Kutubxona bilan qanday ishlash mumkin? Buning uchun kompyuteringiz brauzerida kutubxona manzilini yozishingiz kerak. Odatdagi kutubxona singari elektron kutubxona ma’lumotlari mavzu yoki alifbo bo‘yicha tartiblanadi.
ZiyoNET portali ham foydalanuvchilar uchun elektron kutubxona imkoniyatini taqdim etadi – buning uchun portalning “Kutubxona” bo‘limiga kirsangiz kifoya. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, portal kutubxonasidan 7000 ga yaqin turli hajmdagi va turli ko‘rinishdagi ilmiy axborot resurslari joy olgan. Ular asosan yurtimiz oliy o‘quv yurtlari, pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutlari, viloyat xalq ta’limi boshqarmalari, ilmiy tadqiqot institutlari va boshqa turli ta’lim muassasalarida xamkorlik qilib kelayotgan 400 ga yaqin mas’ullar ko‘magida jamlanganini alohida e’tirof etish lozim. Eng muhimi, adabiyotlarning aksariyati o‘zbek tilidadir.
Kutubxonada jamlangan adabiyotlar 9 ta yirik guruh toifasida tasniflanadi. O‘z-o‘zidan har bir guruh kichik bo‘linmalarga ham bo‘linadi. Guruhlar quyidagilar:
matematika va tabiiy fanlar ta’limi;
texnika va texnologiyalar yo‘nalishi ta’limi;
tibbiyot va farmatsevtika ta’limi;
ijtimoiy-gumanitar ta’lim;
iqtisodiyot va boshqaruv yo‘nalishi ta’limi;
madaniyat va san’at yo‘nalishi ta’limi;
yuridik ta’lim;
pedagogik ta’lim;
harbiy ta’lim.
Siz yuqoridagi bo‘limlardan o‘zingizga keraklisiga kirishingiz va adabiyotlarni ko‘zdan kechirib chiqishingiz mumkin. Har bir adabiyotni ko‘chirib olib, ko‘z yugurtirib chiqish odatda ma’lum vaqt talab etadi. Ustiga-ustak shu mavzuda adabiyotlar ko‘p bo‘lgan taqdirda aynan keraklisini ajratib olish uchun yana vaqt zarur. Bunda vaqtni tejashning oson yo‘li bor – siz adabiyotlar ro‘yxatida xar bir adabiyotga yozilgan qisqa sharhlar ko‘magida darrov o‘zingizga keraklisini tanlashingiz mumkin.
Zarur adabiyotni tezroq topishning yana bir oson yo‘li — portalning boshqa bo‘limlarida bo‘lgani kabi, “Kutubxona”bo‘limida ham qidiruv tizimi mavjud. Qidiruv maydoniga o‘zingizga zarur adabiyot nomini yoki mavzuni yozasiz hamda qidiruvga buyruq berasiz. Sanoqli soniyada tizim topilgan adabiyotlarni e’tiboringizga taqdim qiladi. Eng muhimi, siz mazkur ilmiy resurslarni nafaqat ko‘zdan kechirish yoxud o‘qish, balki ko‘chirib olish imkoniga xam egasiz.