Maktabgacha yosh (dastlabki bolalik). Bu yosh 3 yildan 7 yilgacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. Bir yil davomida bunga qo’shiladigan balandlik o’rtacha 5-8 sm.ni, 2 kg vaznga va ko’krak aylanasiga qo’shiladigan uzunlik ham 1-2 sm.ni tashkil qiladi. 6-7 yoshda boshning balandligi, tana uzunligining 1/6 qismini tashkil etadi. 7 yoshda umurtqa pog’onasi hali egiluvchan yumshoq bo’lib, undagi suyaklanish jarayoni hali tugallanmagan bo’ladi.
6-7 yoshdan boshlab qo’l bo’g’unlarining muskullari juda tez rivojlana boshlaydi. Ayniqsa tik turishni va yurishni ta’minlovchi muskullar jadal rivojlanadi. Yetti yoshga kelib aynan ana shu muskullarning ko’ndalang kesimi boshqa muskullarga nisbatan yo’g’on bo’ladi. 6 yoshli o’g’il bolalarning ikkala qo’llarining o’rtacha kuchi 10,3 kg.ga, o’ng qo’lniki –4 kg, chap qo’lini esa – 2 kg. ga teng bo’ladi. Katta harakat faoliyati qayd qilinadi va bu harakatlar mulohazali xarakterga ega bo’ladi. Aynan shu paytdan boshlab bolalarda maishiy harakat mahoratlari va ishchi harakatlari boshlanadi. Qisqartiruvchi muskullar tonusi yozuvchi muskullar tonusidan yuqori bo’ladi. Bu esa uzoq vaqt o’tirilgan paytda belni tik yoki to’g’ri saqlab turishni qiyinlashtiradi.
Bolalarni 3-5 yoshlik paytida bosh miyasining massasi yangi tug’ilgan bola bosh miyasi massasidan (380-400 g) 3 martagacha ortadi va 7 yoshga kelib uning vazni 1250-1300 g.ga yetadi. 2,5 yoshda miyaning piramidal hujayralari voyaga yetgan odamlarniki shaklini oladi. Diqqat bilan eshitishni va aqliy ish bajarish qobiliyati unchalik yuqori emas, 5-7 yoshli bolalarda yuqoridagi qobiliyat 15 daqiqadan oshmaydi.
Maktabgacha bo’lgan davrning oxiriga kelib yurakning mutlaq vazni va uning o’lchami ortadi, tananing nisbiy massasi esa kamayadi, qon tomirlarining o’sishi davom etadi. Ma’lum darajada qon tomirlarini yuzasini torayishi yoshga bog’liq holda qon bosimini ko’tarilishiga olib keladi. Yurakning simpatik innervasiyasi uning parasimpatik innervasiyasining rivojlanishidan ustun bo’lganligi sababli, bu yoshdagi bolalarda puls katta yoshdagi odamlardan ko’p bo’ladi va ayniqsa u jismoniy ish bajarganda, kuchli hayajonlanganda aniq namoyon bo’ladi.
Yetti yoshga kelib o’pka to’qimalarining shakllanishi tugallanadi, nafas olish chuqurligi ortadi va uning chastotasi pasayadi. 6-7 yoshga kirganda nafas harakatlarining chastotasi bir daqiqada 20-22 martani tashkil qiladi. Yosh o’sishi bilan o’pkaning tiriklik sig’imi ham orta boradi va 4 yoshda u 1110 sm3 ni tashkil qilsa, 7 yoshga kelib 1300-1400 sm3 ga yetadi.
Maktab yoshigacha bo’lgan bolalarda hali uzoqni ko’rish refraksiyasi saqlanib qoladi, 6-7 yoshda sut tishlarining doimiy tishlar bilan almashinuvi boshlanadi. Me’da-ichaklar tizimi bu davrga kelib ancha rivojlanib ulguradi.
Bu yoshdagi bolalarning rivojlanishida bolalarning o’yin faoliyati va gapirishi jiddiy rol o’ynaydi. Maktab yoshigacha bo’lgan bolalarni nutqi ancha murakkab bo’lib, so’z zahiralariga boy bo’ladi.
