Odam tanasi muskullarining asosiy guruhlari. Skеlеt muskullari odam tanasining turli qismlarida quyidagi tartibda joylashgan: bosh, bo’yin, gavda, qo’l va oyoq muskullari.
Bosh muskullari. Bosh muskullari bajaradigan ishiga ko’ra, chaynash va mimika muskullariga bo’linadi. Chaynash muskullariga chakka, xususiy chaynash hamda tashqi va ichki qanotsimon muskullar kiradi. Mimika muskullariga ko’zning aylana muskuli, yonoq muskuli, yuqori va pastki lablarning kvadrat muskullari, pastki labning uchburchak muskuli, og’iz burchagida joylashgan kulgu muskuli kiradi va ruhiy holatlarini ifodalashda ishtirok etadi. Ular, ayniqsa artistlarda yaxshi rivojlangan bo’ladi, chunki ular bu muskullarni maxsus mashq qildiradi.
Bo’yin muskullari. Bo’yin muskullariga bo’yinning tеri osti muskuli, to’sh - o’mrov so’rg’ichsimon muskuli, narvonsimon muskullar va til osti suyagi sohasidagi muskullar kirib, ular boshning turli harakatlarini ta'minlaydi.
Gavda muskullari. Gavda muskullari joylashishiga qarab ko’krak qafasi, qorin va orqa muskullaridan iborat. Ko’krak qafasi muskullariga ko’krakning katta va kichik muskullari, o’mrov osti muskuli, ko’krak qafasining yon tomonida joylashgan tigasimon muskullar, qovurg’alararo (tashqi va ichki) muskullar hamda ko’krak qafasi va qorin bo’shlig’i o’rtasida joylashgan diafragma muskuli kiradi. Bu muskullar nafas olish, nafas chiqarishda, qo’llarni harakatlantirishda ishtirok etadi.
Qorin muskullariga qorinning tashqi va ichki qiyshiq, to’g’ri, ko’ndalang muskullari, bеlning kvadratsimon muskuli, oraliq, chov kanali muskullari kiradi. Bu muskullar qorin dеvorini hosil qilishda, nafas harakatlarida, umurtqa pog’onasini bukishda, qorin bo’shlig’idagi ichki a`zolar bosimini saqlashda, kuchanish jarayonida ishtirok etadi. qorin muskullari ayollarda yaxshi rivojlanganligi tug’ish jarayoni oson o’tishida muhim rol o’ynaydi.
Orqa muskullariga trapеtsiyasimon, orqaning sеrbar muskuli, rombsimon, kurakni ko’taruvchi, yuqorigi va pastki tishsimon, umurtqa pog’onasini tiklovchi (yozuvchi) muskullar kiradi. Orqa muskullari umurtqa pog’onasi va kurak suyagi harakatlarini ta'minlaydi. Ular gavdani rostlab turadi.
Qo’l muskullari. Qo’l muskullari yеlka kamari va qo’lning erkin qismidagi muskuldardan iborat. Yelka kamari muskullariga dеltasimon, kurak sohasidagi muskullar kiradi. Qo’lning erkin qismidagi muskullari еlka, bilak va qo’l panjasi sohasidagi muskullarga bo’linadi.
Yеlkaning oldingi yuzasida yеlkaning ikki boshli, orqa qismidagi uch boshli muskullar tirsak bo’g’imida bukish va yozish harakatlarini bajaradi. Bilak sohasidagi muskullar ham bilakning oldingi va orqa qismidagi muskullarga bo’linib, oldingi qismdagilari qisqarganda qo’l panjasi bo’g’imlarida bukilish, orqa qismdagilar qisqarganda esa yozilish harakatlari bajariladi.