Yosh psixologiyasi va pedagogik psixologiyasi faniga kirish


O’smirlar tafakkurining o’sishi



Yüklə 5,01 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə52/57
tarix07.01.2024
ölçüsü5,01 Kb.
#205994
1   ...   49   50   51   52   53   54   55   56   57
1-Ma\'ruza.Um.ps.sirtqi

O’smirlar tafakkurining o’sishi 
O’smirlik davriga kelib, ta’lim jarayonida o’quvchilarning aqliy faoliyati 
taraqqiyotida muhim siljishlar yuz beradi. Ularning jismoniy rivojlanishi, jinsiy 
balog’atga yetishi psixikasida keskin o’zgarishni vujudga keltiradi.
O’quv fanlarning ko’payishi, axborotlar tarmog’ining kengayishi fikr 
yuritishni jadallashtiradi. Kichik maktab yoshidagi o’quvchida ma’lum taraqqiyot 
bosqichiga ko’tarilgan tafakkur o’smirlik davriga kelib o’zining yana bir yuqoriroq 
pallasiga ko’tariladi. O’qitish jarayonida ularda o’rganilishi zarur bo’lgan 
materiallarni analiz va sintez qilish, ya’ni analitik-sintetik faoliyat hamda mavhum 
tafakkur jarayonlari jadal sur’atlar bilan taraqqiy eta boshlaydi. Tafakkurning 
rivojlanishi uchun mazkur yosh davrida matematika, ona tili, geografiya, fizika, 
biologiya kabi fanlar muhim imkoniyatlar yaratib beradi. 
Sobiq sovet psixologiyasi fanining asoschilaridan biri L.S.Vigotskiy 
tafakkur muammosini o’rganib, ko’proq umumlashtirish va abstraksiyalash ustida 
to’xtalib, ularni gruppalarga, turlarga ajratib o’rganishni tavsiya qiladi. Bundan 
tashqari, umumlashtirish va mavhumlashtirishning yuqori bosqichi yuzasidan 
mulohaza yuritib, “umumiylikni umumlashtirish”, “mavhumni mavhumlash” 
degan tushunchalarni birinchi bo’lib psixologiyaga olib kiradi. Bu holat bir fanda 
o’zlashtirilgan bilimlarning ikkinchi bir fanda uchrashi paytida sodir bo’lishi 
mumkinligi asoslab ko’rsatiladi. Masalan, arifmetikadan algebra tomon yoki 
planimetriyadan steriometriya sari, tabiiy geografiyadan iqtisodiy geografiyaga 
o’tish va boshqalar. 
Yirik sobiq sovet psixologlaridan biri P.P.Blonskiy tafakkur bir davrning 
o’zida ikki yo’nalishga qarab, ya’ni mavhumdan yanada mavhumga, yaqqoldan 
undan ham yaqqolroq holatga qarab o’sib o’tishi ustida fikr yuritadi. Uning 
fikricha, tafakkur taraqqiy qilib borishi natijasida o’smirlar ma’lum qonun va qoida 
asosida aqliy mehnat qilishga odatlanadilar. Natijada o’quvchilar o’z xatti-


104 
harakatlari va intellektual faoliyatlarini nazorat qilishga o’rganadilar. Ularning o’z-
o’zini nazorat qilishi to’rt bosqichda tarkib topadi. Birinchi bosqich o’z-o’zini 
nazorat qilishning mavjud emasligi bilan tavsiflanadi. Ikkinchi bosqichda o’quvchi 
materialni sidirg’asiga takrorlash asosida o’z fikr yuritish faoliyatini tekshiradi. 
Shuning uchun bu bosqich o’z-o’zini to’liq nazorat qilish bosqichi deyiladi. 
Uchinchi bosqich «tanlab nazorat qilish bosqichi» deb yuritilib, unda o’quvchi 
materialning asosiy qismini idrok qila olishini tekshirgan bo’ladi. To’rtinchi 
bosqichda unda o’z-o’zini nazorat qilish funkisiyasi yana yo’qoladi, faqat 
natijalarni bir necha asosiy va muhim belgilariga qarab mulohaza yuritishi ko’zga 
tashlanadi va hokazo. 
S.L.Rubinshteyn umumlashtirishni empirik (amaliy), nazariy va deduktiv 
(umumiydan xususiyga) umumlashtirish turlariga ajratib o’rganadi. Muallifning 
mulohazasiga ko’ra, umumlashtirish yordamida muammolar yo asta-sekin 
(empirik), yoki «birdaniga» (nazariy) hal qilinishi nazarda tutiladi.
Mavhum tafakkurni o’stiruvchi birdan bir yo’l muammoli vaziyatdir, deb 
tushuntiradi tadqiqotchi. Muammoli vaziyat abstrakt tafakkurni o’stirish bilan 
cheklanib qolmasdan, balki ijodiy tafakkurni har tomonlama taraqqiy ettirishi 
mumkinligi ta’kidlab o’tiladi. S.L.Rubinshteyn ta’limda tafakkur shakllari, 
chunonchi, tushunchalar, hukm va xulosa chiqarishning tarkib topishi va 
rivojlanishi to’g’risida ham nazariy, ham amaliy xususiyatga ega bo’lgan fikrlarni 
bildiradi. U mavhum tafakkurning rivojlanishi matematik-tabiiy sohadagi fanlar 
zimmasiga tushishini alohida uqtiradi. 
N.D.Levitov o’smirlarda tafakkur muammosining kechishini o’rganib, 
asosiy e’tiborini quyidagi ko’rsatgichlarga qaratadi. Uning fikricha, tafakkur 
taraqqiysi uchun ushbu ko’rsatgichlar mutlaqo zarurdir: a) tafakkurning 
mustaqilligi, b) o’quv materialining tez va puxta o’zlashtirilishi, v) aqliy topqirlik, 
g) muammo mohiyatiga chuqur kirib borish, ya’ni muhim alomatni nomuhimdan 
ajrata bilish, d) tafakkurning tanqidiyligi va boshqalar. Bizningcha, muallif 
tomonidan ajratilgan tafakkurning rivojini ko’rsatuvchi mezonlar yetarli emasdir, 
chunki tafakkur o’sishi uchun mutlaqo shart bo’lgan baholash, sabab-oqibat, 
muammoni hal qiluvchi usullar va ularning yangi sharoitga ko’chish, mantiqiy fikr 
yuritish yo’llarini egallash singari tarkiblar yetishmaydi. 
M.N.Shardakov sababiy bog’lanishning tutgan o’rni va uni o’stirish yo’llari 
to’g’risida mulohaza yuritadi. Ta’lim jarayonida fikr yuritish operasiyalarining 
taraqqiy qilish bosqichlari bayon qilib o’tilgan. Tafakkur operasiyalarini 
o’quvchilar ongida tarkib toptirishning ta’limdagi o’rni, o’quv materiallarini oson 
o’zlashtirish imkoniyatining tug’ilishi, tushunishning osonlashuvi, bilishga 
qiziqishning ortishi kabi muhim masalalar M.N.Shardakov tadqiqotlarida o’z 


