Sayohat-ekskursiya, maxsus tashishlar va bir martalik buyurtmalar bo‘yicha tashishlar
Sayohat-ekskursiya, maxsus yoki bir martalik tashishlar uchun tashkilotlar, korxonalar va fuqarolarga avtobuslar ajratishga shartnomalarni va bir martalik buyurtmalarni rasmiylashtirish “Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagajni tashish qoidalari”ga, boshqa normativ hujjatlarga muvofiq tashuvchilar tomonidan amalga oshiriladi.
Shartnomalar va buyurtmalar buyurtmachidan yetkazish manzili, yo‘nalishi, to‘xtash joyi, tashilayotgan yo‘lovchilar soni, tashish uchun mas’ul shaxs (guruh rahbari, ekskursovod) to’g’risidagi ma’lumotlar olingandan keyin rasmiylashtiriladi. Avtobusning buyurtmachida bo‘lish muddati, tashish uchun mas’ul shaxs haqida ma’lumotlar yo‘l varaqasiga kiritilishi kerak.
Har biriga 30 nafardan ortiq odam sig’adigan ikki yoki undan ortiq avtobuslarda yo‘lovchilar tashilganda ularning harakati kolonna bilan amalga oshiriladi. Тashuvchi tomonidan “Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagajni tashish qoidalari”ga, avtobuslardan foydalanish qoidalariga, harakat xavfsizligi va xavfsizlik texnikasi talablari va boshqa me’yoriy hujjatlarga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish uchun mas’ul bo‘lgan shaxs belgilanadi.
Kolonnalarni Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati transport vositalari bilan kuzatib borish haqidagi qaror ichki ishlar boshqarmalari rahbarlari, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati avtomobillari bilan kuzatib borish haqidagi qaror esa, tashuvchilar tomonidan qabul qilinadi.
Тashuvchi avtobuslari harakatining tasdiqlangan yo‘nalishlariga muvofiq kelmaydigan maxsus tashishlar (vaxta, mehnatkashlarni ishlab chiqarish ob’yektlariga, qishloq xo’jaligi ishlariga tashib borish) Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hududiy organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Bir martalik tashishlarga buyurtmalar tashuvchi mo’ljallanayotgan yo‘nalishning yo‘l sharoitlari haqida axborot mavjud bo‘lgan yoki bunday axborot buyurtmachidan olingandan keyin qabul qilinadi. Buyurtmachi berilgan ma’lumotlarning ishonchliligi uchun to’liq javob beradi.
Agar yo‘nalishdagi yo‘l sharoitlari yo‘lovchilar tashish xavfsizligini ta’minlamasa, avtobuslar ajratilmaydi.
Bir martalik buyurtmalar bo‘yicha sayohat-ekskursiya tashishlarida buyurtmachi tashkilot rahbarlari:
guruh rahbarini tanlash, tayyorlash va harakat xavfsizligi texnika xavfsizligi masalalari bo‘yicha yo‘riqnoma berilishini;
sayyohlar, bolalar guruhlari bilan yo‘lda o’zini tutish, avtobusdan foydalanish qoidalari bo‘yicha yo’riqnoma berilishini;
guruh rahbarini yo‘lovchilarning tasdiqlangan ro‘yxati Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining bolalar tashilishi to’g’risidagi bildirishnoma nusxasi bilan;
haydovchilarni joy bilan (guruh xususiy sektori joylashtirilganda alohida xona bilan);
avtobusni uning saqlanishini ta’minlovchi sharoitlar, to‘xtash joyi bilan ta’minlashlari shart.
Ko’rsatib o‘tilgan shartlar bajarilmaganda tashishlarga ruxsat berilmaydi.
Viloyat (respublika) tashqarisiga sayohat-ekskursiyalar muntazam olib borilgan hollarda buyurtmachi tashkilot (tashuvchi avtobusning saqlanishini, orqaga qaytishga tayyor ekanligini, boshqa viloyatlar (respublikalar) hududida avtobusga texnik xizmat ko’rsatish imkoniyatini nazarda tutishlari kerak.
Guruhlarning rahbarlari avtobus harakati, unga chiqish-tushish paytida hamda bekatlarda yo‘lovchilar orasida, ayniqsa bolalar orasida zarur tartibni ta’minlashga majburdirlar.
Тashuvchi:
haydovchilarga yo‘nalish xususiyatlari to’g’risida yo‘riqnoma berishga, harakat xavfsizligini ta’minlashga, sayohat-ekskursiya tashishga, shuningdek, sayyohlar va ekskursiyachilarga xizmat ko’rsatish qoidalari, bolalarni tashishda – bunday tashishlarni amalga oshirish qoidalari to’g’risida yo‘riqnoma berishga, bu haqda yo‘l varaqasi hamda haydovchilar tarkibiga yo‘riqnoma berish jurnalida qayd etishga;
avtobusning korxonaga qaytishining nazorat vaqtini tayinlashga, nazorat vaqti tomom bo‘lgandan keyin ikki soatdan so’ng avtobus qayerda ekanligini aniqlash chora-tadbirlarini ko’rishga majburdir.
Sayohat ekskursiyalarga olib boruvchi yoki bir martalik buyurtmalar bo‘yicha tashishlarni amalga oshiruvchi haydovchilar, agar ular yo‘lovchilar tashish qoidalariga, yo‘l harakati qoidalariga zid bo‘lmasa, yo‘nalish o’zgarishi bilan bog’liq bo‘lmasa, tashish uchun mas’ullarning (guruh rahbarlarining) ko’rsatmalarini bajarishga majburdir.
Maxsus tashishlarni tashkil etishda tashuvchi:
yo‘nalishni tanlashga (imkoni boricha qattiq qoplamali yo‘llar bo‘yicha);
buyurtmachi bilan birgalikda tashish uchun avtobus turini tanlashga, yo‘nalish masofasini belgilashga va harakat tezligini me‘yorlashtirishga, xavfsizlik ta’minlanishini, haydovchilarning mehnati va dam olishi belgilangan tartibini hisobga olgan holda avtobuslar harakati jadvalini tuzishga va tasdiqlashga;
mazkur talablarni hisobga olgan holda tashish uchun zarur bo‘lgan avtobuslar sonini aniqlashga;
buyurtmachi bilan birgalikda yo‘nalish hujjatlarini tuzishga, ularni davlat avtomobil nazorati bilan kelishishga majburdir.