Bolalar kelishiklarni, fe’l shakllarini to’g’ri talqin qila boshlaydilar, atrofdagi kishilardan o’rganib ulardan nutqli steriotiplarni bajarishda foydalanadilar. 3 yoshdan 5 yoshgacha bo’lgan davr bolani oliy asab faoliyatini rivojlanishida oldingi o’tgan davrlardagidan jiddiy ravishda farq qiladi. Eng avvalo chamalash reaksiyalarining xarakteri o’zgaradi – endi ular «bu nima ekan, qachon, qayerda?» - degan savollar bilan aniqlanadi.
Bolalarning yangi hosil buladigan reaksiyalarida endi ilgari hosil bo’lgan bog’lanishlardan foydalanish kattarok ahamiyat kasb etadi. Asab jarayonlarining kuchi ortadi- buni ayniqsa qo’zg’alish va tormozlanish jarayonlari orasidagi qo’zg’alishlarni generallashuvini pasayishi bo’yicha va aniq induksion nisbatlarni rivojlanishi bo’yicha kuzatish mumkin.
Avvalgi davrlarda kuzatilganidek tashqi tormozlanish katta rol o’ynamay qoladi. Aksincha hattoki olingan tormozlanishning samarasi hali uncha katta bo’lmasa ham ichki tormozlanish kattaroq muhimroq ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa kechikuvchi tormozlanish va iz qoldiruvchi reflekslar hosil qilish juda qiyin kechadi.
Bu yoshdagi bolalar katta miqdordagi dinamik steriotiplar hosil qiladi. Hosil qilingan steriotiplarni qayta o’zgartirish imkoniyati 5 yoshda ortadi. Asab jarayonlarining kuchini va harakatchanligini ortishi katta qiyinchiliksiz hosil bo’lgan steriotiplarni qayta o’zgartirish imkonini beradi.
5-yoshli bolalarda steriotiplardagi shartli bog’lanishlar tizimining mustahkamligi 3 yoshdagiga qaraganda 2 marta kam bo’ladi. Bolalar hayotining 5-yilida dastlabki so’zlarni fikrlash borasidagi harakatlar boshlanadi, ya’ni ko’plab tashqi muhitning hodisalarini so’z bilan ifodalash xususiyati yetarlicha yuqori rivojlanish darajasiga ko’tariladi.
5 yoshdan 7 yoshgacha bo’lgan davr ichida katta yarim sharlar po’stlog’ining jadal suratda morfofunksional yetilishi tufayli asab faoliyatining kuchi va harakatchanligi jiddiy ravishda ortadi. Bu yoshlarda bolalar o’z diqqatini 15-20 va undan ham ortiq daqiqalar mobaynida jamlashi mumkin. Hosil bo’lgan shartli reaksiyalarga tashqi tormozlanishlar unchalik ta’sir ko’rsatmaydigan bo’lib qoladi. So’nish va tabaqalanish holatlarini hosil bo’lishi deyarlik 2 marta tezlashadi, tormozlangan holatni ushlab turish davrlari ancha uzoq davom etadi. Lekin barcha turdagi shartli tormozlanishlarni hosil bo’lishi asab jarayonlari uchun yanada og’ir bo’lib qoladi.
Yetti yoshli bolalar qator harakatlari bilan dasturlarga ta’sir ko’rsatish eslab qolish imkoniga ega bo’ladilar.
Zikr etilgan yoshlarda bolalarning taqlid qilish va o’yin reflekslarini roli jiddiy darajada ortadi. Qiz bolalar qo’g’irchoqlar bilan o’ynagan paytlarida tarbiyachilar, ota-onalar va katta yoshdagi bolalarni harakat, so’z va manerlarini aniq takrorlaydilar.