105 
ifodasini topgan. Tafakkurning o’sishi o’qitiladigan fan ta’siriga bog’liq ekanligi 
muallif tomonidan alohida ta’kidlanadi. 
M.N.Shardakov tadqiqotlarida tafakkur shakllarining o’quvchilarda tarkib 
topishi natijasida tafakkurning mantiqiyligi ortib borishi masalasi ochib 
berilgan. Ayniqsa, ilmiy tushunchalarni shakllantirish, narsa va hodisalar 
to’g’risida obyektiv hukm chiqarish masalasiga keng o’rin berilgan. 
Shuningdek, xulosa chiqarishning induktiv, deduktiv va analogik yo’llarining 
o’quvchilar yosh davriga qarab o’zgarish psixologiyasiga muhim o’rin ajratilgan. 
Ma’lumki, arifmetikadan algebraga o’tish umumlashtirishning yuqori 
darajaga ko’chganligini bildiradi. Binobarin, mazkur holatda dastavval 
mavhumlashtirilgan sonlar qaytadan mavhumlashtiriladi, oldin umumlashtirilgan 
narsa va hodisalar, jism va predmetlar qaytadan umumlashtiriladi va natijada 
“mavhumni mavhumlash”, “umumlashmani umumlashtirish”— degan yangi 
tushunchalar vujudga keladi. 
O’smir yosh davridagi o’quvchilar tomonidan o’rganilayotgan barcha fan 
asoslari, avvalo ularning mavhum tafakkurini o’stirishga qaratilgan bo’ladi. O’smir 
aqliy (o’quv) faoliyatining asosiy xususiyatlaridan biri, mavhum tafakkurining 
kamol topishidan, yaqqol-obrazli tafakkur bilan mavhum tafakkur o’rtasidagi 
munosabatning abstrakt tafakkur foydasiga hal bo’lishidan iboratdir. Kichik 
maktab yoshidagi o’quvchilar yaqqol fikrlashdan, o’smirlik davriga o’sib o’tib 
mavhum tafakkurga asoslanib, fan asoslarini o’zlashtirishga harakat qiladilar. 
Maktab ta’lim va mustaqil bilim olish faoliyati ta’siri ostida o’smirda 
analitik-sintetik faoliyat jadallik bilan rivojlana boshlaydi. Endi o’smirlar faqat 
yaqqol omillar qiziqishdan tashqari, ularning analizi bilan ham qiziqa boshlaydilar. 
Bundan tashqari, o’quvchilarda sabablarni izohlash tendensiyasi mustahkamlana 
boradi. Natijada ular materiallardan muhim belgilarni ajratishga, keng ma’noli 
umumlashtirishni amalga oshirishga harakat qilishadi. Ta’lim jarayonida ko’pgina 
mavhum tushunchalar vujudga keladi, jumladan matematikada — nuqta, chiziq, 
burchak, tenglik..., fizikada — kuch, solishtirma og’irlik, tezlik, amper, volt..., 
geografiyada — ekvator, qutb, kenglik, uzunlik, zona, plato..., tarixda — qul, davr, 
xizmatkor, shaxsiy mulk, boylik va boshqalar. 
V.I.Zikovaning fikriga ko’ra, oltinchi sinf o’quvchilarining muhim 
psixologik xususiyatlaridan biri shundan iboratki, agar chizmada ifodalangan 
yaqqol shakldan sal chetlashish holati yuz berib qolsa, u taqdirda geometrik 
isbotlashlarni o’zlashtirish qiyinlashadi. Chunki mazkur yoshdagi o’quvchilarda 
hali isbotlanayotgan holat chizmadan tashqari ko’pgina boshqa vaziyatlarga ham 
taalluqli ekanligi to’g’risida, uning umumiy ahamiyat kasb etishi haqida tushuncha 
o’qib yetilmagan bo’ladi.


106 
Olimaning ta’kidlashicha, oltinchi sinf o’quvchilari bundan tashqari, yana 
qator qiyinchiliklarni ham boshdan kechiradilar. Bu qiyinchiliklar ham bir 
vaziyatni geometrik isbotlash orqali asoslab berishdan yoki mulohaza qilish ketma-
ketligini izchil saqlash zarur deb tushunishdan kelib chiqadi. Ularning tipik xatolari 
quyidagilardan iborat: ayrim joylarini tushirib qoldirish, joylarini o’zgartirish, 
isbotlashning ba’zi tarkiblarini qaytadan takrorlash, tarkiblarga ortiqcha fikrlarni 
olib kirish, asoslashni tushirib qoldirish va hokazo. 
O’smirlik davrida o’quvchilar analitik-sintetik faoliyatning yetarli darajada 
taraqqiy etmaganligi, fikr yuritish usullari bilan to’liq tanish emasliklari uchrab 
turadi. Shuning uchun geometrik masalani yechish usulini yoki isbotlash yo’lini 
ko’rsatib bera olmasa, u holda qiyinchiliklar tug’iladi. Shu sababdan o’quvchilar 
masalani eng oddiy usul yordamida “tavakkal”iga yechish yo’lidan boradilar. 
Ba’zan o’smirlar sabab-oqibat munosbatini aniqlash paytida qiyinchiliklarga 
duch keladi. Ular narsa va hodisalarning sodir bo’lishi sababini qidirib topish, 
uning oqibatini aniqlashni nisbatan yengilroq uddalaydilar. 
O’smirlar fikr yuritish faoliyatining navbatdagi xususiyatlaridan biri yaqqol-
obrazli (ko’rsatmali) tafakkur jabhasining hali ham muhim rol o’ynashi 
hisoblanadi. O’smirda mavhum tafakkurning o’sishi bilan yaqqol-obrazli tafakkur 
tarkiblari mutlaqo yo’qolib ketmaydi, balki ular saqlanib qoladi, taraqqiy etadi 
hamda tafakkurning umumiy tuzilishida muhim rol o’ynashni davom ettiradi 
(ayniqsa V-VI sinf o’quvchilari faoliyatida). 
A.Z.Redkoning tarixiy tushunchalarni o’zlashtirishga doir materiallarida 
ko’rsatilishicha, o’smirlar yaqqol tasavvur qilish mumkin bo’lgan tushunchalarni 
oson egallab oladilar. Masalan, “qul” tushunchasida eng avval qullarning majburiy 
mehnat qilish belgisini, “quldor” tushunchasida esa boylik belgisini osonlik bilan 
o’zlashtiradilar. Biroq “quldorlik tuzumi”, “feodalizm” va boshqa yetarli darajada 
konkret bo’lmagan tushunchalar esa ular ongiga ancha qiyinchilik bilan yetib 
boradi. 
Xuddi shunday mashaqqatlar geometriya, fizika, geografiya, biologiya 
fanlariga taalluqli tushunchalarni o’zlashtirish paytida ham sodir bo’lganligi 
o’qituvchilar tajribasida ko’p marta qayd etib o’tilgan. 
Tarix faniga oid rasmlarni, polotnolarni, illyustrasiyalarni ko’rgan paytida 
ham o’smir o’quvchilar ko’rsatmali qo’llanmalarni muhim bo’lmagan belgisiga 
asoslanib idrok qilish tufayli noto’g’ri tasavvurlarga ega bo’ladilar. Masalan, “xon” 
deganda, o’smirlar ko’z o’ngida uzun soqolli, barvasta, qozonday sallali, qahr-
g’azabli kishi gavdalansa, “chorakor” deganda yupun kiyingan, ozg’in, hamisha 
boy oldida yetti bukilib sajda qiluvchi, kamonqomad, o’rta yashar shaxs 
gavdalanadi. Biroq, shu misollardagi kishilar mutlaqo boshqacha qiyofada bo’lishi 
mumkinligini xayoliga keltirmaydilar. 


