Suv va mineral tuzlar almashinuvi. Suv odam organizmi barcha hujayra va to'qimalarining tarkibiy qismiga kiradi. Har bir to'qimaning fiziologik xossasiga ko'ra, uning tarkibidagi suv miqdori turlicha bo'ladi. Jumladan, qonning 92% i, miya to'qimasining 84% i, tana muskullarining 70% i, suyaklarning 22% i suvdan iborat. Katta yoshdagi odamlar tanasining 50-60% ini suv tashkil qiladi, yoshlarning tanasidadi suv nisbati esa bundan ko'proq bo'ladi. Masalan, chaqaloq tana massasining 80% ini suv tashkil etadi.
Suv erituvchilik xossasiga ega. Organizmdagi barcha kimyoviy moddalarning aksariyat qismi qon plazmasidagi, hujayralarning protoplazmasidagi suvda erigan holda bo'ladi. Shuning uchun suv moddalar almashinuvida katta ahamiyatga ega. Agar odam mutlaqo ovqat iste’mol qilmasa, lekin suvni me’yorida iste’mol qilsa, u 40—45 kungacha (uning tana massasi 40% kamayguncha) yashashi mumkin. Aksincha, ovqat me’yorida bo'lib, suv iste’mol qilinmasa, tana massasi 20—22% kamaysa, bir haftaga yetar-yetmas odam halok bo'lishi mumkin.
Suv ovqat tarkibida va ichimlik sifatida iste’mol qilinadi. Me’da va ichaklardan qonga so'rilgan suv hujayra va to'qimalarda moddalar almashinuvi jarayonida ishtirok etadi, uning asosiy qismi nafas chiqarish, terlash va siydik bilan tashqariga ajratiladi. Katta odamlar organizmining bir kecha-kunduzdagi suvga ehtiyoji 2-3 l ni tashkil etadi.
O'zbekistonning issiq yoz faslida terlash va nafas chiqarish orqali organizm ko'p suv yo'qotadi. Shuning uchun organizmning suvga bo'lgan ehtiyoji ortadi. Og'ir jismoniy mehnat, jismoniy tarbiya va sport mashqlari bilan shug'ullangan vaqtda ham terlash va nafasning tezlashuvi natijasida odam ko'p suv yo'qotadi. Bun- day vaqtda iste’mol qilinadigan suv miqdori 1,5—3 marta, un- dan ham ko'proq ortishi mumkin. Lekin suv ko'p miqdorda iste’mol qilinsa, yurakning ishi zo'riqadi va u tez charchab qolishi mumkin. Shuning uchun chanqoqlik yuzaga kelib, og'iz quruq- lashganda suvni ko'p iste’mol qilavermasdan og’izni tez-tez chayib turilsa, ayniqsa nordon suv (limonli suv, mineral suv) bilan chanqoqlik bosiladi va yurak zo'riqmaydi.