Sinapslardan qo’zg’alishlarni o’tkazilish mexanizmi qanday bajariladi? Nerv impulslarining sinapsoldi uchlariga kelishi bilan bir vaqtda sinaps bo’shlig’iga to’g’ridan-to’g’ri uning yaqinida joylashgan sinaptik pufakchalardan meliatorni chiqarilishi bilan boshlanadi. Sinaptik bo’shliqning o’lchami juda kichik bo’lganligi sababli mediatorlar sinapsosti membranasiga juda tez yetib beradi va uning moddasi bilan o’zaro aloqada bo’ladi. Bunday aloqa tufayli sinaps orti membranasining tuzilishi vaqtincha o’zgaradi, uning o’tkazuvchanligi natriy ionlari uchun ortadi, bu esa ionlarning harakatlanishiga olib kelganligi sababli, qo’zg’atuvchi sinapsorti potensialini yuzaga keltiradi. Bu potensial ma’lum o’lchamga yetganidan keyin tarqaluvchi qo’zg’alish – harakat potensiali hosil bo’ladi.
Bir necha millisoniyalardan keyin mediatorlar maxsus fermentlar ta’sirida parchalanadi. Hozirgi paytda ko’plab neyrofiziologlar orqa miyada va bosh miyaning ayrim qismlarida bir-biridan sifat jihatidan farqlanuvchi – qo’zg’atuvchi va tormozlovchi sinapslar mavjudligini tan olishdi.
Taxmin qilinishicha, maxsus tormozlovchi neyronlar aksonlarining nerv uchlarida navbatdagi neyronlarga tormozlovchi ta’sir ko’rsatuvchi favquloddagi mediatorni ajratadi. Bu mediatorning tabiati haligacha to’liq aniqlanmagan, Ayrim mualliflar bosh miya katta yarim sharlari po’stlog’ida xuddi shunday mediator bo’lib gamma-aminomoy kislotasi bo’lsa kerak deb hisoblashadilar.
Tormozlovchi neyronlarning aksonlari bo’ylab kelayotgan impulslar ta’siri ostida sinaps bo’shlig’iga sinapsorti membranasida o’ziga xos o’zgarishlar chaqiradigan mediator ajraladi. Tormozlovchi mediator sinapsorti membranasining moddasiga ta’sir ko’rsatib, uning kaliy va xlor ionlari uchun o’tkazuvchanlik xususiyatini oshiradi. Hujayra ichidagi anionlarning nisbiy miqdori ortadi, natijada qo’zg’atuvchi sinapslardagidan farqli o’laroq membrananing ichki zaryadlarini o’lchami kamaymaydi, aksincha sinapsorti membranasida ichki zaryadlarni ko’payishi kuzatiladi. Uning giper qutblanishi (giperpolyarizasiyasi) amalga oshadi bu esa tormozlovchi sinapsorti potensialini hosil bo’lishiga olib keladi, natijada tormozlanish yuz beradi.
Har bir nerv hujayrasida ko’plab qo’zg’atuvchi va tormozlovchi sinapslar joylashgan bo’lib ularning o’zaro aloqasi uchun sharoit yaratilganligi hisobiga turli xarakterda kelayotgan impulslarga mos holdagi javob reaksiyalari beriladi.