Rudani qayta ishlash va mineral xomashyoni boyitish Chodak OSFga kvars-karbonat ruda kelib tushadi. Rudadagi asosiy sanoat-qimmatbaho komponentlar oltin va kumushdir. Oltin va kumush, kimyoviy va spektral tahlili yordamida ruda tarkibida quyidagi kimyoviy elementlar: qo‘rg‘oshin, mis, rux, temir, kadmiy, kobalt, volfram, qalay, vismut, mishyak, berilliy, natriy, germaniy, vanadiy, molibden, titan, surmalar aniqlandi. Yuqoridagi barcha elementlar, ularning past tarkibi tufayli, mustaqil sanoat darajasida ahamiyat kasb etmaydi va ular bilan bog‘liq tarkibiy qismlar sifatida foydalanilmaydi.
Angren oltin saralash fabrikasi Angren oltin saralash fabrikasi Angren kon boshqarmasi tarkibiga kiradi.
Hozirgi vaqtdagi asosiy texnologik jarayonlar quyidagilar hisoblanadi:
rudani ikki bosqichda 60% klassgacha maydalash - 0,074 mm;
oltintarkibli konsentrat olib flotasion boyitish;
konsentratni quyultirish;
konsentrat filtrasiyasi;
kekni (konsentratni) quritish.
Olingan konsentrat, affinajli oltin va kumush olish uchun, avtomashinalarda Olmaliq shahridagi Mis eritish zavodiga yuboriladi.
Mis boyitish fabrikasi Mis boyitish fabrikasi - Qalmoqqir mis-molibden rudasi, 2-mis boyitish fabrikasi mis-molibden konsentrati, Rux zavodi keklari hamda Angren kon boshqarmasi va Kovuldi konining flyus rudalarini qayta ishlaydi.
Mis boyitish fabrikasi “Olmaliq KMK” AJ tarkibiga kiruvchi asosiy korxonalardan biri hisoblanadi.
Fabrika maydoni Piskent tumanidan 28 km uzoqlikda, Olmaliq shahriga nisbatan esa 5,2 km uzoqlikda joylashgan. Fabrika Mis eritish zavodi bilan bir maydonda joylashgan.
Fabrika tarixi Mis-molibden rudalarini o‘rganish jarayoni 1932-yilda boshlangan. 1947-yilda “Giprosvetmet” (Moskva) instituti tomonidan kombinat qurilishi uchun loyiha tuzish ishlari boshlangan.
1949-yilda “Giprosvetmet” (Moskva) instituti tomonidan Olmaliq tog‘-kon rudalarini tajribadan o‘tkazish ishlari amalga oshirildi.
1950-yilda Olmaliq shahrida yirik kombinat qurilishi ishlari boshlandi.
1953-yili “Mexanobr” (Leningrad) instituti tomonidan boyitish fabrikasini qurish uchun loyihaviy topshiriq ishlab chiqilgan va keyinchalik ushbu loyiha bir necha marotaba o‘zgartirishlarni o‘z ichiga olib 1956-yilda tasdiqlandi.
1958-yilda “Mexanobr” (Leningrad) instituti tomonidan texnik pasport ishlab chiqilgan.
1961-yil iyun oyida Mis boyitish fabrikasining birinchi seksiyasi ishga tushirilgan, keyinchalik 1962-yil mobaynida to‘rtta seksiya ishga tushirildi. Beshinchi seksiya 1970-yilda, 6-9 seksiyalar 1965-1967-yillar mobaynida foydalanishga topshirildi.
1973-1974-yillarda 1-4 seksiyaning rekonstruksiya ishlari tugatilib, ishlab chiqarish quvvati 3,7 million tonna rudani qayta ishlashga tenglashdi.
6-9-seksiyalarning rekonstruksiya ishlari 1983-yilga to‘g‘ri kelgan.
1986-1988-yillarda “Mexanobr” (Leningrad) instituti tomonidan 8,8 mln tonna rudani qayta ishlashga mo‘ljallangan 2,5 seksiya hajmida sulfidli va oksidli rudalarni qayta ishlash maqsadida 2-maydalash va boyitish majmuasi foydalanishga topshirildi. Biroq keyinchalik oksidlangan rudalarni qayta ishlashga mo‘ljallangan texnologik kompleksning qurilish ishlari yakuniga yetmagani sabab, tarkibida 2 ta tegirmon bilan yarim seksiya sulfidli rudalarni qayta ishlashga topshirildi.
1992-yilda 1-monoseksiya, 1995-yilda 2-monoseksiya foydalanishga topshirildi. 1-uchastka flotoparki rekonstruksiyasi vaqtida FMR–6,3 flotomashinalari FPM–16 flotomashinalariga almashtirildi.
2004-yilning may oyidan 2005-yilning dekabr oyiga qadar 2-uchastkada texnik qayta jihozlanish ishlari amalga oshirildi. 6-,7-,8- va 9- seksiyalarning hisobiga 3- va 4-monoseksiyalar vujudga keldi hamda FPM-12,5 flotomashinalari SP ZAO “IVS” RIF-45 va RIF-25 flotomashinalariga almashtirildi.
2010-yilning sentabr oyidan dekabr oyigacha 10-12-seksiyalarda texnik qayta jihozlanish ishlari amalga oshirildi. Ushbu seksiyalarning birlashishi natijasida 5-monoseksiya vujudga keldi.
1-uchastkaning avvalgi 5-seksiyasi maydonida 6-monoseksiya foydalanishga topshirildi. Rekonstruksiya vaqtida SP ZAO «IVS» RIF-45 va RIF-25 flotomashinalari ishga tushirildi.
Yangi monoseksiyalarning foydalanishga topshirilgan sanalari:
- 5-monoseksiya 2010-yilning noyabr oyida;
- 6-monoseksiya 2010-yilning dekabr oyida.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori asosida “MBF maydalash va yanchish bo‘linmalarining rekonstruksiyasi” ishlari amalga oshirildi.
2013-yil fevral oyida birinchi bosqich yakuniga kelib, 2-MBM 11-seksiyasida 2 ta 2-bosqich tegirmonlari foydalanishga topshirildi.
Keyinchalik ishlab chiqarish quvvatlarini bir me'yorga keltirish va sarf harajatlarni kamaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan “Olmaliq KMK” AJni 2009-2015-yillar mobaynida modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash dasturi” asosida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
2016-yil dekabr oyida loyihaga asosan, yanchish va flotasiyalash sexi tarkibida maydalash va yanchish bo‘linmasi jag‘li maydalagich PEJ 1521 (ShDP 15x21), yarim o‘zi yanchuvchi tegirmon MMPS-9500x5400 va 2 ta MShS-5800x8100 sharli tegirmonlari bilan foydalanishga topshirildi.
2016-yil oktyabr oyidan mis-molibden konsentratlarini saralash va quritish sexi filtrlash va quritish bo‘linmasini qayta jihozlash maqsadida 3 ta KA400/1600-Z1.1 press-filtrlarining montaj ishlari amalga oshirildi. 100 tn/soatiga ishlab chiqarish quvvati bilan filtr-presslash uchastkasi 2017-yil fevral oyida foydalanishga topshirildi.