Xalqaro innovatsion universitet pedagopgika fanlari kafedrasi pedagogika nazariyasi va tarixi


Kaykovusning “Qobusnoma” asarining tarbiyaviy ahamiyati



Yüklə 5,55 Mb.
səhifə71/150
tarix10.09.2023
ölçüsü5,55 Mb.
#142395
1   ...   67   68   69   70   71   72   73   74   ...   150
MAJMUA PEDAGOGIKA TARIXI VA NAZARIYASI

Kaykovusning “Qobusnoma” asarining tarbiyaviy ahamiyati
Kaykovus 412-hijriy yili (milodiy 1021-1022) tug‘ilgan. Uning avlodlari gilon qabilasidan bo‘lib, Tabaristonda (hozirda Kaspiy dengizining janubidagi hudud) yashaganlar.
Kaykovus o‘z hayot faoliyati davomida tajribalarga asoslanib o‘zining buyuk «Qobusnoma» asarini yaratdi. Kitobni u o‘g‘li Gilonshohga bag‘ishlagan. Bu paytda Kaykovus taxminan oltmish yoshlarda edi.
«Qobusnoma» Sharqda saqlanib kelayotgan an’anaga ko‘ra pand-nasihat tarzida yozilgan bo‘lib, mana bir necha asrlardan buyon xalqlarni, jumladan yoshlarni hayotga, amaliy faoliyatga tayyorlashda, ularni har tomonlama yetuk inson qilib tarbiyalashda muhim qo‘llanma bo‘lib kelmoqda.
Lekin asarning «Qobusnoma» deb atalishining sababi, uning umuman Qobusga aloqasi haqida eslatilmaydi.
Kitob Eronda sakkiz marta nashr etilgan. Bularning eng mukammali mashhur olim Rizoqulixon Hidoyat tomonidan 1890-1891 -yillari chop etilgan nashri hisoblanadi. Asar keyinchalik Bombayda, Isfaxonda Fatxulla ibn Amulla Vali Urduni Baxtiyoriy tomonidan chop etildi.
Bundan tashqari, «Qobusnoma» ko‘plab Sharq va G‘arb tillariga tarjima qilinib, nashr etilgan. Jumladan, 1432 -yili Merjomak Ahmad ibn Ilyos tomonidan, 1705-yil Hasanposha Nazmizoda Murtazo tomonidan, 1881-yili Qozon tatarlari tilida Qayum Nosiriy tomonidan, 1860-yili Muhammad Rizo Ogahiy tomonidan o‘zbek tiliga, g‘arb tillaridan — nemis, fransuz, ingliz tillariga tarjima qilingan.
Tarixiy manbalarda Qobusning arab tilida yozgan, uchta kitobdan iborat mashhur «Nomalar»i bo‘lganligi qayd etiladi. Bular «Kamol al-balag‘a» («Suxandonlik kamoloti»), maqol va hikmatlar to‘g‘risidagi «Al-forida fil amsal val adab» («Nodir nomalar»), «Risola fil iftixor va kitob»(«Tanbeh va maqtov nomalari»)dir.
«Qobusnoma» murakkab yo‘lni bo‘sib o‘tdi. Sho‘ro mafkurasi davrida asarning insonni aqliy, axloqiy tarbiyalashdagi ahamiyati hokim sinf axloqini targ‘ib qilish deb baholandi. Kaykovusning Vatan haqidagi, kasb-hunarni ulug‘lovchi, bilimlarni egallash haqidagi fikrlari, diniy qarashlari siyosiy nuqtayi nazardan qoralanadi. Asarning qiymati faqat uning adabiy-badiiy, til xususiyati va tarixiy jihatlarida deb ta’kidlandi.
