A.AVLONIY NOMIDAGI XALQ TA’LIMI MUAMMOLARINI
O‘RGANISH VA ISTIQBOLLARINI BELGILASH ILMIY-TADQIQOT
INSTITUTI
“Uzluksiz kasbiy rivojlantirish – 2022” loyihasi
Fandagi yangiliklar, fanni o‘qitishning dolzarb masalalari
“ONA TILI VA ADABIYOT FANINI O‘QITISHNING DOLZARB
MASALALARI”
o‘quv kursining
“ONA TILI DARSLARIDA MATN TAHLILI VA TADBILI. LUG‘AT
BILAN ISHLASH KO‘NIKMASINI SHAKLLANTIRISH”
mavzusidan ma’ruza matni
Ma’ruzasi: Shomurodova Sitora Xoshim qizi
Toshkent 2022
4-Mavzu: Ona tili darslarida matn tahlili va tadbili. Lug‘at bilan
ishlash ko‘nikmasini shakllantirish
Reja:
1.
Ona tili darslarida matn tahlili va tadbili
2.
Lug‘at bilan ishlash ko‘nikmasini shakllantirish
Matn – nutq ko‘rinishi bo‘lib, vazifasi jihatidan tugal nutqiy butunlikdir.
Har bir matn murakkab tuzilish va mazmun mundarijasiga ega bo‘lib, u og‘zaki
hamda yozma ijod namunasi hisoblanadi. Tilshunoslikda matn tilning alohida
birligi (supersintaktik butunlik) va matn tilshunosligi deb atalayotgan sohaning
asosiy ob'ekti sifatida talqin qilinadi.
Matn hajm va mazmun belgisiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi:
1. Hajm belgisiga ko‘ra matn turlari.
2. Ifoda maqsadi va mazmun belgisiga ko‘ra matn turlari.
1. Hajm belgisiga ko‘ra matn turlari. Matn gapdan ko‘ra yirik hajmli
aloqa
vositasi, nutqiy faoliyat mahsuli, muayyan qonuniyatlar asosida
shakllangan yozma nutq ko`rinishidir. Matn hajm belgisiga ko‘ra ikkiga
ajratiladi.
1. Minimal matn (mikromatn)
2. Maksimal matn ( makromatn).
Badiiy uslubda minimal matn deyilganda
biror mavzuni yoritishga
bag‘ishlangan qatralar, xalq donishmandligini ifodalaydigan maqol, matal va
aforizmlar, miniatyuralar,
hajviy asarlar, nomalar, she’r va she’riy parchalar,
umuman, kichik mavzuni qamrab oluvchi bir necha gaplardan iborat butunlik
tushuniladi. Matnning ichki tomonini mazmun yaxlitligi,
tashqi tomonini esa
turli shakldagi bog‘lamalar, sintaktik vositalar birlashtirib turadi.
Maksimal matn deyilganda keng ko‘lamdagi voqealarni yoritish ehtiyoji
bilan yuzaga kelgan butunlik nazarda tutiladi. Badiiy uslubda hikoya, qissa,
roman, epopeya kabi yirik hajmli asarlar maksimal matn hisoblanadi. Maksimal
matn mikromatnlardan iborat. Eng kichik butunlik abzatsga, eng katta butunlik
esa bob (qism yoki fasl)larga to‘g‘ri keladi.
Bunday matn tarkibida epigraf,
so`zboshi (muqadddima), so‘ngso‘z (epilog) kabi yordamchi qismlar ham
ishtirok etishi mumkin. Ular asar mazmuni va g‘oyasiga,
shuningdek
,
mavzuning tanlanishi va yoritilishiga oid ayrim masalalarga qo‘shimcha izoh,
sharh bo`lib keladi.
Makromatnning eng kichik birligi abzatsdir. Abzats bir mazmuniy
butunlik bo`lib, “matnning bir xat boshidan keyingi xat boshigacha bo`lgan
qismi” hisoblanadi.
2.Ifoda maqsadiga va mazmuniga ko‘ra badiiy matnni quyidagi turlarga
bo`lib chiqish mumkin:
1. Hikoya mazmunli matn.
2. Tasviriy matn.
3. Izoh mazmunli matn.
4. Didaktik matn.
5. Xabar mazmunli matn.
6. Buyruq mazmunli matn.
7. Hissiy ifoda mazmunli matn.
1. Hikoya mazmunli matnlar. Bunday
matnda muallif yoki asar
qahramoni o‘zi boshidan o‘tkazgan eshitgan, ko‘rgan yoki guvoh bo‘lgan biror
voqeani hikoya qilib beradi. Xotiralar, esdaliklar, ertak va rivoyatlarni
hikoyamatn turiga kiritish mumkin.
Hikoya tarzi, asosan, o`tgan zamon
shaklida, birinchi shaxs birlik yoki ko‘plikda ifodalanadi.
2. Tasviriy matnlar. Bunday matn tinglovchiga noma’lum bo‘lgan biror
kishi, joy, hayvonot va nabotot olamiga mansub mavjudot yoki qandaydir narsa-
buyum hamda voqea-hodisani batafsil tasvirlab berish maqsadida tuzilgan
bo‘ladi. Tasviriy matnda ham monologik nutq ko‘rinishi etakchilik qiladi.