Vulgarizm va varvarizmlar Tilda so`kish, qarg`ash ma’nolarini ifodalaydigan so`zlar vulgarizmlar (lot. vulgaris “qo`pol” degani)1 deb ataladi. Masalan: haromi, qiztaloq, yеr yutkur, oqpadar va b. Vulgarizmlarni ham qo`llanish doirasi chegaralangan leksikaga kiritsa bo`ladi, chunki bu guruh so`zlar ham har doim ishlatilavermaydi. Bunday so`zlar badiiy asarlarda qahramonlarning xarakterini chuqurroq ochish uchun xizmat qiladi.
Varvarizmlar (yunoncha barbarismos – “tushunarsiz nutq” degani)2 biror tilda tarjimasi bo`la turib, o`rinsiz tarzda ishlatiladigan so`zlar guruhidir. Masalan: znachit (demak), tak (demak), ostanovka (bekat), svet (chiroq) kabi ruscha so`zlar; yes (ha), vau (qoyil) kabi inglizcha so`zlar shunga misol bo`la oladi.
Bu leksikaga mansub so`zlar ma’lum ijtimoiy guruhlar tomonidan ishlatiladigan so`zlardir. Bu guruhga jargonlar va argo so`zlar kiradi.
jargonlar (fransuzcha “buzilgan til” degani) «umumtildagi”(ustoz prof. Sh. Rahmatullayev ifodasi) so`zlardan shakily jihatdan farq qiladigan, ko`pincha og`zaki muloqotda ayrim ijtimoiy guruhlar tomonidan o`zini tilning boshqa vakillaridan ajratib ko`rsatish maqsadida qo`llanadigan birliklardir: yakan (pul), nishtyak (zo`r) va h.
Jargonlarning quyidagi xususiyatlari bor:
shakily jihatdan umumtildagi so`zlardan farq qiladi. Masalan, mullajiring jargon so`zi qismlari bizga tanishday ko`rinadi, lekin bu ikki qismning o`zaro bog`lanishi mantiqan to`g`ri emas.
kamsitish, yerga urish, yomonlash kabi qo`shimcha ma’no bo`yoqlariga ega. Masalan, dum jargon so`zida kamsitish ma’nosi borligi seziladi.
b) argolar (fransuzcha argot – “o`zgalar uchun yopiq” degani3) ayrim salbiy ijtimoiy guruhlar (o`grilar, qaroqchilar) tomonidan ishlatiladigan yashirin ma’noli so`zlardir: oq qirg`oq (100 so`m), qizil (tilla) va h.
Argolarning xususiyatlari:
shakily jihatdan umumtildan farq qilmaydi;
yashirin ma’noga ega;
kamsitish, yerga urish ma’nolari yo`q.
Neologizmlar. Neologizm grekcha so`z bo`lib, neos – «yangi» degan ma’noni bildiradi. Neologizm yangilik bo`yog`iga ega bo`lgan so`zlardir. Masalan: bakalavr, magistratura, kompyuter, kompyuter texnologiyasi, marketing, supermarket kabi.
Semasiologiya fanida leksemaning lug`aviy ma’nosi semema atamasi bilan ham beriladi. Semema ham o`z navbatida qismlarga bo`linadi. Bu qismlar semalar deb ataladi. Har bir sema tushunchaning turli belgilarini aks ettiradi. Masalan, quyosh leksemasining lug`aviy ma’nosini, ya’ni sememasini quyidagi semalar tashkil etadi: 1) yulduz; 2) issiqlik tarqatuvchi osmon jismi; 3) yorug`lik tarqatuvchi osmon jismi; 4) bir qancha sayyoralarni o`ziga birlashtirgan tizim markazi; 5) Yer sayyorasidagi hayot manbasi; Bu ro`yxatni o`z bilimimizga tayangan holda yana davom ettirish mumkin.
Semalar ma’no xususiyatlariga ko`ra quyidagi turlarga bo`linadi:
1. Atash semalarinarsa, belgi, harakat, miqdor kabi tushunchalarni nomlaydigan semalardir. Masalan, ruchka, qalam, bo`r, flomaster kabi leksemalar uchun “yozish va chizish quroli “ semasi atash semasi bo`lib hisoblanadi.
2. Ifoda semalari atashdan tashqari tushunchaga munosabatni ifodalaydigan semalardir. Masalan, lab- leksemasidagi “betaraflik” semasi, dudoq leksemasidagi “kitobiylik” semasi ifoda semalariga misol bo`la oladi.
3. Vazifa semalarileksemalarning gapda qanday vazifa bajarishini, ya’ni qanday leksemalar bilan birika olishini belgilaydigan semalardir. Masalan, Bola kitob o`qidi gapidagi leksemalarni tahlil qilib ko`ramiz. Bola- leksemasi sememasida shu gap ichida “harakatni bajaruvchi” semasi bor, shuning uchun bu leksema ega bo`lib kelgan. Kitob- leksemasida “harakat o`tgan narsa” degan sema mavjud, shuning uchun u to`ldiruvchi bo`lib kelgan. O`qi- leksemasida esa “bajarilgan harakat” degan sema bor, shuning uchun u kesim vazifasida kelgan
1 А.Алиев, К.Назаров. Ўзбек тили маълумотномаси. Т., “Фан” нашриёти, 17-бет.
2 А.А.Реформатский. Введение в языковедение. М., 1967, стр. 137.
3 Д.Э.Розенталь, И.Б.Голуб, М.А.Теленкова. Современный русский язык. М., 2003, стр. 93.