Aminoglikozidli antibiotiklar. Ushbu guruh vositalari (neomitsin, manomitsin, gentamitsin kanalitsin va boshqalar) tuzilishi bo‘yicha streptomitsinga o‘xshashdir. Ular molekulalari tarkibiga amin guruhlari kiradi.
Ushbu guruhga mansub ko‘plab antibiotiklar zamburuhlardan (Actinomyces fradiae va boshqalar) olinadi. Yarim sun’iy usulda olingan unumlari ham mavjud. Barcha aminoglikozidli antibiotiklar yuqori ta’sir doirasiga ega bo‘lib, grammusbat va asosan grammanfiy mikroorganizmlarga bakteritsid ta’sir ko‘rsatadi. Kolibakterioz, salmonellyoz va pasterellyoz qo‘zg‘atuvchilariga qarshi yuqori ta’sir etish samaradorligiga ega.
Asosiy ta’sir mexanizmida, mikrob hujayrasida, oqsil sintezini, ribosoma darajasida to‘xtatib, shu bilan birgalikda bir qator ferment tizimiga ham ta’sir etadi.
1 mg da, 680-1000 TB dagi faollik mavjud. Asosan nerrotoksik va ototoksik salbiy ta’sirlari mavjud.
Neomitsin sulfat (Neomycini sulfas). Zamburug‘larni fermentatsiya qilinishi natijasida hosil bo‘ladigan va asosini neomitsin tashkil qiluvchi yig‘ma antibiotik. Oq yoki sariqsimon oq rangdagi, hidsiz kukun suvda yengil spirti kam eriydi. Uni muskul orasiga yuborilsa, tezda qonga so‘rilib organizmda 8-12 soatgacha o‘z faoligini saqlaydi. Kuchli nerrotoksik va ototoksik, salbiy ta’siri mavjud. B-ro’yxat.
Monomitsin (Monomycinum). Nurli zamburug‘ mahsulotidan olinadigan, tarkibini sulfatlar aralashmasi tashkil qiluvchi modda. Mikroblarga qarshi tasiri va kimyoviy tuzilishi jihatidan neomitsinga yaqinroq. Farqi u bir qator kasallik chaqiruvchi sodda hayvonlarni, teri leyshmoniyozi, toksoplazmoz, dizentiriya va boshqa qo‘zg‘atuvchilarni o‘sish va rivojlanishini to‘xtatadi.
Kanomitsin (Kanomycinum). Neomitsinga o‘xshash, yuqori ta’sir doirasiga ega bo‘lgan antibiotik. Bundan tashqari kislotaga chidamli bakteritslarga, shu jumladan sil mikobakteriyalarga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Tuzli aralashmalari holatida kanomitsin monosulfat (Kanomycini sulfas) ishlab chiqariladi. Kukun shaklida, suvda yengil eriydi.
Uning birinchi preparati oziq orqali, ichak infeksiyalarida (ichak tayoqchalari, salmonellyoz va boshqalar) ikkinchisi esa, bunga sezuvchi bo‘lgan, mikrofloralar chaqiradigan infeksiyalarda, muskul orasiga yuborib, qo‘llaniladi.