Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig ” asari – pandnoma asar sifatida
Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» («Baxt saodatga eltuvchi bilim, ta’lim» degan ma’noni bildiradi) asari ta’limiy - axloqiy asar sifatida pedagogika tarixida eng yuqori o‘rinlarda turadi. «Qutadg‘u bilig» pand-nasihat, ta’lim- tarbiya, barkamol insonni tarbiyalash masalalarigia oid yetuk didaktik asardir. Asar 6500 baytdan yoki 13000 misradan iborat. Mazkur asarning shuhrat topishiga sabab, u o‘z asarida tibbiyot, falakiyot, tarix, tabiiyot, jo‘g‘rofiya, riyoziyot, xandasa, falsafa, adabiyot, diplomatiya, fiqh sohasiga oid fikrlarni bayon etib, faylasuf va olim sifatida tanildi. Shuning uchun ham «Qutadg‘u bilig»ni chinliklar (Xitoy) «Adab ul-muluk» («Hukmdorlar odobi»), mochinliklar (Sharqiy Turkiston) «Anis ul-mamolik» («Mamlakatning tartib usuli»), eronliklar «Shohnomai turkiy», Sharq elida «Ziynal ul-umaro» («Amirlar ziynati»), turonliklar «Qutadg‘u bilig», ba’zilar esa «Pandnomai muluk» («Hukmdorlar nasihatnomasi») deb ataydilar.
Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» asarini ilmiy jihatdan o‘rganishga juda ko‘p olimlar hissa qo‘shgan. V.V.Radlov, H.Vamberi, S.E.Malov,
S.N.Ivanovlar uni tarjima etib, nashr qilgan bo‘lsalar, V.V.Bartold, E.E.Bertels,
I.V.Stebleva, O.A.Valitova har tomonlama tadqiq etdilar.
«Qutadg‘u bilig» axloq va odob, ta’lim va tarbiya hamda ma’lum ma’naviy kamolotning yo‘l-yo‘riqlarini, usullarini, chora-tadbirlarini mujassamlashtirgan qomusiy asardir. Bu asar tom ma’nosi bilan didaktik ruhda yozilgan ta’lim-tarbiya, odob-axloq va hikmat dasrligidir. Yusuf Xos Hojib asarda asosiy g‘oyani Kuntug‘di, Oyto‘ldi, O‘g‘dulmish va O‘zg‘urmish deb nomlanuvchi to‘rt qahramonning suhbatlari, munosabatlari asosida ishonarli qilib bayon etadi.
Yuqorida ta’kidlangan to‘rt qahramonning suhbatlari, munozaralari asosida Yusuf Xos Hojib o‘z maqsad va g‘oyalarini bayon etadi.
Masalan, Oyto‘ldining elig bilan uchrashuvida uning Elig sinovidan o‘tish jarayonidagi savol-javoblar natijasida davlatning sifati va fazilatlari, uning bevafoligi va bebaholigi, adolatning xislatlari, el-yurt boshqaruvchilarining xislatlari bayon etiladi.
Oyto‘ldining o‘g‘li O‘gdulmish bilan Eligning suhbatida esa saroy amaldorlari: beklar, vazirlar, lashkarbo‘shilar, hojiblar, elchilar, sarkotib, xazinador, dasturxonchilar, sharobdorlarning o‘z xizmatkorlariga munosabati qanday bo‘lishi kerakligi bayon etiladi.
Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig» asarida inson kamoloti masalasi markaziy masala bo‘lib hisoblanadi. Mazkur asarda insonning jamiyat va hayotda tutgan o‘rni, burch va vazifalari haqidagi muammolar o‘ziga xos tarzda bayon etiladi.
Buyuk mutafakkir Yusuf Xos Hojib «Qutadg‘u bilig» asarida ilm- ma’rifatning ahamiyatini ko‘rsatibgina qolmaydi, u bilim va zakovatning amaliyotdagi o‘rnini ham yoritadi. U bilimli buyuk, uquvni ulug‘ deb ta’riflaydi. Chunki zakovatli inson ulug‘ bo‘ladi, bilimli kishi buyuk bo‘ladi, deb ilmli kishilarni asl toifadagi kishilarga qo‘shadi. Olim ezgu ishlarning barchasi ilm tufayli amalga oshirilishini aytadi. O‘sha davrdayoq olim «Bilim hatto osmon sari yo‘l ochur» deb bashorat qiladi.
U dunyoda odam paydo bo‘libdiki, faqat bilimli kishilargina ezgu ish qilib, adolatli siyosat yurgizib kelgan, ana shu bilim va zakovati tufayli kishilar razolatdan poklangan deydi. Hatto hukmdorlar ham yurtni, davlatni aql, ilm, zakovat bilan idora etsa, el-yurt farovon bo‘ladi, to‘q va tinch hayot kechiradi, deydi. U kuch va qurolni aql va bilimdan keyingi ikkinchi o‘ringa qo‘yadi.
Yusuf Xos Hojib oilaviy-maishiy turmush ikir-chikirlariga ham katta e’tibor beradi. U kishilarni o‘ylab oila qurishdan farzand tarbiya etish, oilaning moddiy ta’minotini bilishgacha bo‘lgan eng ezgu zaruriy vazifalarni birma-bir bayon etadi. Allomaning fikricha, faqat oilaviy hayot orqaligina faravon hayotga erishish mumkin. Oilaviy hayot tarzi sog‘lom turmush tarzining bir qismidir. Kamolotga ham oilaviy tarbiya, oilaviy munosabatlarning yuksakligi, sadoqat, oilaviy totuvlik orqali erishish mumkinligini ta’kidlaydi. Shu o‘rinda buyuk mutafakkir farzandni oilada tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor beradi.
Yigitlik va keksalik fasllari haqida ham fikr yuritib, yigitlikni ehtiyot qilish, yigitlik davrida qarilikning g‘amini yeyish, bu to‘g‘rida qayg‘urish kabi zaruriy narsalar haqida tavsiyalar beradi.
Yusuf Xos Hojib ilmli, ma’rifatli kishilarni qadrlash kerak, chunki ular mash’ala kabi yo‘lni yoritib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi, yaxshi-yomonni farq etishni o‘rgatadi, deydi. Shuning uchun olimlarni hurmat etish kerakligini ta’kidlab, ilm ahlini o‘ta qadrlasa, ilmsizlarni johil kishilar deb biladi. Dunyoda inson bilim va zakovati tufayli orzu-tilaklarga, ulug‘likka erishishi mumkinligini aytadi.
Olim bilimni ziyoga, tengi yo‘q javohirga o‘xshatib, u insonni yuksaltiradi, jahonning sir-asrorini bilib olishga yordam beradi, deydi. Insoniyat nimaga erishgan bo‘lsa, bilim tufayli erishganligini ta’kidlaydi. Ammo bu boylikni hech kim o‘g‘irlay olmaydi, deb bilim va zakovatni muqaddas do‘st, mehribon qarindosh, kiyim va ozuqa sifatida ta’riflaydi.
Mutafakkir o‘zining axloqiy qarashlarini, ya’ni ijtimoiy munosabatlar, jamiyat a’zolarining barcha tiplari o‘rtasidagi axloqiy munosabatlarni amaliyotga tayangan holda yoritadi. Bu axloqiy, xulq-odob prinsiplari, talab va vazifalari butun asar davomida qahramonlarning o‘zaro munosabatlari asosida ifodalangan. Unda Elig(xon), uning vakillari, ijtimoiy guruhlarning o‘zaro munosabati, axloqi, muomalasi, talablari bayon etiladi, turli kasb egalariga xos xislatlar, odatlar yoritiladi.
Mutafakkir ta’lim-tarbiya, axloq masalalarini insoniylik, rostgo‘ylik, to‘g‘rilik, soflik, mehr-muhabbat, vafo, shafqat, muruvvat, insof, adolat, ishonch, sadoqat, xushmuomalalik, shirinso‘zlilik, saxovat, mardlik, himmatlilik, tavoze, hurmat va ehtirom, tadbirkorlik. Aql-zakovat, halollik, ezgulik kabi xislatlarni ulug‘laydi, ularga yolg‘onchilik, noinsoflik, fisqu fasod, bevafolik, dag‘allik, qo‘pollik, baxillik, nomardlik, quvlik, hurmatsizlik, nodonlik, johillik, haromxo‘rlik, ochko‘zlik kabi xislatlarni qiyoslab, ezgu xislatlarning yaxshi samaralari va salbiy xususiyatlarning yomon oqibatlarini misollar vositasida ishonarli qilib bayon etadi.
Insoniy munosabatlarning eng oliy mezoni sanalgan hurmat va ehtiromni tarkib toptirishning barcha ko‘rinishlari asarda o‘z ifodasini topgan. Mutafakkir ulug‘lar va kichiklar o‘rtasidagi xulq-odob qoidalari haqida gapirar ekan, shu asnoda kamtarlik, salomlashish odobi, talablari, qoidalarini ham tavsiya etadi. Yusuf Xos Hojib tarbiyada kattalar namunasi, ajdodlar tajribasi alohida ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlaydi.
Olim insonning turli marosimlar, yig‘inlar, uchrashuvlar, ziyofatlarda o‘zini tutishi, xulq-odob qoidalariga rioya etishi haqida fikr yuritib, mehmon va mezbonlik qoidalari, shartlari, tartib-intizomlari haqida muhim o‘gitlar beradi. Masalan, «Qutadg‘u bilig»dagi elchilar (diplomatlar) huzurida, shohlar saroyida, to‘y va aza marosimlarida kishi o‘zini qanday tutishi, odobi masalalari hozirgi davrda ham o‘ta dolzarbdir.
Yusuf Xos Hojib «Qutadg‘u bilig» asarini yozishda Sharqda keng yoyilgan o‘git-nasihat janriga doir asarlarga tayanib ish ko‘rsa ham mulohazalarni bayon etishda hayotiy dalillarga ko‘proq murojaat etadi.
Yusuf Xos Hojibning o‘zi kishilarga munosabatda o‘rtacha yo‘l tutishni tavsiya etadi. Shunda do‘st dushmanga aylanmaydi, ezgu ishlar amalga osha boradi.
Xulosa qilib aytganda, Yusuf Xos Hojibning mazkur asari insonni har tomonlama kamolga yetkazishda yirik asar bo‘lib, u o‘zining ilmiy, ma’naviy - ma’rifiy, tarbiyaviy ahamiyatini e’tirof etish zarur.
Dostları ilə paylaş: |