107 
O’smir uchun eng ahamiyatga molik xususiyatlardan yana biri – 
tafakkurning mustaqilligi, tanqidiyligi shiddatli taraqqiyot pallasiga kirishidir. Bu 
esa kichik maktab yoshidagi o’quvchilardan farqli o’laroq, o’smirning aqliy 
faoliyatida yangi davr boshlanganligidan darak beradi. 
Maktab ta’limining bevosita ta’siri ostida (mustaqil bilim olish faoliyati 
nazarga olinmayapti) o’smirda o’z-o’zini anglash jarayoni kamolati uchun xarak-
terli bo’lgan fikrlash taraqqiy eta boshlaydi. U o’zining shaxsiy fikriga, mustaqil 
qarashiga, biror masala yuzasidan o’z mulohazasiga ega bo’lish uchun harakat 
qiladi. Shuning uchun o’smir o’qituvchi yoki ota-onaning aytganlariga, kitob va 
darsliklarga nisbatan tanqidiy nuqtai nazardan qaraydi. Ko’pincha o’qituvchi 
mulohazasidan yoki darslikdan xato va kamchiliklarni topishga intilib, o’z 
pozisiyasidan turib u fikrlarga qat’iy e’tiroz bildirishga, hatto tortishishga mayli 
kuchli bo’ladi. 
Aqlning tanqidiyligi ayrim hollarda pedagog bilan o’quvchi o’rtasida 
“anglashilmovchilik g’ovi”ni vujudga keltiradi. Bu, albatta, o’qituvchidan 
psixologik-pedagogik odobga rioya qilishni va uning chegarasidan chiqmaslikni 
talab etadi. Agarda o’qituvchi o’quvchining individual va yosh xususiyatini to’la 
bilmas ekan, u holda ta’lim va tarbiyada maqsadga muvofiq rivojlanish o’z-o’zidan 
yo’qqa chiqadi. Shuning uchun hozirgi davrning eng dolzarb masalalaridan biri, 
pedagogning to’la psixologik bilimga ega bo’lishidir. O’qituvchining psixologik 
savodsizligi salbiy oqibatlarga olib kelishi ko’pgina tadqiqotchilar izlanishlarida 
o’z ifodasini topgan. 
“Tanqidiylik” o’smirlarning asosiy xususiyatlaridan biri bo’lib, u o’zgalar 
fikrini turli bahonalar, sabablar bilan yo’qqa chiqarishga qaratilganligi bilan 
tavsiflanadi. Bu yosh davrda o’zgalar fikri bilan hisoblashish yoki o’zgarmas 
“xislat” deb mulohaza yuritmaslik kerak, chunki o’tish davrida parokandalik tez-
tez ko’zga tashlanib turadi. Uning oldini olishga harakat qilish, profilaktik ish olib 
borish ilg’or o’qituvchilar tajribasida o’z ifodasini topgan. Ma’lumki, muammo 
dalilli fikr bilan to’la asoslanganda, o’smir u haqda oqilona hukm chiqarib, so’nggi 
yo’lning to’g’ri ekanligiga ishonch hosil qiladi. 
Tafakkurning mustaqilligi inson uchun juda katta ahamiyatga ega. Shuning 
uchun o’qituvchi dars jarayonida va darsdan tashqari vaqtlarda, har qanday og’ir 
shart-sharoitlarda ham turli usul va yo’l, har xil metod bilan bu xislatni qo’llab-
quvvatlashi, o’stirishi, voyaga yetkazishi va avaylashi kerak. Yana shu narsani 
esdan chiqarmaslik kerakki, dastlabki davrda o’smirning u yoki bu pozisiyada 
mustaqil, tanqidiy yondashish vaqtida uning mulohazalaridagi bo’sh va zaif 
tomonlarni, umuman muvaffaqiyatsizliklarini ta’na qilish, izza qilish yoki izzat-
nafsiga, shaxsiyatiga tegish, kulish mutlaqo mumkin emas.


108 
Aks holda biz o’smir tafakkurini ajoyib sifatidan judo qilib, uni jamiyat va 
tabiat qonuniyatlariga befarq qaraydigan qilib qo’yishimiz mumkin. O’smirda 
vujudga kelayotgan mazkur aql sifati shuning bilan izohlanadiki, o’smir tafakkuri, 
ya’ni aqlning tanqidiyligi o’z-o’zini tanqid qilish faoliyatidan keyin taraqqiyot 
bosqichiga ko’tarilganligidan dalolat beradi. 
Bunday hollarda o’qituvchi xushmuomalalik va ustalik bilan shunga 
o’xshash tortishuvlarning, e’tirozlarning o’rinsizligini ko’rsatib berishi lozim 
hamda mustaqil va tanqidiy fikrlashni rivojlantirish uchun boshqacharoq yo’l-
yo’riqlar ko’rsatishi kerak. 
Qanday qilib o’smirlar tafakkurini shaklllantirsa bo’ladi? 
O’qituvchi tafakkurni to’g’ri rivojlantirish uchun har bir imkoniyatni to’la 
ishga solishi lozim: 1) o’smirlarni to’g’ri ta’rif berishga, analiz qilishga, 
taqqoslashga, abstraksiyalash va umumlashtirishga o’rgatishi shart; 2) o’z fikrini 
to’g’ri, ravon va aniq izhor etish yo’lini tushuntirishi; 3) mustaqil ravishda hukm 
va xulosa chiqarish, mulohaza yuritish kabi fikr yuritish shakllari ularda aqliy 
ko’nikma va malakalarni o’stiradi va oqibat natijada rivojlanish amalga oshiriladi. 
Yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish uchun avvalo o’smirlar oldiga turli-
tuman obyektlarni mustaqil taqqoslash, ulardagi o’xshash va tafovutni topish 
zaruriyatini qo’yish shart. Buning uchun o’smirlar diqqatini ushbu savollarga javob 
berishga qaratish maqsadga muvofiqdir. Jumladan, “Bu holatda qanday umumiylik 
mavjud?”, “Ushbu narsalar qaysi belgi va jihatlari bilan bir-birlaridan farq qiladi?”, 
“Mazkur narsalar va hodisalar o’rtasida qanday o’xshashlik belgisi bor?” va 
boshqalar. 
Botanika darslarida o’quvchilarga mox (yo’sin) bilan suv o’tini, 
zamburug’ning poyasi bilan ildiz sistemasini taqqoslashni tavsiya etib, poyaning 
ildizdan, sporaning urug’dan nimasi bilan farqlanishini aniqlash kabi vazifalar 
berish foydalidir. Ushbu natijalar psixolog Ye.M.Kudryavseva tadqiqotlaridan bir 
namuna sifatida keltirib o’tildi, xolos. Boshqa fanlar bo’yicha ham xuddi shunga 
o’xshash topshiriqlar berish mumkin: “Romb bilan kvadratni taqqoslang”, 
“Ravishdoshdan sifatdoshni qanday ajratsa bo’ladi?”, “Kislorod bilan vodorodni 
solishtiring”, “Birhad ko’phaddan qaysi tomonlari bilan farq qiladi?”, “Quldorlik 
tuzumi bilan feodal tuzumi o’rtasida qanday o’xshashlik va tafovutli jihatlari 
mavjud?”, “Tog’ daryolari va pasttekislik daryolari o’rtasida qanday o’xshashliklar 
ko’zga tashlanadi?” va hokazo. 
Psixolog V.A.Kruteskiy o’smir tafakkurining mustaqilligini faollashtirish 
maqsadida yangi o’quv materialini evristik yo’l bilan o’zlashtirish foydali 
ekanligini ta’kidlab o’tadi. Muallif muammoli-evristik metodning birin-ketin, ya’ni 
tadrijiy uch bosqichdan iboratligidan xabar beradi. Birinchi bosqichda o’qituvchi 
tinglovchilar oldiga muammo qo’yadi va uning ta’rifini aytib o’tadi, o’quvchilar 


