7.Harorat xususiyatlari oksyumoronlari: Bog‘da O‘riklar gullagan qiyg‘os, poyimda maysalar nafis, yuzlarimga urilar issiq qor. 8.Miqdor bildiruvchi oksyumoronlar: Rosa vazmin anavi odam, havoda qush kabi yuradi uchib. Xullas, oksyumoronlar shaklan oddiy so‘z birikmasi ko‘rinishida shakllansa-da, semantik jihatdan o‘ziga xos bo‘ladi. Oddiy so‘z birikmasida qismlar maʼnosi jihatdan bir-biri bilan mutanosib ravishda bog‘lanadi, oksyumoronda esa bu mutanosiblik buzilib, nomutanosiblik asosiy o‘ringa ko‘tariladi. Bu, ayniqsa, badiiy nutqda asar qahramonlari yoki obrazlarning xarakterli belgilarini ochib berishda qulay uslubiy vositalardan biri hisoblanadi. Oksyumoron usulida shakllangan birikmalar g‘ayriodatiy bo‘lib, fikrni taʼsirli va stilistik jihatdan buyoqdor, ifodali tarzda ifodalashda samarali uslubiy vosita hisoblanadi
XULOSA 1. Bugungi globallashuv va integratsiya jarayonida milliy tilimizning ichki imkoniyatlarini yanada chuqur tadqiq etish katta ahamiyatga ega, madaniyatimizning uzviy bir qismi hisoblangan badiiy nutqda qo‘llanuvchi tasviriy vositalar, jumladan, oksyumoron usuli yordamida shakllangan sintaktik qurilmalarning nutqda qo‘llanilishi millat ruhiga yaqinligi bilan ajralib turadi.
2. So‘zlovchining anʼanaviy ifoda vositalaridan zerikishi yoki yangicha shakl orqali o‘ziga xos mazmun bayon qilishga intilishi va nutqqa retsipiyent eʼtiborni tortishga urinishi kabilar oksyumoronni yuzaga keltiruvchi asosiy omildir. Oksyumoronda ijodkorning badiiy-estetik maqsadi yetakchi o‘rin tutishi, o‘ziga xos uslubini shakllantirishda alohida o‘ringa ega bo‘lishi, birikmaning mantiqan zid, qarama-qarshi komponentlardan voqelanishi uning individual xususiyatini ko‘rsatadi.
3.Tursun Ali sheʼriyatining lingvopoetik xususiyatlaridan oksyumoronni tadqiq etish o‘zbek lingvopoetikasini boyitishga va taraqqiy ettirishga xizmat qiladi. Shuningdek, nutq jarayonida tovushlar talaffuzidan hosil bo‘ladigan ekspressiv ottenkalarni o‘rganuvchi soha – fonika tovushlar uyg‘unligi qonuniyatlarini o‘rganish barobarida milliy poetikaning bir qator qonuniyatlarini ochishga va muayyan ijodkor uslubiga xos bo‘lgan jihatlarni o‘rganishga ko‘maklashishi Tursun Ali ijodi misolida dalillandi.
4. Tursun Ali sheʼriyatidagi til birliklarining lingvopoetik qudratini faqatgina leksik vositalar doirasida semantik-stilistik tahlil orqali tasavvur etib bo‘lmaydi. Bunda fonosemantik va fonostilistik omillar ham hisobga olinishi zarur.
5. Tursun Ali sheʼriyatidagi til vositalarining poetik aktuallashuvi lirik qahramon – inson ichki dunyosini ochishga va matnning emotsional taʼsirchanligini oshirishga yo‘naltirilgan. Shoir ana shu yo‘l bilan inson ruhiyatiga chuqur kirib borish va uning estetik olamini kashf etish orqali o‘zining ko‘zlagan badiiy niyatini ro‘yobga chiqargan.
6.Tursun Alining oksyumorondan ustalik bilan foydalanish mahorati sheʼr matnidagi poetik maʼnoning aktuallashtirishga, lirik qahramon kayfiyati, dunyoqarashi va ruhiyatini ochib berishga hamda badiiy matn tilining ravon bo‘lishiga xizmat qilgan va shoir ijodining originalligini taʼminlab, alohida lingvopoetik qimmat kasb etgan. Shoir sheʼriyatida oksyumoron, o‘xshatish, antiteza , jonlantirish kabi badiiy sanʼatlarning qo‘llanishi o‘ziga xos lingvopoetik tabiatini ifodalaydi.