Ko`z bajaradigan funktsiyasiga ko`ra ikki qismga: ko`zning optik sistemasi va retseptor qismiga bo`linadi. Ko`zning optik sistemasiga, uning shox pardasi, ko`z ichi suyuqligi, gavhar va shishasimon tana kiradi. Bular ko`zga tushadigan yorug`lik nurini sindirib o`tkazadi va uni ko`zni ichki to`r pardasida joylashgan retseptorlarga to`plab beradi.
Nur sindirish dioptriya bilan o`lchanadi. Bir dioptriya deganda fokus oralig`i 1 m bo`lgan linzaning nur sindirish kuchi tushiniladi. Agarda nur sindirish kuchi oshsa fokus oralig`i qisqaradi.
Fokus oralig`i 50 sm. bo`lgan linzaning nur sindirish kuchi 2 dioptriyaga (2D ga) teng bo`ladi. Shox pardaning nur sindirish kuchi 43D, gavharing nur sindirish kuchi kamroq bo`lib, o`zgarib turadi. Ko`zning butun optik sistemasini nur sindirish kuchi uzoqka qaraganda 58D yaqin masofada esa — 70D. Shox parda, gavhar orqali sariq dog` markaziga o`tgan chiziqqa ko`ruv o`qi deb ataladi. Narsalarning tasviri to`r pardaga kichkina va teskari bo`lib tushadi. Narsa ko`zdan qancha narida tursa, to`r pardadagi tasviri shuncha kichik bo`ladi va aksincha narsa ko`zga qancha yaqinroq tursa to`r pardadagi tasvir o`shancha katta bo`ladi. Narsalarning tabiiy ravishda ko`rilishi hayot tajribasiga bog`liq.