109 
esa muammoni yechish uchun mustaqil yo’l-yo’riq qidiradilar. Ikkinchi bosqichda 
esa, o’qituvchi o’quvchilar oldiga muammoni mustaqil ta’riflash vazifasini 
qo’yadi, lekin uni yechishga yo’llanma beradi. Uchinchi bosqichda bo’lsa, 
o’qituvchi muammoga ishora qilmaydi, balki o’quvchilarni muammoni mustaqil 
analiz qilib chiqish, undan so’ng ta’riflash, yechish usullari va imkoniyatlarini 
qidirib topishga o’rgatadi. 
V.A.Kruteskiy tadqiqotidan ushbu misolni keltirib o’tishni lozim deb topdik: 
Teorema, — “Uchburchakning ichki burchaklari yig’indisi 
2d 
ga teng”. Birinchi 
bosqich. O’qituvchi deydi: “Har qanday uchburchakning ichki burchaklari 
yig’indisi 180 gradusga teng. O’ylab ko’ring, qanday qilib bu teoremani isbot 
qilish mumkin?”. Ikkinchi bosqich. O’qituvchi: “Uchburchakning ichki burchaklari 
yig’indisi nimaga teng ekanligini isbotlashga va aniqlashga harakat qilib ko’ring. 
Bu o’lchov doimiy bo’lishi mumkinmi?”. Uchinchi bosqich. O’qituvchi: 
“Uchburchak xossasini qidirib toping. Bu shaklning qaysi xossasini bilish zarur va 
qaysi biri qiziqarli?”. O’quvchi taxminan mana bunday javob berishi mumkin: 
“Ichki burchaklar to’g’risida tasavvur qilish juda qiziqarlidir. Shuningdek, 
burchaklarning turli hajmda, doimiy o’lchov miqdoriga tengligi yoki teng emasligi
to’g’risidagi fikr ham kam ahamiyatli emas”. 
Sobiq sovet psixologiyasida tafakkurni rivojlantirish borasida olib borilgan
tadqiqotlar ichida M.N.Skatkinning ishi alohida ahamiyat kasb etadi. U
 
o’smirlarning mustaqil fikrlashini o’stirish maqsadida quyidagi usulni tavsiya 
qiladi. O’qituvchi sinfga pomidor, bodring, ko’knor hosilini olib kiradi. 
O’qituvchi: Biz sizlar bilan o’simlikning tana, barg qismlarini o’rganganmiz. 
Endi o’simlikning meva qismi haqida fikr yuritamiz. Biz hosil nima ekanligini va u 
nima uchun xizmat qilishini aniqlashimiz shart. Mana hosil. Nega bodring, 
pomidor, ko’knor mevasi bir xil nom bilan “hosil” deb ataladi? Ehtimol ularning 
shakli bir xildir? 
O’quvchi: Yo’q, ularning shakli har xil. Pomidor dumaloq, bodring 
cho’zinchoq, ko’knor esa kichkina ryumkaga o’xshaydi. 
O’qituvchi: Qani rangi bir xil emasmikin? 
O’quvchi: Yo’q, ranglari turlicha. Pomidor qizil, bodring ko’m-ko’k, 
ko’knor esa sarg’ish. 
O’qituvchi: Ularda shakl, rang va maza — umumiy hamma narsa turlicha 
ekan, nima uchun bari bir “hosil” deyiladi? Demak, nimasidir umumiyga 
o’xshaydi. Nima ekan u? 
O’quvchi: Ularning umumiy tomoni, bizning yeyishimiz va mazasi. 
O’qituvchi: Go’shtli kotletni ham yeymiz, u ham mazali. Unday bo’lsa 
kotlet ham hosil ekan-da? 
O’quvchi: Ularning barchasi shoxlarda o’sadi. 


