Yer tuzumi va yer islohati maqsadi va vazifalari yer egaliklari va yerlardan foydalanuvchilik.Xo`jaliklararo va xo`jalik ichida yer tuzish farqi va va ahamiyati O`zbekistonni hozirgai yer tuzmini asosiy xususiyatlariuyh
Yerdan oqilona foydalanish- bu butun xalq xo‘jaligini rivojlantirish manfaatlariga mos, ajratilish maqsadiga erishishda eng samarali, atrof muhit bilan o‘zaro optimal ta’sirni, yerdan foydalanish va uni ajratish jarayonida uning muhofazasini ta’minlaydigan foydalanishdir. Bizning mamlakatimizda yerdan foydalanish tizimi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Yer kodeksiga va boshqa qonunlarga, Prezident farmonlariga asoslanadi. Uning asosiy belgilari quyidagilar: yer Respublikamiz hududida yashayotgan xalqlarning hayoti va faoliyati asosi hisoblanadi; har bir fuqaro yer olish huquqiga ega; yerga xususiy mulkchilik huquqi tan olinadi va himoyalanadi; yer uchastkalarini mahalliy boshqaruv organlari egalik qilishga va foydalanish uchun berishadi va qaytarib olishadi; yerga egalik qilish va yerdan foydalanish to‘lovlar asosida amalga oshiriladi, to‘lovlar yer solig‘i va ijara haqi shaklida olinadi; qishloq xo‘jaligi yerdan foydalanishda ustivorlikka ega; yerdan maqsadli va oqilona foydalanish kerak; yerda xo‘jalik yuritishning ko‘p turliligi va barcha shakllarining tengligi o‘rnatilgan; yerga mulkchilik, egalik va doimiy foydalanish huquqlari yer uchastkasini ajratish to‘g‘risidagi davlat dalolatnomasi yoki guvohnomasi bilan tasdiqlanadi; davlat tomonidan yerlarni muhofazalash tartibi va mazmuni belgilanadi, yer tuzishning maqsadi va vazifalari aniqlanadi.
Yer tuzish - bu yer egaliklari va yerdan foydalanuvchilarni tashkil etish va tartibga solishni, fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jalik korxonalari va tashkilotlari hududlarini tashkil etishni, ma’muriy bo‘linmalar va muhofazalanadigan hududlar chegaralarini belgilashni o‘z ichiga oladigan, yerlardan oqilona foydalanishni va muhofaza qilishni tashkil etish bo‘yicha tadbirlar, iqtisodiy, injenerlik va huquqiy xarakatlar tizimidir. Yer tuzish ko‘p asrlik tarixga ega. Uning rivojlanish jarayonida hozirgacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan katta va har tomonlama amaliy tajriba to‘plangan. U hamma vaqt ham davlatning agrar siyosatini amalga oshirish vositasi bo‘lib keldi va har bir tarixiy bosqichda yechiladigan vazifalar bilan chambarchas bog‘langan. Hozirgi sharoitda yer tuzish yordamida yerdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi samaradorligini oshirish, ASM ishlab chiqarish infratizimini optimal joylashtirish, ekologik muhitni yaxshilash va boshqa ko‘plab masalalar yechiladi. Hattoki, krizis (tanglik) davrlarida, davlat qishloq xo‘jaligining tushkinligiga, yerlardan nooqilona foydalanishga olib keladigan samarasiz iqtisodiy va ijtimoiy siyosat olib borganda ham, yer tuzish qandaydir darajada bu jarayonlarga to‘sqinlik qildi. Yer tuzuvchilar hamma vaqt o‘z imkoniyatlari darajasida yerlarning talon-taroj qilinishiga va buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilishdi.Yer tuzishning mazmuni va vazifalari O‘zbekiston Respublikasi «Yer kodeksi»da ko‘rsatilgan.
Yer tuzishga kiritilgan asosiy ishlar jumlasiga quyidagilar qiradi: yer resurslaridan foydalanish va uni muhofaza qilish chizmalarini va yer tuzish chizmalarini ishlash; yer egaliklari va yerdan foydalanishlarni tashkil etish va tartibga solish loyihalarini tuzish, uchastkalarni joylarda ajratish, yerga egalik qilish va foydalanish huquqini beradigan hujjatlarni tayyorlash, xo‘jaliklarda ichki yer tuzish loyihalarini, yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha boshqa loyihalarni tuzish; tabiatni muhofaza qilish, rekreatsion maqsadlardagi va qo‘riqxona hududlarining chegaralarini belgilash; aholi yashash joylari chegaralarini belgilash va o‘zgartirish; izlanish va qidirish ishlari. Yer tuzish xizmatlari ayrim uchastkalarda, qishloq xo‘jalik korxonalarida va fermer xo‘jaliklarida, ma’muriy tumanlarda va yirik mintaqalarda, butun mamlakatimizda yerdan foydalanishni tashkil etadi. Ularning faoliyati O‘zbekistonning «Yer kodeksi» va boshqa me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Yer tuzish amaliyoti aniq nazariy asosga suyanadi. «Yer tuzishning ilmiy asoslari» fanining asoschisi, akademik S.A.Udachin (1903 - 1974) hisoblanadi. Bu fan yer tuzishning uslubiy asoslarini va umumiy nazariyasini, rivojlanish qonuniyatlarini, ob’ektini, mazmunini, turlarini, tamoyillarini, tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy omillarini, yer tuzish tizimini o‘rganadi. Respublikamizda bu fanni asoslarini professor S.Avezbaev yaratdi. Professor S.Avezbaev tabiri bilan aytadigan bo‘lsak”Yerdan foydalanishni tashkil qilish va bu jarayonni doimiy ravishda takomillashtirib borish qiyin masala bo‘lib, u yerni xalq xo‘jaligi tarmoqlari orasida taqsimlash, unumdor yerlarni imkoni boricha qishloq xo‘jaligi uchun ajratish va undan to‘la foydalanish. Haydalma va sug‘oriladigan yerlar maydonlarini kengaytirish, yerlarning hosildorligini doimiy ravishda oshirib borish, tuproq eroziyasiga va boshqa unumdorligini pasaytiruvchi omillarga kurashishni o‘z ichiga oladi”