Penitsillinlar-bugungi kunda ham o‘zining ahamiyatini yuqotmagan birinchi antibiotik vositalari hisoblanadi. Ular asosan Penicillinum guruhiga kiruvchi zamburug‘lardan olingan bo‘lib, bu ikki usulda amalga oshiriladi:
-biosun’iy yoki tabiiy ya’ni fermentatsiya qilish yo‘li bilan.
-sun’iy usul.
Shunga muvofiq penitsillinlar quyidagicha bo‘linadi:
1.Tabiiy (biosun’iy)-benzillpenitsillin va uning tuzlari, fenoksimetilpenitsillin.
2.Yarim sun’iy-penitsillinga chidamlilar (metitsillin, oksatsillin, kloksitsillin, dikloksatsillin) va yuqori antibiotik ta’sir doirasiga ega bo‘lgan, gramm musbat va gramm manfiy mikrofloralarga ta’sir etuvchilar (ampitsillin, karbitsillin, amoksillin).
Penitsillinning faolligi ta’sir birligida aniqlanib, 1 TB ligi -0,6 mkg quruq benzillpenitsillin tashkil qiladi (natriyli tuzi shaklida).
Penitsillin ta’sirining asosini mikroorganizmlar to‘qimalari devorida yuzaga keladigan biosintez holatini izdan chiqarishidir. Shuningdek u mikroorganizmlarni o‘sishini to‘xtatadi. Penitsillin organizmning himoya faoliyatini ham faollashtiradi ya’ni fagotsitoz holatini oshiradi, organizm zaharlanishini pasaytiradi hamda oksidlanish-tiklanish jarayonini faollashtiradi. Antibiotiklar asosan ko‘plab hayvonlar kasalliklarini oldini olish hamda davolash maqsadlarida tavsiya etiladi. Ular in’eksiya orqali organizmga yuborilganda tezda so‘rilib, 30-60 daqiqa o’tgandan so‘ng yuqori konsentratsiyasini namoyon qiladi, ta’siri 4-6 soat maboynida davom etadi. Penitsillinlarning 90 foizi organizmdan buyraklar orqali, qolgan miqdori esa turli xil bezlar orqali ajralib chiqadi. Penitsillinlar hayvonlarda asosan gramm musbat mikrofloralar chaqiradigan bakterial infeksiyalarda, shuningdek kuydirgi, pasterellyoz, septitsemiya, stafilokkokozlarda, cho‘chqa saramasi, otlar strangilyozi, yuqumli stomatit, rinit, parranda spiroxetozi, pnevmoniya, mastitlar, metritlar va boshqa kasalliklarida qo‘llaniladi. Penitsillinlarning asosiy salbiy ta’sirlaridan allergiya holati hisoblanadi.