110 
O’qituvchi: Bu to’g’ri, ammo barg ham, gul ham shoxchalarda o’sadi, lekin
ular meva yoki hosil emas-ku!... Men sizga yordamlashaman. Qani sen stolga 
yaqin kel va hosilni o’rtasidan kes. (O’quvchi ularni o’rtasidan kesadi). 
O’quvchi: Men topdim. Ularning hammasining urug’i bo’lar ekan. 
O’qituvchi: Juda soz. Urug’ o’simlikning ko’payishi uchun xizmat qiladi. 
Daftarga hosilni chizib, xulosani yozib qo’ying. 
Yuqoridagi misoldan ko’rinib turibdiki, o’qituvchining yo’naltiruvchi 
savollari o’quvchining fikr yuritish faoliyatini faollashtirishda asosiy vosita bo’lib 
xizmat qildi. Muammo mohiyatini ochishga tarqoq fikrlar to’plandi, har bir 
oddiy aqliy harakat maqsadga yo’naltirildi. 
Kichik yoshdagi o’smirlar tafakkuri yaqqol xususiyatga ega bo’lishi 
munosabati bilan o’qitishni ba’zan ko’rsatmali qurollar asosida tashkil etish talab 
qilinadi. Lekin doimo darslar ana shu yo’sinda olib borilishi shart degan xulosaga 
bormaslik kerak. O’smir tafakkurining butunlay hissiy-yaqqollilikka bog’lanib 
qolishining oldini olish maqsadida, quruq taassurotni ko’pincha so’z bilan 
ifodalab, goho ularning turli obrazlari bilan tanishtirib borish ba’zi salbiy ta’sirdan 
saqlaydi. Shuning uchun so’z orqali faqat muhim belginigina emas, balki uning 
muhim bo’lmagan belgiga tayangan turli ko’rinishini ham ifodalash mumkin. 
Bundan tashqari, o’smirlar tafakkurining taraqqiyotiga salbiy ta’sir etadigan 
yana bir narsa “turmushda” shakllangan g’ayri ilmiy tushunchalarni ta’lim 
jarayonida qo’llashdan saqlanish o’qitish samaradorligini keskin ravishda oshiradi. 
Ko’pgina sobiq sovet psixologlari va pedagog olimlarining fikriga 
qaraganda, noto’g’ri umumlashtirish jarayoni vujudga kelmasligi uchun 
o’rganilayotgan umumiy qoidadan tashqari bo’lgan ko’rsatmani mavzu 
tushuntirilgandan so’ng tavsiya etish mumkinligi ta’kidlanadi. O’zlashtirilayotgan 
tushunchani amaliy tatbiq etib ko’rish yoki tadrijiy ravishda mashq qilish mazkur 
tushunchalarning rivojlanishiga ijobiy ta’sir qiladi.
Binobarin, o’qitishda materiallarni turli variantlari, variasiyalari, 
ko’rinishlari bilan tanishtirish chalkashliklarga barham beradi. 
O’smir tafakkurini kamol toptirish uchun ularni doimo mantiqiy tafakkur 
usullariga o’rgatib borish zarur. Bunda mantiqiy xatolarni tuzatib borish lozimligi 
aslo yoddan chiqmasligi kerak. O’smirning to’g’ri mantiqiy fikrlashini 
rivojlantirish borasida ona tili va adabiyoti o’qituvchisining roli juda muhimdir. U 
hamma vaqt o’quvchilarni to’g’ri jumla tuzishga, ravon mulohaza qilishga, fikr 
yuritishga, yozishga o’rgatib boradi. Bu degan so’z boshqa fan o’qituvchilari bu 
sharafli vazifadan mustasno degan gap emas. Balki barcha pedagogning maqsadi 
yagona, u ham bo’lsa o’quvchilarga puxta bilim berish va ularni kelajakning 
munosib, keng tafakkurli yoshlari qilib tarbiyalashdir. 


111 
Yirik sobiq sovet psixologi N.A.Menchinskaya o’quvchilarning tafakkuri 
taraqqiyotini aniqlashda o’quvchilarning mavjud bilim fondini, bilimlarni amalda 
qo’llash darajasini hamda mantiqiy fikr yuritish qobiliyatini belgilashga intiladi. 
Olima bu asnoda o’zlashtirish sur’atiga, yaqqol va mavhum tafakkur turlarining 
o’zaro aloqasiga, analitik-sintetik faoliyat bosqichiga ahamiyat beradi. Bunda 
tadqiqotchi uchun eng muhim jihat — o’quvchilar fikrini xususiydan umumiy 
mulohazaga almashtirish imkoniyati hisoblanadi. Chunki busiz tafakkur 
taraqqiyot darajasi to’g’risida fikr yuritish mumkin emas. Muallifning ko’pgina 
xulosalari “o’qiy olishlik” (uquvchanlik—obuchayemost) muammosidan kelib 
chiqadi. Mazkur muammo tafakkur rivoji uchun katta ahamiyatga ega ekanligi
uqtirib o’tiladi. Ularning fikriga qaraganda, tafakkur taraqqiyoti o’z ichiga 
o’smirlarning o’qishga munosabati, o’qish motivlari, bilishga qiziqishlarini qamrab 
olishi kerak. Menchinskaya o’quvchi shaxsiy qarashini shakllantirish, uni mustaqil 
baholashga o’rgatish bu boradagi muhim siljish ekanligini ta’kidlaydi. 
Sobiq sovet psixologiyasida mavhumlash jarayoni turli usullar orqali amalga 
oshirish qabul qilingan. Jumladan, psixolog Ye.N.Kabanova-Meller uch xil 
abstraksiyalash usuli ustida ilmiy-tadqiqot ishi olib borgan: taqqoslovchi, ayiruvchi 
va ta’kidlovchi. 
Taqqoslovchi mavhumlash usuli yordamida o’smirlar ongli holda narsa va 
hodisalardan muhim ham muhim bo’lmagan belgilarni (alomatlarni) fikr ajratib 
olib, ularni shu zahotiyoq taqqoslaydilar. Misol uchun o’quvchi uchburchakning 
tashqi burchagi degan tushunchani mavhumlash paytida uni muhim (ich burchakka 
qo’shni bo’lishi) va muhim bo’lmagan (tashqi burchakning o’tmas yoki o’tkir 
bo’lishi) belgilarga ajratib ko’rsatadi. 
Bu topshiriqni bajarish mobaynida ikki guruh belgilarini, ya’ni muhim va 
muhim bo’lmagan belgilarni taqqoslaydi. Binobarin, birinchini muhim belgi deb 
hisoblasa, ikkinchisini nomuhim belgi deb ataydi. O’quvchi berilgan chizmani 
ko’zdan kechirib, muhim belgini payqaydi va bu belgining barcha tashqi 
burchaklar uchun umumiy ekanligiga tushunib yetadi. 
O’quvchi ayiruvchi mavhumlash usuli bilan topshiriq bajarayotgan vaqtda 
muayyan obyektdan faqat muhim belgilarni ajratib, nomuhim, tasodifiy belgilardan 
butunlay chetlashib, uni sezmay qolishi mumkin. Masalan, o’quvchiga 5 dona 
uchburchakni klassifikasiya qilish topshirilganda, u uchburchakdagi raqamlarga, 
uning shakliga, katta-kichikligiga sira ahamiyat bermay, faqat muhim belgi 
bilangina chegaralanib, muhim belgini nomuhim belgidan ajratib olganligini 
tajribamizda kuzatdik. 
Ta’kidlovchi mavhumlash usuli ta’lim jarayonida tez-tez qo’llanib turadi. 
O’quvchi berilgan narsa va hodisalarni, jism va predmetlarning muhim belgilarni 
ajratish paytida yo’l-yo’lakay ularning ayrim nomuhim belgilarini ham payqashi 


