Tinish belgilari xatosi – tinish belgilarini qo‘llash bilan bog‘liq xatolar. Maqsad, fikr og‘zaki nutqda ma’lum ohang bilan, yozuvda esa gapning grammatik qurilishi va tinish belgilari orqali aks ettiriladi. Tinish belgilari fikrni, maqsadni yozuvda aks ettiruvchi zaruriy vositadir. So‘zlovchining maqsadini tinish belgilari orqali bilib olish mumkin: Mehmon keldi. Mehmon keldi! Mehmon keldi? Bu uch gapdagi xabar, his-hayajon, so‘roq mazmuni gaplardan so‘ng qo‘yilgan tinish belgilari orqali ifodalanadi.
Tinish belgilari mazmun, ohang va gapning grammatik qurilishiga ko‘ra qo‘llanadi.
Tinish belgilarining qo‘llanishi gap tuzilishi va mazmuniga ta’sir qiladi: O‘qi, o‘qi bobong kabi, nodon bo‘lma - O‘qi, o‘qi, bobong kabi nodon bo‘lma. Birinchi holatda bobo o‘qimishli ekanligi, ikkinchi gapda esa o‘qimaganligi ifodalangan.
O‘zbek tilida o‘nta tinish belgisi mavjud bo‘lib, insholarda ko‘p kuzatiladigan punktuatsion xatolar quyidagi tinish belgilariga oiddir.
Qavs misol yoki ko‘chirmaning manbaini ko‘rsatadi: Oh, Hirot, Hirot!(0.) «Turkona uslub» (Navoiy) turkiy tillarga xos uslubdir. Ajratilgan bo‘laklar, kiritmalarda qavsdan oldingi tinish belgilari (vergul, tire, ikki nuqta, nuqtali vergul) qavsdan keyinga ko‘chiriladi: Erkaklarning biri – markaziy gazetaning muxbiri, ikkinchisi – injener (Mavlonbek uni Fyodor Mahkamovich der edi. U qiz esa Moskvada institutni bitirib, hozir shu injenerning qo‘lida tajriba ko‘rib yurgan ekan). (A.Q.) Ko‘p nuqta fikr tugallanmagan yoki qisqartirilgan o‘rinlarda, aytish noo‘rin bo‘lgan vaziyatlar ifodasida qo‘yiladi.
Tire quyidagi o‘rinlarda ishlatiladi:
1) ot, son, olmosh va harakat nomi bilan ifodalangan ega bilan bog‘lamasiz kesim orasida: Yurgan – daryo, o‘tirgan – bo‘yra; 2) ega bilan kesim bu, u, mana bu so‘zlari bilan ajratilganda ham ega va kesim orasida tire ishlatiladi, tire so‘zlardan oldin qo‘yiladi. Masalan: Tinchlik – bu sevinchdir, hayotda lazzat, Tinchlik – bu totuvlik, har ishda orom; 3) gapning egasi yoki kesimi harakat nomi bilan ifodalanib, kesim tarkibida kesimlik qo‘shimchasi yoki bog‘lama bo‘lmaganda: Har narsaga qiziqish – biz uchun eski odat. Maqsadim – o‘qimoq; 4) ega ko‘rsatish olmoshi bilan ifodalanganda: Bu – siz uchun katta sinovdir; 5) eganing ma’nosi ta’kidlab ko‘rsatilganda: Men – mana shu minglarning biriman. Eslatma: agar ega bilan ot kesim orasida ham yordamchisi bo‘lsa, tire qo‘llanmaydi: Bular ham a’lochi. Mening opam ham talaba. Nazokat ham to‘quvchi. Kesim sifat va tartib son bilan ifodalanganda ot kesim va ega orasida tire qo‘yilmaydi: Vatanimiz go‘zal. Bino katta. Qizilqum sahrosi bepoyon. Bu qovun shirin. Ko‘ylakning rangi sariq. Bizning guruhimiz birinchi; 6) uyushiq bo‘laklardan so‘ng kelgan umumlashtiruvchi so‘zdan oldin: Suv, yer, elektr – bular hayot bahoriga yangi go‘zallik va yangi nash’a bag‘ishlovchi kuchlar edi. (O.) 7) muallif gapi bilan ko‘chirma gap orasida: «Nega buncha kech qolding, Manzura!» – dedi Aziz mehribon tovush bilan. (Asq. M.) 9) dialog tipidagi ko‘chirma gaplarda ishlatiladi.
Tireni juft va takror so‘zlar o‘rtasida, yuklamalardan oldin qo‘yiladigan chiziqcha (defies)dan farqlab yozish kerak.