amalga oshirish;
• ijtimoiy takror ishlab chiqarish va iqtisodiyotni istiqbolli restrukturizatsiya qilishdagi roliga muvofiq ravishda ijtimoiyiqtisodiy tizimning barcha darajalari va sohalari bo‘yicha moliyaviy resurslarni oqilona (optimal) taqsimlashni tashkil qilish;
• iqtisodiy o‘sishning joriy va istiqboldagi moliyaviy salohiyatini shakllantirish.
Dostları ilə paylaş: |