Kichik maktab yoshi. (ikkinchi bolalik davri).Bu yosh, 7 yoshdan 11 yoshgacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. Kichik maktab yoshida rivojlanish nisbatan tekis kechadi. Bir yilda tana uzunligi o’rtacha 4-5 sm.ga, og’irlik –2-3 kg.ga, ko’krak qafasi aylanasi esa 1,5-2 sm.ga ortadi. Qo’l muskullarining kuchi ortadi, oyoqlar muskullarining ham kuchi ortadi.
Bu yosh uchun eng xarakterli belgi gavdaning yo’g’on muskullarining rivojlanishi hisoblanadi, bolalar katta –katta qadamlar bilan haraktalanishga qodir bo’ladi va mayda va aniq harakatlar qilishga qiynalib qoladilar. 9-10 yoshli bolalarning bilak-bilaguzuk suyaklarini suyaklanishi yuz beradi va qo’l bo’g’unlarining muskullari rivojlanadi, qo’lning aniq, mayda harakatlari kuchli shakllana boshlaydi.
Skeletning suyaklanishi va o’sishi davom etadi. Ammo yelkaning chuqur joylashgan muskullarini zaifligi va umurtqa pog’onasi tanasining katta egiluvchanligi, xat yozgan paytdagi noto’g’ri holatda o’tirishi ularning qad-qomatini tutib yurishini buzilishiga asosiy sabablardan biri bo’ladi. Bundan tashqari maktab mebellari o’lchamining tana proporsiyasiga to’g’ri kelmasligi ham buning sababchilaridan biri bo’ladi.
Yetti yoshlik davr, sut tishlarini doimiy tishlar bilan almashinish davri sifatida ma’lum, ovqat hazmi tizimining kelgusi rivojlanishi davom etadi. Organizmning energetik sarfi pasayadi, yurak va nafas tizimlari faoliyati kamayadi. 7 yoshda bosh miya katta yarim sharlari po’stlog’idagi nerv to’qimalarining tabaqalanishi asosan tamomlanadi. Asab hujayralari o’zlariga xos bo’lgan shakllarga ega bo’ladi va voyaga yetgan odamlar hujayralariga o’xshash bo’lib qoladi. Bosh miyaning turli qismlarini bir-biriga bog’lovchi assotsiativ tolalar kuchli rivojlanadi.
Asab jarayonlari ancha jiddiy darajada kuchli va muvozanatlashgan holatga keladi. Barcha turdagi ichki tormozlanishlar yetarli darajada aniq namoyon bo’ladi: Qo’zg’atuvchilarni tabaqalanishi juda yengil kechadi, shartli reflektor bog’lanishlar juda tez mustahkamlanadi. Lekin ichki tormozlanish ilgarigidek kuchaytirish maqsadida mashqlar, takrorlashlar talab qiladi.
Ilgari qayd qilingan miyaning po’stloqosti tuzilmalariga po’stloqning boshqaruvchilik ta’siridagi ayrim yetilmaganliklar bu yoshda faol diqqat va fikrlarni jamlanishini aniqlovchi mexanizmlarni takomillashmaganligi qayd qilinadi.
Yetti yoshga kelib bolalarda juda yaxshi «uchib ketadigandek» haqiqiy yurish va yugurish namoyon bo’ladi. Shartli harakat reaksiyalari ko’pchilik holatlarda yuqoridagiga mos holdagi qo’l, oyoq va gavda harakatlari bilan birgalikda kechadi, lekin ular 4-6 yoshlardagiga qaraganda ancha kam bo’ladi.
Maktabgacha yoshdagi bo’lgani singari, kichik maktab yoshida ham qo’zg’alish jarayoni, tormozlanish jarayonidan ustun bo’ladi, bu esa asab hujayralarining nisbatan tez och qolishiga va charchashni juda tez rivojlanishiga olib keladi.
10-11 yoshlarda bosh miya po’stlog’ining rivojlanishi odatda voyaga yetgan odamniki darajasiga yetadi. Po’stloq, po’stloqosti tizimlarining o’zaro bog’liqligi bosh rolni egallaydi, buni esa bolaning oliy asab va ruhiy funksiyalarini shakllanishidagi asosiy muhim omil deb qarash mumkin.