Kristallizatorga suv solib, 2-3 tomchi fenolftolein eritmasi qo‘shing. Probirkaga suv to‘ldirib, og‘zini barmoq bilan bekiting va kristallizatordagi suvga botiring; suv ichida barmog‘ingizni probirka og‘zidan oling.
Kichkina bir bo‘lak kaltsiy metalini filtr qog‘ozga artib, qisqich bilan ushlab suv ostida kristallizatordagi probirka og‘ziga tuting. Ajralib chiqayotgan vodorod probirkadagi suvni siqib chiqarishini,kristallizatordagi suvning qizarishini kuzating. Probirka og‘zini suv ostida barmoq bilan berkitib, uni suvdan oling va gaz gorelkasi alangasiga yaqinlashtirib probirka og‘zini oching. Vodorodning kuchsiz tovush chiqarib yonishini kuzating. Reaksiya tenglamasini yozing. Fenolftoleini bor suvning qizarish sababini tushuntiring.
b) Kislotaga rux ta’sir ettirish yo‘li bilan vodorod olish
Uchi cho‘zilgan shisha nay o‘tkazilgan probkali probirkani temir shtativga o‘rnatib, ichiga 2-3 bo‘lak rux metali soling. So‘ngra uning ustiga 1:5 nisbatda suyultirilgan sulfat kislota quying. Gaz ajralib chiqishini kuzating. Probirkadagi havo siqib chiqarilguncha bir oz kutib, uchi cho‘zilgan naydan chiqayotgan vodorodni yondiring. Vodorod alangasiga quruq shisha plastinka tuting. Plastinkada suv tomchilari hosil bo‘lishini kuzating. Reksiya tenglamalarini yozing.