112 
mumkin. Masalan, o’smirlar uchburchaklarni gruppalashtirish (klassifikasiyalash) 
davrida muhim belgilar bilan bir qatorda nomuhim ba’zi belgilarni (shakli, rangi, 
hajmi), ayrim tasodifiy unsurlarni (raqamlarni) ham yo’l-yo’lakay uqib oladilar. 
O’quvchilarga qo’shimcha savol berilganda ular faqat uchburchaklar o’rtasida 
katta-kichiklik va shakli jahatidagina tafovut borligini ko’rsatib o’tdilar. Ammo, 
ular bu belgilar yuzasidan aniq biror narsa ayta olmadilar. Xuddi shunday omil 
yana bir holatda ham takrorlandi. O’quvchilar barcha uchburchaklarda raqamlar 
borligini ta’kidlab o’tdilar-u, biroq, ularni aytib berishga ojizlik qildilar. Demak, 
bu abstraksiyalash usuli bilan topshiriqni bajarishda muhim belgilar ajratilib, 
nomuhim tasodifiy belgilar ta’kidlab o’tilar ekan, xolos. 
Psixologiyada mavhumlashning “ijobiy va salbiy” tomonini qayd qilib o’tish 
an’ana tusiga kirib qolgan. Biz ko’rib o’tgan uch xil usulda mavhumlashning ijobiy 
tomoni deb muhim belgilarni ajratish jarayonini nazarda tutdik. Mavhumlashning 
salbiy tomoni turli holatlarni o’z ichiga oladi: bunda muhim bo’lmagan belgilar 
chiqarib tashlanadi yoki nazardan chetda qoldiriladi (ayiruvchi mavhumlash), 
muhim bo’lmagan ba’zi belgilar idrok qilinadi (ta’kidlovchi mavhumlash), idrok 
qilingan muhim belgilar muhim bo’lmagan belgilar bilan taqqoslanadi 
(taqqoslovchi mavhumlash) va boshqalar. Lekin bunda muhim bo’lmagan tasodifiy 
belgilar bilangina qanday ishlar qilinayotganligi to’g’risida mulohaza yuritiladi. 
Shuning uchun bu omillarning barchasini birgina umumiy so’z bilan 
“abstraksiyalashning salbiy tomoni” deb atash mumkin. 
Ta’limda o’qituvchi ba’zi hollarda faqat ayiruvchi mavhumlash usulini 
tavsiya etishiga to’g’ri keladi. Chunki aksariyat dasturdagi masala va misollar 
mavhumlashning xuddi shu usulini talab qiladi. Agar masala yoki topshiriq narsa 
va hodisalarning muhim belgisini topishni taqozo etsa, u taqdirda mavhumlash 
usuli qo’llaniladi. Masalan, o’quvchiga “pasttekislik” tushunchasini mavhumlash 
topshirildi deb faraz qilaylik, u holda vazifa mana bunday tarzda bajariladi: 
“Dengiz sathidan 200 metr yuqorida joylashgan yer yuzasiga pasttekislik deyiladi”. 
Demak, uning muhim belgisi dengiz sathidan 200 m yuqorida bo’lishidir. 
Qo’yilgan masala taqqoslovchi mavhumlash usuli yordamida hal qilishni 
talab etsa, bu paytda voqyelikning ham muhim, ham nomuhim belgilarini 
aniqlashga to’g’ri keladi. Misol tariqasida shu narsani aytib o’tish mumkin: 
geometriya darsligida ko’pburchak ichki burchaklarining yig’indisi 2d (p-2) ga 
teng degan teorema mavjud. Buning muhim belgisi ichki burchaklar yig’indisining 
2d (p-2) ga teng bo’lishidir. Uning besh burchakli, o’n burchakli bo’lishi, fazoda 
turlicha joylashishi, hajmi, rangi va boshqa xususiyatlari muhim bo’lmagan 
belgilarga yoki ko’pburchaklar variasiyasiga taalluqli ekanligidir. Shunday qilib, 
bu misolda geometrik shaklning muhim va muhim bo’lmagan belgilari ajratib 
ko’rsatilgan. 


113 
O’quvchilar bajarishi kerak bo’lgan topshiriq ba’zan ta’kidlovchi belgilar 
mavhumlash usulini talab etsa, u holda muhim belgilar sanab o’tiladi, nomuhim 
belgilarning ayrimlari yo’l-yo’lakay ta’kidlab o’tiladi. Masalan, o’smirlarga biz 
paxta terish mashinasini ko’rsatib, “bu qanday mashina” desak, ular albatta uni 
ta’riflab, ishlash qoidalari bilan tanishtirishadi, muhim belgisini aytib berishadi, 
ammo mashinaning katta balloni borligi, bunkerining hajmi, rangi, chiqqan yili va 
boshqa shu kabi jihatlari e’tibordan chetda qolishi mumkin. Biroq, ular bu 
belgilarni shu zahoti tushuntirib berishga qiynaladilar, chunki bu tasodifiy belgilar 
bo’lib, masalaning asosiy tomonini tashkil etmaydigan belgilardir. 
Demak, o’smirlarning o’quv faoliyatida abstraksiyalash (mavhumlash) 
usullarini o’rganish va ularni o’quv materiallarini osonroq o’zlashtirish uchun 
amaliyotda qo’llash muhim ahamiyat kasb etadi. 
Biz o’z tadqiqotimizda umumlashtirishning eng keng tarqalgan uch turi: 
umumiydan yakkaga, yakkadan umumiyga, yakkadan umumiyga va so’ngra 
umumiydan yana yakkaga o’tish kabi usullar ustida mulohaza yuritib, o’zbek tili 
darslarida ularni sinovdan o’tkazdik. 
Birinchi guruh o’quvchilaridan umumlashtirishning umumiydan yakkaga 
o’tish usuli shakllantirildi. O’qituvchi doskaga ushbu gapni yozdi: “Ravon yo’llar, 
baland imoratlar, istirohat bog’i va hiyobonlar shahrimiz xusniga husn 
qo’shmoqda”, o’qituvchi gapni ovoz chiqarib o’qiydi va predmet nomini bildirgan 
so’zlarni gapdan ajratib olib, ularni yonma-yon yozadi. So’ngra o’qituvchi predmet 
nomini anglatib kelgan so’zlar qaysi so’roqlarga javob bo’lishini aytib o’tadi va ot 
kategoriyasiga ta’rif beradi: “Predmet nomini bildirib, kim?, nima? so’rog’iga 
javob bo’lgan so’zlar ot deb ataladi”. U mazkur turkumni aniqlab kelgan muhim 
belgilarni: predmet nomini bildirishi va kim?, nima? so’rog’iga javob bo’lishini 
ko’rsatadi. Undan so’ng gapda ishtirok etgan insonga oid nomlarni, jonivorlarning, 
narsa va jismlarning, voqyea-hodisalarning nomlarini, belgi-sifat, harakat-holat 
nomlarini ajratib tanishtiradi. So’zlardagi qo’shimchalar (kelishik, egalik, shaxs), 
son va tushum, qaratqich kelishiklari differensiasiyasiga to’xtab o’tiladi. 
O’qituvchi suhbatining oxirida barcha aytilgan so’zlarni qisqacha xulosalab berishi 
kerak. 
Ikkinchi guruh o’quvchilarida umumlashtirish yakkadan umumiyga o’tish 
usuli shakllantirildi. O’qituvchi doskaga ushbu gaplarni yozdi: “Vostok” fazo 
kemasida birinchi bo’lib kosmosga uchgan inson — Sobiq Ittifoqning fuqarosi 
Yuriy Alekseyevich Gagarindir. 1991 yilda O’zbekiston Respublikasi mustaqil deb 
e’lon qilinishi xalqimizning azaliy ijtimoiy-tarixiy orzusi ushalishidir». So’ngra u 
o’quvchilarga murojaat qiladi: “Gaplarni taqqoslang, predmet nomini bildirgan 
so’zlarni topib ayting va ular qaysi so’z turkumiga xos ekanligini tushuntirib 
bering”. O’quvchilar o’qituvchining ozmi-ko’pmi yordamida predmet nomini 


