2. 2. Pedagogikaning asosiy (kategoriya) tushunchalari. Pedagogika fanining obyekti asosan maktab o‘quvchilaridir, predmeti esa o‘quvchi (talaba)larga berilayotgan ta’lim-tarbiya nazariyasi va amaliyotidir. Pedagogika ta’lim-tarbiya maqsadini jamiyat talablariga va o‘quvchilarning yosh xususiyatlariga qarab mazmunan o‘zgarib borishini o‘rgatadi, tarbiyaning tarkibiy qismlarini va ular o‘rtasidagi bog‘lanishlarni ochib beradi.
Pedagogika faniga tavsif berilganda «ta’lim», «tarbiya», hamda «ma’lumot» degan so‘zlarni ishlatdik. Bu so‘zlar o‘zaro bog‘langan bo‘lib bir-birini to‘ldiradi. Shunday qilib pedagogikaning asosiy kategoriyalari (tushunchalari) quyidagilar: Ta’lim, tarbiya, ma’lumot, shaxsning kamol topishi, maktab. Bundan tashqari «o‘quvchi», «o‘qituvchi», «usul», «intizom», «irsiyat», «muhit», «direktor», «talaba» kabi tushuncha-nomlar ham mavjudki, ular ham pedagogik tushunchalar hisoblanadi.
Ta’lim deb – maxsus tayyorlangan kishilar rahbarligida o‘tkaziladigan, o‘quvchilarni bilim, ko‘nikma va malakalar bilan qurollantiradigan, ularning bilish qobiliyatini o‘stiradigan, dunyoqarashini shakllantiradigan jarayondir.
Agar tarbiya bola tug‘ilgandan boshlab umrining oxirigacha oilada, maktabda va jamoaatchilik ta’sirida shakllansa, kamol topsa, ta’lim chegaralangan (M/n: sinf xonasi, kabinetlarda) joyda tashkil etiladi. Ta’lim o‘qituvchi tarbiyasi (ta’limni) rahbarligida muayyan belgilangan vaqtda olib boriladi.
Tarbiya deb – yosh avlodni ma’lum faoliyatga tarbiyalash uchun ularga ma’lum maqsadga qarata planli va sistemali ta’sir etishga aytiladi. Tarbiya bola tug‘ilgandan boshlab umrining oxirigacha davom etadigan jarayondir. Tarbiya ta’lim va ma’lumot natijalarini o‘zida aks ettiradi.
Ma’lumot deb – ta’lim-tarbiya natijasida, hosil qilingan bilim, ko‘nikma va malakalar, dunyoqarashlar majmuiga aytiladi. Ta’lim, tarbiya va ma’lumot uyg‘unlashgan yagona jarayon bo‘lib, o‘qituvchi-tarbiyachi ularning shakllanishida yetakchilik qiladi. O‘qituvchi maktabda dars berar ekan o‘quvchilarni fan olami yangiliklaridan xabardor etadi, ayni paytda ularda insoniy sifatlarni shakllantiradi, tarbiyalaydi.
Shaxsning shakllanishi va rivojlanishi (kamol topishi) deb – ta’lim –tarbiya natijasida, shuningdek irsiyat va muhitning ta’siri natijasida odamning inson mohiyatiga ko‘tarilishi va inson shaxsining aqliy, aqloqiy, jismoniy jihatdan mukammallashiga aytiladi. Insonni ta’lim-tarbiya orqali, tarbiyaviy ta’sir natijasida hamda irsiyat va muhitning ta’sirida uning shakllanishi, rivojlantirish mumkin. Bu jarayon insonning butun hayot yo‘li davomida olib boriladi va ta’sir natijasini ko‘rsatadi.