Fikrni yozma shaklda bayon etish malakasi (tugal fikr ifodalangan matn) murakkab jarayon bo‘lib, ona tili ta’limining maqsadi shu parametrda mujassamlashadi. O‘quvchining ona tili ta’limi jarayonida egallagan ko‘nikma va malakalari u yaratgan matnda aks etadi. Bu parametr bo‘yicha ta’lim sifatining natijasini baholashda o‘qituvchi tomonidan o‘quvchi egallagan quyidagi ko‘nikmalarning darajasi aniqlanadi:
a) fikrning mantiqiy izchillikda ifodalanganligi;
b) fikrlash, mavzuning murakkablik darajasi (sodda, murakkab, abstrakt-konkret, mavhum va hokazo);
d) tavsifning mavzuga muvofiqligi va mazmuniy qiymati;
e) tavsifda tilning ifoda vositalaridan maqsadga muvofiq foydalanish darajasi;
f) imloviy (yozma) savodxonlik sifati.
Ko‘rinadiki, DTS talablariga ko‘ra o‘quvchilarda fikrni yozma shaklda bayon etish malakasini hosil qilish ona tili ta’limining asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi. Ona tili va adabiyot o‘quv fanlari sifatida nutq imkoniyatlarini birlashtirib, o‘quvchining fikr ifodalash malakalarini rivojlantiradi. Uni tilimizning go‘zal olamiga olib kiradi, nutqni yaxshilash, boyitish, unga badiiy bo‘yoq berish, nafosat bag‘ishlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yozma ish va topshiriqlarning har qanday ko‘rinishi mumtoz asarlar mohiyatini o‘zlashtirishda, milliy qadriyatlarni anglashda muhimdir. Ayniqsa, adabiy mavzudagi insholarning asosiy maqsadi o‘tmish va bugunning manfaatlarini umumlashtirishga qaratilgan.
Yozma ishlarga e’tibor faqatgina milliy pedagogik tajribada emas, xorij ta’limi va baholash tizimida ham kuzatiladi. Masalan, keng yoyilgan til o‘qitish dasturlari hisoblangan IELTS, TOEFL tizimlarida 60 daqiqalik umumiy mavzuda esse yoki insho yozish, 50 daqiqa mobaynida o‘qiganlari hamda eshitganlari bo‘yicha savollarga javob tarzida yoki o‘zi bilgan mavzuni dalillar, ma’lumotlarga tayangan holda yozma tarzda asoslab berish talablari keltirilgan.
Kadrlar tayyorlash – mamlakat taraqqiyotidagi muhim masala. O‘zbekiston buyuk kelajak sari intilayotgan ekan, shu kelajak egalarini – yetuk mutaxassis-kadrlarni tayyorlash masalasi ijtimoiy-siyosiy ahamiyat kasb etadi. Har tomonlama bilimli, malakali, muayyan tajribaga ega bo‘lgan, nutq madaniyati talablarini to‘liq o‘zlashtirgan, og‘zaki va yozma nutqi ravon mutaxassis-kadrlarni tayyorlashda an’anaviy milliy pedagogika hamda rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasidan, eng so‘nggi zamonaviy yutuqlaridan umumlashtirgan holda foydalanish maqsadga muvofiq.
Savollar: 1. Bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri bo‘lgan kadrlar sifatini oshirish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
2. Kadrlar savodxonligini oshirish maqsadida qilinishi kerak bo‘lgan asosiy vazifalar nimalardan iborat?
3. Ta’lim jarayonida yozma ishlar tahlilini amalga oshirishda qanday innovatsion texnologiyalardan foydalanish mumkin?
4. Yozma ishlarni tashkil etishda va ularning tahlili jarayonida multimediya vositalarining o‘rni?
Adabiyotlar: O.Madayev, A.Sobirov, Z.Xolmanova, Sh.Toshmirzayeva, G.Ziyodullayeva, M.Shamsiyeva. Yozma ish turlari: insho, bayon, diktant. -Toshkent “Turon zamin ziyo”, 2017.
G‘ulomov A., Qodirov M. Ona tili o‘qitish mеtodikasi. – T: Fan va texnologiyalar, 2012.
Kompetensiyaga yo‘naltirilgan Davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturi: Ona tili, adabiyot, o‘zbek tili (5-9 sinflar). Toshkent. 2016.
To‘xliyеv B., Shamsiyеva M., Ziyodova T. O‘zbеk tili o‘qitish mеtodikasi. – T.: O‘zbekiston Milliy kutubxonasi. 2010.