Ularga yahudiy dini bilimdonlari ta'lim berishgan. Maktabni tugatgach, o‘quvchilar sinagoglarda “shoxet” (diniy marosim uchun qurbonlikka keltirilgan muqaddas jonliqni so‘yish huquqiga ega shaxs) lavozimida ishlash uchun rishut – ruxsatnoma olishgan .
Moddiy imkoniyati cheklangan oila farzandlari uchun maxsus maktablar – “talmud tora”lar tashkil etilgan. Qizlar esa “xonagi” usulda, ya'ni, uy sharoitida ta'lim olishgan. Shuningdek, o‘qish muddati 3 yil bo‘lgan yahudiy rus-tuzem maktablari faoliyat ko‘rsatib, unda ruscha o‘qish va yozish, matematika, geografiya, tarix o‘qitilgan. Barcha yahudiy maktablarida mahalliy til bilan birga ularning ona tili – ivrit tilini ham o‘qitishga alohida e'tibor qaratilgan. XX asrning boshlarida Samarqandda 30 dan ortiq xederlar(5 tasi talmud-tora bo‘lgan) va ikkita ieshivo faoliyat ko‘rsatgan. Ularning barchasida ivrit tili o‘rgatilgan.