114 
bildirgan so’zlarni sanab o’tmog’i, ularning qanday so’roqqa javob bo’lishini 
aniqlamog’i va “ot” so’z turkumiga ta’rif bermog’i lozim. O’quvchi so’z turkumini 
aniqlovchi muhim belgilarni: predmet nomini bildirib, kim? va nima? so’rog’iga 
javob bo’lishini topishi shart. 
Ishning keyingi bosqichida ajratib olingan so’zlarning qanday qo’shimchalar 
bilan kelganligini aytib o’tish maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, 
o’quvchilarga ikkita so’z birikmasi (maktabning hovlisi; hikoyani tingladik) 
beriladi. O’qituvchi bu so’z birikmalarini taqqoslab, analiz qilishni va tushum, 
qaratqich kelishiklari differensiasiyasini aytib berishni taklif qiladi. Bu holda 
o’quvchi shunday xulosaga kelishi kerakki, agar ot so’z turkumi ot bilan bog’lanib 
kelsa (maktabning hovlisi) qaratqich kelishigi qo’shimchasi yozilishi hamda ot fe’l 
bilan (hikoyani tingladik) aloqada bo’lib kelsa — tushum kelishigi qo’shimchasi 
qo’llanishligi unda o’z ifodasini topsin. 
Uchinchi guruh o’quvchilarida umumlashtirishning yakkadan umumiyga, 
so’ngra umumiydan yana yakkaga o’tish usuli shakllantirildi. O’qituvchi doskaga 
ushbu gapni yozadi: “It bo’ynini burmasdan g’alatiroq bukildi ko’m-ko’k och 
ko’zlari bilan menga bir qarash qildi-da dumini qisib o’zini o’rmonga urdi”.
O’quvchi bu gapni mustaqil analiz qilishi (agar ehtiyoj tug’ilsa, o’qituvchi 
yordam berishi maqsadga muvofiqdir), predmet nomini anglatgan so’zlarni alohida 
ko’chirib olishi va qanday so’roqlarga javob bo’lishini aniqlamog’i, ot so’z
 
turkumiga ta’rif bermog’i kerak. U otga xos bo’lgan muhim belgilarni (predmetni 
bildirib, kim?, nima? so’rog’iga javob bo’lishini) ajratishi lozim. So’ngra gapdagi 
insonga oid nomlarni, jonivorlarning, narsa va jismlar hamda voqyea-hodisalarning 
nomlarini, belgi-sifat, harakat-holat nomlarini bildirgan so’zlarni bir necha ustunga 
yozish taklif etiladi. Keyinchalik o’quvchilardan qo’shimchalarni aniqlash (shaxs, 
kelishik, egalik), qaratqich va tushum kelishigi differensiasiyasi to’g’risida
mulohaza yuritish taklif qilinadi. 
O’quvchi o’z tashabbusi bilan yoki o’qituvchi so’rog’iga javob berishda 
yuqoridagi yagona misol asosida ifodalangan qoidani boshqa bir qancha fanlarga 
ko’chirishi lozim. Boshqacha so’z bilan aytganda, yagona misoldan umumiy qoida 
chiqariladi. Shu tariqa, o’quvchilarda yakkadan umumiyga, so’ngra umumiydan
yana yakkaga o’tish usuli tarkib topadi. Topshiriqning ikkinchi bosqichida 
o’quvchiga bir gap topib, uni yuqoridagida tahlil qilish talab etiladi, qaratqich va 
tushum kelishigi differensiasiyasiga doir mana bu gap beriladi: havoning harorati 
kishini kuydiradi. 
Umumlashtirish usullarini o’quvchilarga o’rgatish o’zbek tili materiallarini 
puxta egallashni osonlashtiradi va o’qitish samaradorligini oshiradi, 
o’quvchilarning faolligini, bilishga qiziqish faoliyatini kuchaytiradi va hokazo. 
Olib borilgan izlanishlarimizning ko’rsatishiga qaraganda, o’smir tafakkurini 


115 
o’stirishda insho yozish va uni mantiqiy muhokama qilish muhim ahamiyatga ega. 
Yettinchi sinf o’quvchisining ijodiy ishidan namuna keltiramiz: “Men Toshkent 
shahriga yaqin qishloqda istiqomat qilaman. Onam jamoa xo’jaligida, otam esa 
kombinatda mehnat qilishadi. Onamlar yetishtirgan noz-ne’matlar xalqimiz 
dasturxonini bezatadi. Xalq maqtoviga sazovor bo’lishdan ham baxtliroq narsa 
bormi dunyoda, axir?! Ular vaqtli matbuot bilan sinchkov tanishadilar, siyosiy va 
badiiy jurnallarga obuna bo’ladilar. Vatan baxt-saodati uchun ter to’kaman, — 
deydilar biz bilan suhbatda. Ular o’zlarining dugonalari bilan erta ketib, kech 
qaytadilar. Lekin oila g’amxo’rligini esdan chiqarmaydilar. Onamlar orden 
olganlarida uyimizga tabriklash uchun ko’pgina kishilar kelishdi. Otamlar 
ikkinchi jahon urushida ishtirok etganlar. Hozirgacha quroldosh do’stlari bilan xat 
olishib turadilar. Ularning ko’ksini 2 ta orden bezab turadi.
Suratlari hurmat taxtasidan joy olgan. Bo’sh vaqtlarida yog’ochdan 
o’ymakar nashqlar yasaydilar. Men ota-onamni behad hurmat qilaman va ular bilan 
faxrlanaman. Kasbning yomoni bo’lmaydi, chunki uni sevsang bas, bo’lgani...”. 
Inshoni guruh bo’lib muhokama qilish o’smirlarni mantiqiy mulohaza 
yuritishga o’rgatadi. Masalan:
1) o’quvchining onasini jamoa xo’jaligi a’zosi ekanligi va ko’ksini orden 
bezab turishi,
2) “Vatan baxt-saodati uchun” ter to’kishi,
3) jamoa xo’jaligida baynalminal oilaning yuzaga kelishi,
4) onaning g’oyaviy-siyosiy ongini o’stirish uchun tinmay harakat qilishi,
5) farzandda g’urur tuyg’usining paydo bo’lishi,
6) otaning orden sohibi ekanligi va hurmat taxtasidan joy olganligi,
7) Vatan ozodligi uchun frontda jang qilganligi,
8) baynalminal quroldosh do’stlar aloqasi,
9) bo’sh vaqtlarda o’ymakorlik bilan shug’ullanishi to’g’risidagi 
mulohazalar tafakkur rivoji uchun kuchli ta’sir qiladi. 
Endi sakkiziichi sinf o’quvchisining inshoda ifodalagan fikrlaridan 
namunalar keltiramiz. “Orzuning cheki yo’q, deydi xalqimiz. Men bunga to’la 
ishonaman. Shu boisdan bo’lsa kerak, ko’p kishilarni o’z idealim deb hisoblayman. 
Kosmos qahramonlari bilan faxrlanaman. Mehnatsevar sportchilarni yoqtiraman. 
Kishining salomatligi posbonlariga hurmat bilan qarayman. Dongdor ishchi-
xizmatchilarni olqishlayman. Dovyurak Vatan posbonlaridek bo’lishni orzu 
qilaman. Mening orzuyim qahramon Sobir Rahimovdek baynalminal, jasur, aql-
zakovatli, kamtar kishidek inson bo’lib voyaga yetishdir. Men ular to’g’risida ko’p 
materiallar o’qiyman jismonan toblanaman. Temir irodali Vatanimiz qahramonlari 
(Ozod Sharafiddinov va boshqalar) men uchun idealdir...”. 


116 
Inshoni hamkorlikda muhokama qilish ularni milliy-ma’naviy ruhida 
tarbiyalaydi. Bunda ayniqsa, o’qituvchining o’smirlar fikr yuritishiga qaratilgan 
savollari: “Sobir Rahimovning qaysi xarakter xislatlari barkamol avlod uchun 
qimmatli?”, “Sobir Rahimovning tashkilotchilik va aqliy qobiliyatiga qanday 
qaraysiz?”, “S.Rahimov jasoratining g’alabasi uchun kurashda tutgan o’rni
nimalarda o’z ifodasini topgan?”, “S.Rahimov jasoratining ommaviy tus olishi 
qanday rol o’ynadi?” muhim ahamiyat kasb etdi. 
Eksperimentlarning birida o’qituvchi botanika darsida o’quvchilarga
dukkaklilar oilasining umumiy belgilari va ularning yashash sharoiti hamda turi 
haqida, uning qishloq xo’jaligida, oziq-ovqat sanoatidagi ahamiyati to’g’risida 
bilim berishga intildi.
O’smirlar fikr yuritish faoliyatini faollashtirish, darsni jonlashtirish 
maqsadida quyidagi savollar o’rtaga tashlanadi:
1) Dukkakli o’simliklar poyasi va barg tuzilishi qanday?
2) Mosh, loviya va no’xat o’simliklarining ildiz ko’rinishi va holati qanday?
3) Boshqa bir yillik o’simliklardan dukkakli o’simliklarning qanday farqi 
bor?
4) Yovvoyi va madaniy dukkakli o’simliklarga qaysilar kiradi?
5) Yantoqning usti va yer osti qismlari qanday tuzilgan?
6) Quyonsuyak o’simligi cho’lda qanday yashashga moslashgan?
7) Dukkaklilarning qanday ahamiyati bor? va boshqalar. 
Ayniqsa, o’quv dasturi materiallarining dunyo voqyea va hodisalarining 
qonuniyati, ularning o’zaro aloqasi, o’simlik va hayvonot dunyosining uzviy 
bog’liqligi, organizmning tashqi muhitga ohangdoshligi va nihoyat inson tabiatni 
o’zgartiruvchi kuch ekanligi kabi muhim tushunchalar bilan bog’lanishi o’zining 
tarbiyaviy ta’sir kuchi bilan alohida ajralib turdi. Ma’lumki, tabiat va jamiyat 
qonunlari to’g’risidagi keng ko’lamli bilimlarni o’zlashtirish tafakkur asosini 
tashkil qiladi. 
“Funksiya” temasini matematik nuqtai nazardan o’smirlarga har tomonlama 
ochib berishda o’qituvchi jonli misollarga murojaat berdi. U bu bilan qanoat hosil 
qilgani yo’q, mavzuning ko’lamini yanada kengaytirishga harakat qila bordi, uning 
ahamiyatini atroflicha tushuntirishga intildi. Jumladan, funksiya matematikaga o’z-
o’zidan kelib qolmaganligi, balki ijtimoiy ishlab chiqarish ehtiyoji va zaruriyatidan 
kashf qilinganligi, shu yo’lda olimlar ko’p yillar izlanishlarda bo’lganliklarini 
tushuntirib berishga erishdi. Davr taqozosi bilan, mashina­texnika sanoati 
rivojlanishining turtkisi bilan uning zaruriyat darajasida ko’tarilganligi o’qituvchi 
tomonidan isbotlab berildi. Ayniqsa, o’tmishdagi donishmandlardan biri ta’biri 
bilan aytilgan, matematikaga o’zgaruvchan kattalikning olib kirilishi bilan 


117 
dialektikaga harakat tushunchasi kirib keldi, degan iborani o’rinli ishlatishi muhim 
ahamiyatga ega bo’ldi. 
O’quvchilarning fikr yuritish faoliyatini jonlantirish maqsadida bilish 
faoliyatini faollashtirishga qaratilgan savollar sinf kollektivi hukmiga havola 
qilinib turildi. 
Qisqa qilib aytganda, O’zbekiston Respublika maktablarida olib borilgan 
tajribalar va kuzatishlar har qanday o’quv fani materiallarini o’zlashtirishda 
(o’rganishda) tafakkurning ko’pqirrali, ko’pyoqlama tarzda rivojlantirishni amalga 
oshirishning zaxira va imkoniyatlari hali ko’p ekanligini ko’rsatdi. Shu boisdan 
murakkab, lekin sharafli vazifani maktab ta’lim tizimi amaliyotiga joriy qilish 
uchun ichki imkoniyatlarni qidirish va ulardan oqilona foydalanish darkor. 
Ta’limda tafakkur jarayonini rivojlantirish uchun, eng avvalo, o’qitishni ilmiy 
asosda rejalashtirish va uni oqilona tashkil qilish lozim. Buning uchun o’quv 
fanining o’ziga xos xususiyatlaridan o’quvchilarning kamol topganlik darajasidan,
aqliy imkoniyatlaridan kelib chiqqan xolda ta’lim jarayoniga yondashish o’quv-
tarbiya samaradorligini oshiradi, XXI asr talabiga javob beradigan har tomonlama 
taraqqiy qilgan o’smir o’quvchilar shaxsini barkamol qilib shakllantirishda muhim 
vosita bo’lib xizmat qiladi. 

Yüklə 5,01 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   49   50   51   52   53   54   55   56   57




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin