Haydovchilar va chiptachilar mehnatini tashkil etish
Haydovchilik kasbiy faoliyati doimiy yuklanish ostida davom etishi, katta xavf bilan bog’liq bo‘lishi sababli boshqa kasblarga qaraganda yaqqol ajralib turuvchi o‘ziga xos xususiyatlarga ega.
Haydovchining ishdagi zo‘riqishi va majburiyatini hisobga olib harakat vaqtida maksimal xavfsizlikni hamda charchoqni kamaytirish maqsadida unga qulaylik yaratish talab etiladi. Shahar sharoitida ishlovchi avtobus haydovchilari jismoniy toliqishdan tashqari ko‘cha-yo‘l tarmoqlarida transport oqimi harakati jadalligi va tez-tez to‘xtalishlar natijasida asabiylashadilar. Shaharlararo qatnovchi avtobus haydovchilari esa bulardan tashqari katta tezlikda harakatlanishi natijasida ham asabiylashishlari ortadi.
Haydovchi avtomobilni boshqarar ekan harakatlanish davomida uning texnik holatini kuzatib borishi, yo‘l sharoiti haqida axborotlarni o‘z vaqtida qabul qilishi va to‘liq anglab yetishi, unga mos ravishda boshqarish bo‘yicha yechimlar qabul qilishi kerak. Agar haydovchi axborotlarni o‘z vaqtida qabul qilib olmasa va anglab yetmasa, yoki ularni to‘g’ri baholay olmasa, avtomobilni boshqarish bo‘yicha yechimlarni kechikib yoki noto‘g’ri qabul qilsa, uning hatti-harakatlari xavfli vaziyatni vujudga kelishiga yoki yo‘l-transport hodisalarini sodir etilishiga olib kelishi mumkin. Kuzatuvlar va statistika ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, ish soatlari qancha katta bo‘lsa, harakat uchun xavflilik ham shuncha katta bo‘lar ekan. Statistika ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, AQSHda o‘lim bilan tugagan yo‘l-transport hodisalarining 3,8% haydovchilarning sezilarli darajada charchashi oqibatida sodir etilar ekan. O‘tkazilgan kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, haydovchi avtomobilni 7-12 soat boshqarganida 2 marta, 12 soatdan ortiq boshqarganida esa 9 marta ko‘proq yo‘l-transport hodisasi sodir etar ekan.
Haydovchilarning ish qobiliyatiga ish kunlari ham katta ta’sir etadi. Тadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, dam olish kunidan so‘ng ishning 2-kunidan boshlab haydovchilarning ish qobiliyati ortib boradi va 3-kunida u o‘zining eng maksimal qiymatiga erishadi. Ishning 5-kunidan boshlab ish qobiliyati yomonlashib boradi. Shuning uchun haydovchining ish kunini rejalashtirishda harakat xavfsizligi muammosiga alohida ahamiyat berish kerak bo‘ladi.
Har bir haydovchining, chiptachining ish tartibi (rejimi) avtobus yo‘nalishlaridagi yo‘lovchilar oqimining miqdori, uning notekis taqsimlanish, yo‘nalishning turi (shahar ichi, shahar atrofi, shaharlararo va h.k.) va boshqa ko‘pgina omillarga bog’liq bo‘ladi. Shunday qilib, haydovchilarning (chiptachilarning) ish tartibi yo‘lovchilarga yuqori sifatli transport xizmatini ko‘rsatish, harakat muntazamligini taminlash, avtobuslarning ish unumdorligini oshirishga qaratilgan bo‘lishi bilan bir paytda harakat xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini ham ta’minlashga qaratilgan bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi mehnat kodeksi 150-moddasiga ko‘ra haydovchilarning ish vaqti haftasiga 40 soatdan, (haftada olti kun ishlovchi haydovchilar uchun kuniga 7 soatdan, besh kunlik ish haftasida esa 8 soatdan ortib ketmasligi kerak).
Yo‘lovchi tashuvchi transportida ish kuni yiliga 365 kun (shanba va yakshanbasiz, bayram kunlarisiz) bo‘lganligi sababli, ularning ish vaqtini rejalashtirish o‘ziga xos xususiyatlardan kelib chiqishi kerak. Bundan ko‘rinib turibdiki, haydovchilar va chiptachilar uchun bayram oldi va dam
olish kunlaridan oldingi ish kunlarining vaqtini kamaytirish masalalarini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Haydovchilar ish kunining kundalik hisobini (me’yoriy nuqtai- nazardan) olib borish ham ancha mushkul masaladir. Shuning uchun yo‘lovchi tashuvchi transportlarda haydovchilarning oylik ish kunlarini hisobga olib borish qabul qilingan. Bunday hisobga olish usulida haydovchilarning ish kuni 10 soatdan ortmasligi va faqat istisno tariqasida kasaba uyushmalarining markaziy qo‘mitasi bilan kelishilgan holda ish kunini 12 soatga oshirishga ruxsat etiladi. Lekin mazkur holatda ham boshqa ishchilarning ish kunlari kabi haydovchilar uchun kunlik va haftalik dam olish kunlari qat’iy belgilangan bo‘lishi lozim. Kunlik dam olish soati oldingi ish kunidan ikki marta katta bo‘lishi, istisno tariqasida eng kamida 12 soat bo‘lishi, hafta oxiridagi dam olish soati esa 42 soat va 29 soatdan kam bo‘lmasligi kerak. Тungi ish soatlari (2200 dan 600 gacha) alohida hisobga olinib, bu davr uchun ish soati me’yorida belgilanganidan bir soatga kam bo‘lishi kerak.
Harakat xavfsizligi va mehnat muxofazasi nuqtai nazaridan har bir haydovchiga 3-4 soat ishlaganidan keyin qisqa muddatli dam olish uchun 15-20 minut va tushlik qilish uchun, 4-5 soatdan keyin 0,5-2 soat vaqt rejalashtirilgan bo‘lishi kerak.
Haydovchilarning bir oylik ish vaqti fondi (bir oylik ish balansi) quyidagicha aniqlanadi:
Boy= [ Kk–(Kd+Kb)Тishv]– Kdb,, (5.2.1) bu yerda:Kk – bir oydagi kalendar kunlar soni, kun; Kd – bir oy ichidagidam olish kunlari soni, kun;Kb– bir oy ichidagi dam olish kunlarigato‘g’ri kelmagan bayram kunlari soni, kun; Тish v – bir kunlik ish vaqti, soat;Kdb- dam olish va bayram oldi kunlaridan oldin ish vaqti qisqartirilgankunlar soni, kun.
Haydovchining oylik ish soatlari ular tomonidan ishga tayyorlov va ishni tugallash hamda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish vaqtlari ham qo‘shib hisoblanadi. Yo‘lovchi tashuvchi transportni boshqa turdagi transportlar ishidan ajralib turuvchi o‘ziga xos xususiyatlari shuni ko‘rsatadiki, yo‘lovchi transportida haydovchilaring ishini brigada usulida tashkil etish yaxshi natijalar beradi.