4.Yiringli infeksiya – kasallikni chaqiruvchi mikroblarning asosiy xususiyatlaridan biri bo’lib, u kislorod mavjud bo’lgandagina rivojlana oladi. Bu infeksiya asosan mahalliy o’zgarishlarni chaqirib, faqat ayrim hollardagina umumiy infeksiya holatiga o’tadi. Yiringli infeksiyaning boshlanishiga asosan teri va shilliq pardalar jarohatlanishi natijasida yuqumli kasallikning chaqiruvchilari organizmiga tushishi sabab bo’ladi. Aerob mikroblar tarkibiga stafilokokk, streptokokk, kriptokokklar, ko’k yiring tayoqchasi, ichak tayoqchasi va yiring hosil qiluvchi mikroblar kiradi. Xususan shu mikroblarning eng ashaddiysi turli xildagi stafilokokklar (tilla rang, oq, sariq va hokazo) hisoblanadi.
Yiringli infeksiyaning asosiy shakllari. Abssess (xuppoz) – klechatka yoki boshka to’qimalarning chegaralangan yiringli yallig’lanishi. Bu jarayon atrofga tarqalmay, sog’ to’qimalardan aniq chegara bilan ajralib turadi va atrofi yiringli parda bilan qoplangan bo’ladi.
Kelib chiqishiga asosiy sabab – organizmda shikastlanish yoki jarohatlanish natijasida to’qimalarning yiring chaqiruvchi mikroblar bilan zararlanishi. Abssessning paydo bo’lishida yiring chaqiruvchi mikroblar: streptokokk, stafilokokk, kriptokokk, ko’k yiring tayoqchasi, ichak tayoqchasi, sil tayoqchasi, aktinomitsetlar va boshka zamburug’lar asosiy rolni o’ynaydi.
Bazan abssesslar kimyoviy moddalarning organizmga tushishi yoki yuborilishi natijasida hosil bo’ladi. Masalan: kerosin, skipidar, kroton moyi, xloralgidrat.
Tasniflanishi. Abssesslar bo’lishi mumkin: o’tkir, yarim o’tkir, surunkali; aseptik va infeksion; yuzaki va chuqur; bezarar va yomon sifatli (xatarli); metastatik, sovuq va oqma abssesslar.
Rivojlanish bosqichiga qarab abssesslar bo’lishi mumkin – shakllanuvchi, yetiladigan va yetilgan.
Yetilgan yuzaki abssesslar – oson aniqlanib, yengil kechadi va o’z – o’zidan yorilib bitadi. Teri abssesslari chuqur yiringli – nekrotik jarayonlarda (artrit, osteomiyelit) hosil bo’lishlari mumkin.
Chukur abssesslar –aniqlanishi qiyin bo’lib, og’ir kechadilar. Ko’pincha yiring atrof to’qimalarga yoki anatomik bo’shliqlarga o’tishi natijasida asoratlar kuzatiladi. “Uyqudagi” infeksiya o’choqlarini hosil qiladi.
Bezarar abssesslar – jarayon atrofida mustahkam granulatsion to’siqning rivojlanishi va infeksiya bostirilishi bilan harakterlanadi. Bunday abssesslar 5–7 kun ichida rivojlanadi. Yiringning rangi sarg’ish bo’lib, spetsifik xidga ega. Yiringxona devorlari pushtirang yoki qizil tusda granulatsion (piogen) to’qima bilan qoplangan bo’ladi. O’lgan to’qimalar bo’lmaydi. Mikroblar o’lgan. Qoramol va cho’chkada bunday abssesslar inkapsulyatsiyaga uchraydi.
Zararli abssesslar – generalizatsiyaga moyilligi bor jarayon. Yallig’lanish shishi issiq, tarqalgan bo’lib, og’riydi. Bunday abssesslar tezda flegmonaga aylanishi mumkin. Ular mikrobning virulentligi kuchli bo’lsa va giperergik yallig’lanishda hosil bo’ladi.
Yiring qo’ng’ir tusda, suyuq, sassiq. Mikroblar tirik. Yiringxona devorlari o’lgan to’qimalar bilan qoplangan. Piogen parda to’liq rivojlanmangan, nekrozga chalingan, abssess bo’shlig’ida to’qimali cho’ntaklar va o’yiqlar mavjud. Kechishi asosan o’tkir, kam hollarda surunkali. Surunkali kechishida ular sovuq bo’lishi mumkin (sil abssessi).
Sovuq abssess – surunkali kechadi va kechikib yetiladi, yallig’lanish belgilari kuchsiz, mahalliy harorat va og’rik past. U gipoergik yallig’lanish reaksiya asosida kechadi. Devorlarining tuzilishi zamburug’simon, ko’kimtir rangda bo’lib, nekrozga chalingan granulatsiya bilan qoplangan. Abssess yorilgandan so’ng o’rnida oqma hosil bo’ladi.
Oqma abssess – sovuq abssessning bir xili bo’lib, odatda yiring sovuq abssessdan chiqib qon tomirlar va nervlar bo’ylab muskullar orasiga, fassiyalar ostiga va boshqa bo’shliqlarga oqib tushishidan hosil bo’ladi. Qo’ylarda brutsellyoz, otlarda uzoq vaqtga cho’zilgan abssess va flegmonalarda, sigirlarda sil kasalligida kuzatiladi.