Ammo «Qobusnoma» asariga davr va shart-sharoitlar, siyosiy qarashlar ta’sirida qay darajada soya tashlanmasin, bu asar mashhur hind asari «Kalila va Dimna», Nizomul-mulkning «Siyosatnoma», Nosir Hisravning «Saodatnoma», Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig», Mahmud Koshg‘ariyning «Devonu lug‘atit-turk», Sa’diyning «Guliston», Ahmad Yugnakiyning «Hibbat ul-haqoyiq», Alisher Navoiyning «Mahbub ul-qulub», Voiz Koshifiyning «Axloqi Muhsiniy», Davoniyning «Axloqi Jaloliy» kabi axloqiy-ta’limiy asarlari bilan bir qatorda Sharq pedagogik fikr taraqqiyotida inson kamolotini shakllantirishda muhim o‘rinni egallaydi. Unda Sharq pandnomalaridagi an’anaga binoan va XI asrda paydo bo‘lgan yoshlar jamoasi juvonmardlik tarbiyasi ifodalandi. Muallif juvonmardlik haqida eng oxirgi bobda so‘z yuritadi. U odamlarning xislatlarini uch xilga bo‘ladi: biri aql, biri rostlik va yana biri juvonmardlikdir. Juvonmardlikni asosini Kaykovus uch narsada deb biladi. Birinchisi, aytgan so‘zning ustidan chiqish, ya’ni rostlik; ikkinchisi rostlikka xilof qilmak; uchinchisi, xayrili ishni ilgari tutish.
Insondagi boshqa barcha xislatlar shu uch narsaga bog‘liq, deydi Kaykovus. Juvonmardlikning ustunlarini (ruknlari) quyidagilarda deb ko‘rsatadi: jasurlik, mardlik, sabr-matonat, va’daga vafo qilmoq, pokdil va pokzabon bo‘lmoq; asirlar- ga ziyon yetkazmaslik, bechora kishilarga madad berib, yomonlarning yomonli- g‘idan yaxshilarni yiroq tutish, rostgo‘ylik, yaxshiga yomonlik qilmaslik, ziyon- zahmatdan saqlash, odamlarga ziyon-zahmat yetkazmaslik. Juvonmard sipoxiylar esa sabr-bardosh bilan ish tutishlari, kamtarlik va mehmondo‘stlik, saxiylik, to‘g‘rilik, pok kiyinish, yaxshi qurollanishi zarurligini qayd etadi.
Mazkur bobda yana juvonmardlik yo‘lini tanlagan yoshlarga uch narsadan o‘zini: ko‘zni yomon nazardan, qo‘lni yomon ishdan. Tilni yomon so‘zdan saqlashni tavsiya etadi.
Uch narsani do‘st va dushmanga ochiq tut: uy eshigini, sufra boshini, hamyonning bog‘ichini, deydi. So‘ng hamma vaqt rostgo‘y bo‘lish. xiyonat qilmalik ham juvonmardlikning ko‘rinishlaridan, deb biladi. Kaykovus juvonmardlikning kamolot nuqtasini ko‘rsatuvchi mezon deb o‘z mol-mulkini o‘zganikidan ajrata bilish, xalq mulkiga ta’ma qilmaslik, birovning mol-mulkiga xiyonat qilmaslik, xalqqa yomonlik qilmaslik, qanoatli bo‘lish kabilarda deb biladi.
Kaykovus shunday deydi: «... barcha fikr va tushunchalarimning sening uchun kitobga yozdim va har bir ilm, ham hunar va har peshakim bilur edim, hammasini qirq to‘rt bobda bayon etdim». Kitobda juvonmardlar egallashi zarur bo‘lgan quyidagi yo‘nalishlarda ta’lim-tarbiya berish nazarda tutilgan:

  1. Kaykovus bilim olish haqida.

  2. Hunar va turli kasb egalari haqida.

  3. Turmush va xulq-odob qoidalari haqida.

  4. Jismoniy yetuklik haqida.

Chunki har bir juvonmard uchun tan, jon, havos va maoniy, ya’ni ham sipoxiylik, ham ma’rifat, ham donishmandlikka ega bo‘lish zarur bo‘lib, bu xislatlar ana shu yuqoridagi to‘rt yo‘nalishda zikr etilgan. Kaykovus ilmni uchga bo‘ladi: biror kasb-hunarga bog‘liq bo‘lgan ilm; ilm bilan bo‘gliq kasb-hunar hamda xayr va dalolatga taalluqli odat.
Birinchisiga, ya’ni biror kasb bilan bog‘liq ilmlarga tabiblik, munajjimlik, muhandislik, yero‘lchash va boshqalar kiritiladi. Ilmga taalluqli kasblar musiqa asboblari ustasi, hayvonlarni davolovchi, binokorlik va boshqalar bo‘lib, har qanday usta bo‘lsa ham bu boradagi ilmni bilmasa, hech ish qila olmasligi ta’kidlanadi.
Ilm olish yo‘liga kirgan toliblarga ham yo‘llanmalar beradi:
Hamma vaqt parhezli va qanoatli bo‘lish, bekorchilikdan o‘zini tiyish, doimo shod-xurram va harakatchan bo‘lish, kitob o‘qishga berilish, ilm yolida qayg‘u-hasratga berilmashk, ilmni yodda saqlash uchun takrorlab borish, yod olish, ilmda haqiqat uchun kurashish, taqlid qilmaslik, doimo o‘z yonida kitob va boshqa o‘quv qurollarini saqlash, oz so‘zlab, ko‘p tinglash haqida fikr bildiradi. Ilm yo‘lida munozaradan chekinmaslik, lekin uni janjalga aylantirmaslik, isbot va dalillar bilan o‘z fikrini bayon qilish zarurligini ta’kidlaydi. Yana u olimning aytgani bilan qilgan ishi bir bo‘lishi kerakligi, ilmni chuqur o‘rganish, har bir kasb, sohaning bilimdoni bo‘lishda doimo kamtar, oqil, xalqparvar, har bir narsani oldindan ko‘ra oladigan bo‘lish kerakligini ham ko‘rsatib o‘tadi. Zero, ilmni faqat kitobdan o‘rganish bilan cheklanib qolmay, aql, tafakkur bilan hukm chiqarish zarurligini ham ta’kidlaydi. Ana shu talablar asosida u tijorat ilmi, tib ilmi, nujura (yulduzlar) ilmi, handasa (geometriya) ilmi borasida o‘z qarashlarini tarbiyalashda ularga ilmu odob o‘rgatishlari zarurligi ta’kidlanadi.
Kaykovus bilim va aqlning ahamiyatini ulug‘lar ekan, uni mol-dunyodan yuqori qo‘yadi: «Agar molsizlikdan qashshoq bo‘lsang, aqldan bo‘y bo‘lmoqqa sa’y ko‘rguzgilki, mol bila bo‘y bo‘lg‘andan, aql bila bo‘y bo‘lg‘on yaxshiroqdur, nedinkim aql bila faol jam etsa bo‘lar, ammo mol bila aql o‘rganib bo‘lmas. Bilg‘il, aql bir moldurki, uni o‘g‘ri ololmas, u o‘tda yonmas, suvga oqmas»— deb ta’riflar ekan, inson adabi ham aqlning belgisi(«al-adab-suratil aql»), deya xulosa chiqaradi.
Kaykovus jarmiyat taraqqiyotida ilm bilan birga kasb-hunarning ham zarurligini ta’kidlaydi: «Agar kishi har qancha oliynasab va aslzoda bo‘lsayu, ammo hunari bo‘lmasa, u xaloyiqning izzat va hurmatidan noumid bo‘lur. Ulug‘lik aql va bilim biladur, nasl-nasab bilan emas. Otni senga ota va onang qo‘ymishlar, sen unga mag‘rur bo‘lmag‘il... Ammo sen hunar bila bir nomga ega bo‘lg‘il». Shuning uchun ham asarda turli kasb egalari ulug‘lanadi. Kasb-hunar o‘rganishni bilim olish bilan qo‘shib olib borishni tavsiya etiladi. Fan amaliyot bilan uzviy aloqada qaraladi. Kaykovusning bu qarashlari o‘sha davrning ilg‘or qarash- laridandir.
«Qobusnoma»da yoshlar tarbiyasida - juvonmardlik talablaridan eng muhimi — axloq tarbiyasi deb ko‘rsatiladi. U yoshlarda insonga nisbatan insoniy munosabatda bo‘lish, adolatlilik, samiylik, saxiylik kabi xislatlarni tarkib toptirishni istaydi va asarning bo‘shidan oxirigacha ana shu ezgu maqsadni amalga oshirishga harakat qiladi.
Ko‘rtnib turibdiki, Kaykovus qarashlarida inson tarbiyasi omili muhim o‘rin
tutadi.
U axloqlilikning birinchi belgisi suxandonlik deb biladi. U (suxango‘ylik) notiqlikda rost so‘zlash kerakligini ta’kidlaydi. Kaykovus so‘zlarni to‘rt xilga bo‘lgani kabi odamlarni ham to‘rt xilga bo‘ladi. Birinchi xil kishilar ko‘p narsani biladi va yana bilgisi kelaveradi. Bular olimlar bo‘lib, ularga bo‘ysunish kerak, deydi. Ikkinchisi, bilmagan narsasini bilishga harakat qiladi, ular qobil kishilar bo‘lib, bunday kishilarga o‘rgatish kerak. Uchinchisi, bilganini ham bilmaydi, uyquda yashagandek, ularni «uyg‘otish» kerak. To‘rtinchisi, bilmaydi va bilmaganini tan olmaydi. Bular johil kishilar bo‘lib, ulardan qochish kerak, deydi.
So‘zlarning esa birinchi xili bilinmaydi va aytilmaydi; ikkinchisi aytiladigan va biladigan; uchinchisi ham bilinadi, bam bilishga zarurati yo‘q, ammo aytsa bo‘ladi. To‘rtinchisi, bilinadigan va aytiladigan. Eng yaxshisi, to‘rtinchisi, ya’ni bilinadigan va aytiladigani, deydi. So‘zlaganda andishali bo‘lish, sovuqso‘zli bo‘lmaslik, kam gapirish, kamtarlik, maqtanmaslik, birovning so‘zini diqqat bilan eshitish odoblarini ta’kidlaydi.
Kaykovus yuksak axloqlilikning yana bir tarkibiy qismi do‘stlik deb biladi va do‘st tutmoq odobi haqida fikr bayon etar ekan, uning asosiy talablarini talqin etadi.
Kaykovus, avvalo, inson do‘stsiz bo‘lgandan ko‘ra, birodarsiz bo‘lgani durustdir, deydi. Kishining do‘sti qancha ko‘p bo‘lsa, aybi shuncha sir tutiladi va fazilati ko‘payadi. Kaykovus qiyinchiliklarda hamdard, tayanch bo‘ladigan, sadoqatli, ta’magir, hasadgo‘y bo‘lmagan, aqlli, ilmli, muruvvatli kishilarni do‘st tutish mumkin, deb ta’kidlaydi. Do‘st bilan dushmanni ajrata bilish, dushman oldida o‘zini ojiz ko‘rsatmaslik, kuchli dushman va xiyonatchi, chaqimchi, sir ochuvchi do‘stdan saqlanishni maslahat beradi.
Kaykovus do‘stlikni insonning kamolotini ko‘rsatuvchi axloqiy xislatlardan biri sifatida talqin etgan.
«Qobusnoma»da jismoniy tarbiyaga ham katta ahamiyat berilgan. Zero, Kaykovus asarini juvonmardlar tarbiyasiga bag‘ishlar ekan, ularning eng avvalo jismonan sog‘lom bo‘lib kamolga yetishini alohida ta’kidlaydi.
Buni biz asardagi «Shikorga chiqmoq zikrida», «Urush qilmoq zikrida», «Chavgon o‘ynamoq zikrida», «Sipohsolarlik shartlari va odatlari zikrida» va boshqa boblarda ko‘ramiz.
Kaykovus, avvalo har bir tartibli, aqlli kishi o‘z vaqtini to‘g‘ri taqsimlashi va undan to‘g‘ri foydalanishini tavsiya etadi: «Hushmand (aqlli) kishilar o‘zlarining har bir ishlariga aniq vaqtni tayin etibdurlar. Ular kecha va kunduzning yigirma to‘rt soatini o‘z ishlariga taqsim qilibdurlar. Bir ishni yana bir ishdan farq etib, unga vaqt, had (chegara) va andoza (o‘lchov) paydo qilibdurlar, toki ishlar bir- biriga aralashmag‘ay».
Kaykovus inson o‘z tanining toza, pokiza bo‘lishiga ham e’tibor berishi kerak, deydi. Uning «Hammomga borish zikrida», «Uxlamoq va osuda bo‘lmoq zikrida», «Tamkin sharofatining va taom tartibining bayoni» kabi boblarida uxlamoq, yemoq-ichmoq, hammomga bormoq qoidalari asosida yoshlarga jismoniy-axloqiy tarbiya asoslari singdirilgan.
Demak, «Qobusnoma» XI asrda yuzaga kelgan yirik tarbiyaviy asardir. Bunda o‘sha davrga xos har bir yosh egallashi zarur bo‘lgan aqliy, axloqiy, jismoniy tarbiya bilan bog‘liq faoliyat turlari: otda yurish, merganlik, suvda suzish, harbiy mashqlar san’ati, ifodali o‘qish, hattotlik san’ati, she’r yoza olish, musiqiy bilimga ega bo‘lish, shatranj va nard o‘yinini bilish kabilar ham o‘z ifodasini topgan. Kaykovusning katta xizmati shundaki, u yoshlarni hayotga tayyorlashda ularni har tomonlama kamolga yetkazishning nazariy masalalarini amaliy faoliyatga tatbiqi nuqtayi nazaridan ifodalashi bilan hamma zamonlarda, har qanday tuzumda ham o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmadi va amaliy hayot dasturi sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.

Yüklə 5,55 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   67   68   69   70   71   72   73   74   ...   150




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin