(611—613-bandlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-apreldagi 277-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.04.2018-y., 09/18/277/1048-son) 62. Taraga joylashtirilgan sabzavotlar, mevalar, reza mevalar, uzumni tashishda yukni jo‘natuvchi ularni avtotransport vositasi kuzovining yuk o‘rinlariga zich qator qilib joylashtiradi.
63. Unli-kremli qandolatchilik mahsulotlari o‘ramlarda tashiladi. Ular avtotransport vositasi kuzovida bir nechta qator qilib ustma-ust joylashtirilishi mumkin.
Unli-kremli qandolatchilik mahsulotlarini nooziq-ovqat mahsulotlar, shuningdek o‘tkir hidli mahsulotlar yoki yangi yopilgan non bilan birgalikda tashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
64. Non va non-bulka mahsulotlarini tashish uchun furgon tipidagi kuzovli, seksiyalarga bo‘lingan va lotoklar o‘rnatish uchun yo‘naltiruvchilar bilan jihozlangan avtotransport vositasi yoki non va non-bulka mahsulotlarini konteynerlarda tashish uchun moslashtirilgan avtotransport vositasi qo‘llaniladi. Non va non-bulka mahsulotlarini ushbu talablarga muvofiq jihozlanmagan avtotransport vositalarida tashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Non va non-bulka mahsulotlarini tashish uchun yukni jo‘natuvchidan qabul qilish va yukni oluvchiga topshirish tashuvchi tomonidan har bir lotokdagi (konteynerdagi) mahsulotlarning sonini hisoblamasdan standart to‘ldirilgan lotoklar (konteynerlar)ning nomi va soni bo‘yicha amalga oshiriladi.
65. Un ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalari — tsisternalarda tarasiz usulda va sholcha bilan yopilgan bortli platformali avtotransport vositalari — furgonlarda tarali usulda tashilishi mumkin. Yorma faqat tarali usulda tashiladi.
Un, yorma, shakar va tuzni turg‘un hidli yoki ularning o‘rami yuzasini iflos qiluvchi yuklar bilan birgalikda tashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Texnik tuz sholcha bilan o‘ralgan ochiq avtotransport vositalarida tashiladi.
Un, yorma, shakar va tuz solingan qoplar, agar ularni joylashtirish balandligi avtotransport vositasi borti balandligidan ortiq bo‘lsa mahkamlanadi.
66. Don, hashakning silos massasi va pichanni tashishda avtotransport vositasining kuzovi yukni atmosfera yog‘ingarchiligidan va tashishda kamayishdan himoya qilish uchun parda bilan jihozlanadi.
67. Paxta xomashyosi avtotransportning barcha turlarida tarasiz usulda (to‘kilgan holda) tashiladi, elita urug‘lik chigit va yangi qoplarda tashiladigan yangi navlar bundan mustasno. To‘kilgan holda tashiladigan paxta xomashyosining usti mato bilan yopilishi kerak.
Paxta xomashyosini tashiydigan avtotransport vositalari uchqun so‘ndirgichlar, olovni o‘chirgichlar va kuzovni yopish vositalari bilan jihozlanadi.
Xavfsizlik shartlari va agrotexnika talablari bo‘yicha paxta xomashyosini daladan tayyorlov punktiga tashishda avtotransport vositalarining paxtazorga kirishiga ruxsat berilmaydi.
Yukni jo‘natuvchi, yukni oluvchi tomonidan paxta xomashyosini jo‘natish va qabul qilish seleksiya va sanoat navlari, terish turlari va hokazolar bo‘yicha bir xildagi turkumlar bilan amalga oshiriladi.
Paxta tolasi, lintni tashishda yukning saqlanishini va yong‘in xavfsizligini ta’minlash uchun poliga metall bo‘lmagan material to‘shalgan va tekis bortli yopiq avtotransport vositalaridan foydalanilishi kerak.
Paxta tolasini bo‘yog‘i qurimagan yuk bo‘lmalarida hayvonot-xomashyo yuklari (teri xomashyosi, jun va shu kabilar) va nam chiqaruvchi yuklar bilan birgalikda tashishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tolali paxta mahsulotlarining har bir turkumi (turkumning bir qismi) transportda alohida tashiladi. Avtotransport vositasiga tolali paxta mahsulotlarining bir nechta turkumlarini (qoidaga ko‘ra uchtagacha), agar ular bir xildagi seleksiya va sanoat navlari bo‘lsa, avtotransport vositasiga yuklashga yo‘l qo‘yiladi, bunda har bir turkumga sifat to‘g‘risidagi alohida hujjat rasmiylashtiriladi.
Yukni oluvchi bilan kelishgan holda avtotransport vositalariga tolali mahsulot turkumlari, agar ayni bir seleksiya va sanoat mollaridan bo‘lsa, ularning uchtadan ortiq turkumini yuklashga yo‘l qo‘yiladi. Yuklanadigan turkumga sifat to‘g‘risidagi alohida hujjat rasmiylashtiriladi.
Taxlamlarni avtotransport vositalariga ortish va tushirishda kamarlarni yechishga va ularning “tugunchalari” uzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Texnik chigitlar to‘kilgan holda yoki toza, quruq, o‘zga hidlarsiz qoplarda tashiladi.
Transportda tashishda o‘rtacha tolali va uzun tolali seleksiya navlari urug‘liklari, turlicha sanoat navlari va darajalari, shuningdek namlik yuqori bo‘lgan urug‘liklar aralash tashilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ekiladigan chigit solingan qoplar yopiq avtotransport vositalarida tashiladi. Ekiladigan chigitlarni ochiq avtotransport vositalarida tashishda chigit solingan qoplar brezent bilan yopiladi.
Dorivor ishqor bilan ishlov berilmagan ekiladigan chigitlarni to‘kilgan holda transportda tashishga yo‘l qo‘yiladi.
Ishqor bilan ishlov berilgan chigitlarni sexga transportda tashishda nobudgarchiliklarga va ekiladigan chigitlarning shikastlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Nuqsonlari aniq ko‘rinib turgan, bog‘lash kamarlari va o‘ralgan matoning yaxlitligi buzilgan, xo‘llangan va ifloslangan taxlamli paxta tolasi, lint taxlamlari, shuningdek o‘zidan o‘zi isib ketadigan yoki o‘zidan o‘zi yonib ketadigan paxta tashish uchun qabul qilinmaydi.
Tashiladigan paxta xomashyosining amaldagi massasini aniqlash uchun ham tayyorlov punktida yuklashda (tara, brutto), ham paxta tozalash zavodlarida tushirishda (brutto, tara) avtotransport vositasining bir tipdagi tarozilarida tortiladi, shuningdek har bir kuzovdan namuna olish, analizlar qilish yo‘li bilan natijalari paxta xomashyosining turkumiga tatbiq etiladigan uning konditsion massasi aniqlanadi.
68. Hayvonlar yoki parrandalarni tashish ixtisoslashtirilgan avtotransport vositasida yoki u mavjud bo‘lmaganda, hayvonlar yoki parrandalarni tashish uchun jihozlangan bort platforma tipidagi kuzovli avtotransport vositasida tashiladi.
Hayvonlar yoki parrandalarni o‘zi ag‘dargich kuzovli avtotransport vositasida tashish taqiqlanadi.
Tashuvchi, agar bu tashish shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa, hayvonlar yoki parrandalarni kuzatib borishni o‘z zimmasiga olishi mumkin.
Tashish shartnomasi shartlariga muvofiq yukni kuzatib boradigan mijoz yoki tashuvchining vakili hayvonlar yoki parrandalarning kamomadi, jarohatlanishi va o‘latga chalinishi, shuningdek sanitariya normalariga rioya etilmaganligi, hayvonlarni (parrandalarni) parvarish qilish uchun mo‘ljallangan mol-mulkning kamayishi va buzilishi uchun javob beradi.
Asalarilarni tashishda maqbul harorat 80S. Asalarilarni avtotransport vositalari — furgonlarda tashqi havo harorati 100Sdan ortiq bo‘lmaganda tashishga yo‘l qo‘yiladi.
69. Charm, teri, momiq, pat, jun va boshqa shunga o‘xshash yuklarni (charm va teri-mo‘yna xomashyo) tashish yuk albatta brezent bilan yopilgan holda furgonlarda yoki bortli avtotransport vositalarida amalga oshiriladi.
Charm va teri-mo‘yna xomashyoni avtotransport vositalari bilan chilvir bilan bog‘langan tagliklarda tashishga yo‘l qo‘yiladi.
Tuzlangan terilar bochkalarda, taxlamlarda, bog‘lam qilib va alohida (tarasiz) tashiladi. Terilarni quruq yuklar va o‘zga hidlarni o‘ziga singdirib oladigan yuklar bilan birgalikda tashish taqiqlanadi.
Tuzlangan terilar atmosfera yog‘ingarchiliklaridan ishonchli himoyalangan bo‘lishi kerak. Separatsiyada yoki kuzovning poliga yotqizish uchun eman taxtalardan foydalanish taqiqlanadi.
Yuvilgan va yuvilmagan (yog‘li) junni birgalikda tashish, nam yoki ho‘l junni tashish uchun taqdim etish va uni nam yoki yog‘li yukka yuklash taqiqlanadi.
Hayvonlarning yunglari presslangan holda taxlamlar yoki qoplarda tashiladi.
70. Yiriklashtirilgan paketlarda yoki konteynerlarda idish-tovoqni tashishda avtotransport vositasi kuzovining poliga zich qilib teng o‘lchamda xashak, pichan qatlami yoki yog‘och qipig‘i to‘shaladi. Paketlar qatorlariga ham gorizontal va vertikal bo‘yicha o‘rash materiali qo‘yiladi.
Shishadan yasalgan, xo‘jalikda ishlatiladigan idish-tovoq konteynerlarda, tara-uskunalarda yoki polietilen plyonka yopishtirilgan paketlarda tashiladi.
Idish-tovoq solingan tara va konteynerlarga “EHTIYOT BO‘LING, ShIShA!” degan yozuv yozilishi kerak.
Ovqatlanish anjomlari solingan qutilar suv o‘tkazmaydigan qog‘oz bilan qoplangan yog‘och yashchiklarga yonma-yon joylashtiriladi. O‘ralgan yashchiklar ko‘ndalangiga po‘lat o‘rash lentasi yoki yumshatilgan sim bilan o‘raladi.
Ovqatlanish anjomlarini kimyoviy moddalar va metallni korroziyaga uchratadigan boshqa materiallar bilan birgalikda tashishga ruxsat berilmaydi.
Yukni oluvchi pachkalar (paketlar) ichidan singandagi tovush eshitilsa ularni ochishni va tovarni bittalab topshirishni talab qilish huquqiga ega. Buyumlarning singanligi aniqlanganda yukni oluvchi buyumlarni qabul qilishni va singan buyumlarning haqini to‘lashni rad etishga, tashish shartnomasida belgilangan miqdorda tashuvchidan jarima undirishga, agar tovarlarning haqi to‘langan bo‘lsa, to‘langan summalarni belgilangan tartibda qaytarishni talab qilishga haqlidir.
71. Suyuq organik o‘g‘itlar faqat ixtisoslashtirilgan avtotsisternalarda tashilishi kerak. Tashuvchi avtotsisternaning barcha rezbali birikmalari, qopqoqli tuynuklari va qulf qurilmalarining germetikligini, shuningdek shlanglarning mahkamlanganligi ishonchliligini ta’minlashi va to‘ldirish darajasini nazorat qilishi kerak.
72. Matolar va ulardan tikilgan buyumlar maxsus qattiq, yarim qattiq va yumshoq taraga joylashtirib tashiladi.
Matolar va ulardan tikilgan buyumlar solingan qattiq tara (taxta va faner yashchiklar) ko‘ndalangiga qulfga mahkamlangan metall lenta bilan o‘ralgan bo‘lishi kerak.
Ipak matolarning taxlamlarini ingichka sim bilan o‘rash taqiqlanadi.
Toyga o‘ralgan matolar qog‘oz bilan yoki o‘rash matosi bilan qoplanishi, bir chokda tikilishi va ko‘ndalangiga chilvir bilan o‘ralishi kerak.
73. Gilam va gilam buyumlar qanday holda ishlab chiqarilgan bo‘lsa, o‘sha shaklda o‘ralmasdan rulonlarda tashish uchun taqdim etilishi mumkin.
74. Poyabzalning har xil turlari maxsus taraga (karton qutilar, karton, yog‘och, faner, kombinatsiyalashtirilgan yashchiklarga solingan holda) joylashtirilgan holda tashish uchun taqdim etiladi.
75. Maishiy mashinalar, priborlar va boshqa murakkab maishiy texnika avtotransport vositasida tashish uchun yukning turiga qarab mahkamlangan holda zavod o‘ramida tashish uchun taqdim etiladi. O‘ramga manipulatsion belgilar (“EHTIYOT BO‘LING, ShIShA!”, “TEPA QISMI”, “NAMDAN SAQLANG!”) bosiladi.
76. Mebel tashish uchun ham tarada, ham tarasiz usulda taqdim etiladi. Mebel tarasiz usulda tashilganda tashuvchi maxsus jihozlangan avtotransport vositasini qo‘llashi kerak.
77. Sement va gips tarasiz va tarali usulda (qoplarda) tashiladi. Tarasiz usulda tashish faqat ixtisoslashtirilgan avtotsisternalarda amalga oshiriladi.
Sement va gipsni ixtisoslashtirilgan avtotsisternalardan omborxonaga tushirish uchun yukni oluvchi qattiq qoplamali maydonchalarga ega bo‘lishi kerak.
Sement doimiy ravishda tushiriladigan joylarda (qorishma uzellari, zavodlar, qurilish maydonlari va shu kabilarda) yukni oluvchi ixtisoslashtirilgan avtotsisterna tushirish tomonga 12 — 140 qiyalikda bo‘lishini ta’minlagan holda tushirish maydonchalarini jihozlashi kerak.
Ixtisoslashtirilgan avtotsisternalarni tushirish joyiga traktorlarda shatakda olib kelish, shuningdek tushirish shlanglarini sim, chilvir va boshqa qo‘losti vositalar yordamida qabul qilish qurilmalariga mahkamlash taqiqlanadi.
78. Asbestotsement shifer (yassi, to‘lqinli yoki boshqa konfiguratsiyali) avtotransport vositasida tashish uchun lentali yoki sim mahkamlash bandajlari bilan mahkamlangan konteynerlarda, tagliklarda taqdim etiladi.
Transportda tashish vaqtida mahkamlash buzilgan taqdirda shifer yukni oluvchiga tovar-transport yukxatida ko‘rsatilgan listlar soni bo‘yicha topshiriladi.
79. G‘isht avtotransport vositasida konteynerlarda, tagliklarda va ularsiz, shuningdek uyulgan holda tashiladi. Tagliklar, agar g‘ishtni joylashtirishning balandligi avtotransport vositasi kuzovi bortining balandligidan yuqori bo‘lsa, to‘suvchi qurilmalarga ega bo‘lishi kerak.
Tashuvchi paketning pastki qatoridan, burchaklaridan yoki chetlaridan g‘ishtlar tushib ketayotgan bo‘lsa, shuningdek agar g‘ishtni joylashtirishning balandligi avtotransport vositasi kuzovi borti balandligidan yuqori bo‘lsa, to‘suvchi qurilmalar yo‘q bo‘lganda paketlarni tashishga qabul qilmasligi mumkin.
Xom g‘isht 7 tonnagacha yuk ko‘taradigan avtotransport vositasining tagliklarida tashilganda paketlar yukni jo‘natuvchi tomonidan kuzovning o‘qi bo‘ylab joylashtirilishi, 7 tonnadan ortiq yuk ko‘taradigan avtotransport vositasida tashilganda esa — kuzovning yon bortlaridan biriga taqashtirilib shaxmat tartibida kuzovning o‘qiga perpendikulyar joylashtirilishi kerak.
80. Qurilish qorishmalari kuzovi tsisterna shaklidagi avtotransport vositalari — qorishma tashuvchilarda, bortli avtotransport vositasining kuzoviga o‘rnatilgan maxsus konteynerlar va pastak yog‘och taralarda, shuningdek orqa bort termoizolatsiya qopqoqlari, kigiz to‘shamalar, shuningdek yilning qish vaqtida kuzovni ishlatilgan gazlar bilan isitish uchun qurilmalar bilan qo‘shimcha ravishda zichlashtirilgan avtosomosvallarning kuzovlarida tashiladi.
Qurilish qorishmalari yopishib qolishidan himoya qilish uchun iflos narsalar va zanglardan sinchiklab tozalangan kuzovning ichki yuzasiga xlorli kalsiyning suvli eritmasi surtiladi.
81. Listli shishani tashish uchun brezent bilan ta’minlangan bort platformali avtomobillardan (avtopoyezdlardan yoki avtomobil furgonlardan) foydalaniladi. Vitrinaga mo‘ljallangan list shisha maxsus jihozlangan avtotransport vositalarida tashilishi kerak.
Listli shisha yog‘och yashchiklarda, universal yoki maxsus konteynerlarda, ko‘p oborotli yashchiklarda va shishaning saqlanishini ta’minlaydigan boshqa tarada tashiladi.
Shisha solingan yashchiklar bir-biriga zich taqalgan holda avtotransport vositasining harakati yo‘nalishi bo‘ylab ko‘ndalang holda uning kuzoviga joylashtiriladi. Kuzov to‘lmagan taqdirda yashchiklar harakat vaqtida siljimaydigan va tebranmaydigan qilib mahkamlanadi yoki tikiladi.
Ko‘p oborotli yashchiklardagi listli shishani avtotransport vositasi kuzovining uzunasi va ko‘ndalangiga o‘rnatish mumkin. Yashchiklarni mahkamlash: yupqa taxtalar bilan tikish yoki burchaklari orqali sim bilan bog‘lash zarur.
Ko‘ndalangiga joylashtirishda ko‘p oborotli yashchiklarni avtotransport vositasining kabinasiga tomon sal qiya holda o‘rnatish zarur.
Nosoz va singan shisha bo‘laklari bo‘lgan yashchiklar va konteynerlar tashish uchun qabul qilinmaydi.
82. Santexnika buyumlari (chinni-ganch, metall) ularning himoya qilinishini ta’minlaydigan zavod o‘ramida tashish uchun taqdim etiladi.
83. Temir-beton buyumlar konstruksiyasiga qarab yo‘lda yukning barqaror holatini ta’minlaydigan uskuna bilan jihozlangan ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalarida va gorizontal, vertikal yoki qiya holatda ixtisoslashtirilmagan avtotransport vositalarida tashilishi mumkin.
Ixtisoslashtirilgan avtotransportdan devorbop panellar va to‘sgichlarni, shuningdek massasi 16 tonnadan ortiq temir-beton buyumlarni tashish uchun foydalaniladi.
Bortli platformali avtotransport vositalaridan (avtopoyezdlardan) uncha katta bo‘lmagan o‘lchamli temir-beton buyumlarni (poydevor bloklari, to‘shamalar, plitalar, zinapoya marshlari va boshqalarni) tashish uchun foydalaniladi.
Uzun o‘lchamli temir-beton buyumlarni (fermalar, to‘sinlar va boshqalarni) tashish uchun yarimtirkamali va tirkamalar — yog‘och aravali avtopoyezddan foydalaniladi.
84. Yog‘och-taxta va arralangan binokorlik materiallarini tashish uchun foydalaniladigan ixtisoslashtirilmagan avtotransport vositalari yog‘och-taxtalar kabinaga siljishining oldini oluvchi maxsus moslamalar (tishlar, sirg‘alishga qarshi taroqlar) bilan jihozlanadi, kabinaning orqasiga esa yog‘och xoda, govronlarning zarbalaridan himoya qilish uchun g‘ov o‘rnatiladi.
Yog‘och-taxta va arralangan binokorlik materiallari avtotransport vositasi va tirkama bo‘yicha teng joylashtiriladi. Avtotransport vositasidagi yukning balandligi tirkama-yog‘och aravadagi yukning balandligidan 100 millimetrdan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Yog‘och-taxta va arralangan binokorlik materiallarini tashishda yukni jo‘natuvchi yog‘och-taxta materiallarini oldindan uzunligi bo‘yicha navlarga ajratib paketlarga joylashtirishi va ularni inventar bog‘ich bilan mahkamlashi kerak.
Yog‘och-taxta va arralangan binokorlik materiallarini yukni jo‘natuvchidan tashish uchun qabul qilish va yukni oluvchiga topshirish tashuvchi tomonidan hajmi bo‘yicha, paketli usulda tashishda esa — yuk o‘rinlari (paketlar) soni bo‘yicha amalga oshiriladi.
85. Metall va undan yasalgan buyumlarni tashish uchun ularning guruhiga qarab bortli platformali avtotransport vositalari, yarimtirkamali shatakchilar, metall tashuvchilar, tirkamali-yog‘och aravali avtomobillar qo‘llaniladi.
Metall va undan tayyorlangan buyumlar:
uzun o‘lchamli prokat (po‘lat prokat, burchaklar, shvellerlar va qo‘shtavrlar — shtabellarda yoki bog‘lamalarda;
po‘lat kanatlar — buxtaga yoki barabanga o‘ralgan holda;
o‘rama setkalar — yumshoq po‘lat sim bilan o‘ralgan holda;
yassi setkalar — paketlarga bog‘langan holda;
kichik gabaritli metall (mixparchinlar, boltlar, gaykalar, shaybalar, vintlar) — taraga joylashtirilgan holda;
elektrodlar — qog‘ozga o‘ralgan va yashchiklarga joylashtirilgan holda;
rangli metallar va qotishmalar — pachkalarga bog‘langan va taraga joylashtirilgan holda tashiladi.
Uzun o‘lchamli metallarni (va boshqa metallardan tayyorlangan buyumlarni) yuklashda tirkama-yog‘och aravalarda tirkamaning burishini ta’minlash uchun avtomobilga nisbatan istalgan tomonga 90 darajada kabina bilan yuk o‘rtasida oraliq qoldirilishi kerak.
Tashuvchi avtotransport vositasi kuzovining old qismiga yuk kabinani shikastlashidan himoya qilish uchun po‘lat g‘ov o‘rnatishi kerak.
86. Yuk ortilgan konteynerni qabul qilib olishda tashuvchi va mijoz konteynerni tashqi tomondan ko‘zdan kechiradilar, tamg‘aning, tamg‘alash simining yaxlitligi va sozligini, konteyner raqami va tamg‘a izi nazorat belgisining tovar-transport yukxatida ko‘rsatilgan konteyner raqami va nazorat belgisiga muvofiqligini tekshiradilar.
Yukni joylashtirishda yukni jo‘natuvchi yuk bilan konteyner eshigi o‘rtasida 30 millimetrdan 50 millimetrgacha bo‘sh oraliq qoldirishi kerak. Yuk konteyner ichida yukni jo‘natuvchi tomonidan noto‘g‘ri joylashtirilishi yoki mahkamlanishi oqibatida yuz bergan yukning buzilganligi va shikastlanganligi uchun tashuvchi javob bermaydi. Tamg‘a noaniq bosilgan, shuningdek noto‘g‘ri ilingan tamg‘ali konteynerni qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Har bir konteynerga yukni jo‘natuvchi yuklangan o‘rinlar sonini ko‘rsatgan holda imzo bilan tasdiqlangan yukning ro‘yxatini solib qo‘yadi.
(86-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son) Yuk nosoz konteynerda, shuningdek tamg‘a buzilgan yoki tamg‘alanmagan konteynerda kelgan taqdirda yukni oluvchi konteynerni ochishi, tashuvchining vakili bilan birgalikda yukning massasi, o‘rinlar soni va holatini tekshirishi kerak va yuk yo‘qotilganligi, buzilganligi yoki shikastlanganligi aniqlangan taqdirda tovar-transport yukxatiga yozuvni qayd etishi yoki belgilangan tartibda dalolatnoma tuzishi kerak.
87. Kimyo-farmatsevtika sanoati mahsulotlari (dori-darmonlar) tashish uchun 20 kilogrammdan og‘ir bo‘lmagan massali karton qutilarda, yog‘och yashchiklarda, shisha idishlarda, shuningdek konteynerlarda taqdim etiladi.
Shisha o‘ramdagi suyuq dori-darmonlar ortish, transportda tashish va tushirish paytida shikastlanmasligi uchun yashchiklar tagliklar bilan birga joylashtiriladi. Shisha idishlar yog‘och kataklarga yoki novdalardan yasalgan savatlarga joylashtiriladi. Yashchiklarning tubi, tagliklar va savatlardagi bo‘sh oraliqlar hamda qopqoqning ostidagi joy o‘rash materiali bilan to‘ldiriladi.
88. Kauchuk o‘ralmasdan taxlamlarda, yashchiklarda, qoplarda va bloklarda tashiladi.
Avtotransport vositasi kuzovi ichki yuzasining barcha metall qismi kauchukdan quruq taxtalar yoki faner bilan to‘silgan bo‘lishi kerak. Kauchukning ustiga boshqa har qanday yukni yuklash taqiqlanadi.
Kauchukni ortish boshlanguniga qadar yukni jo‘natuvchi yong‘inga qarshi xavfsizlikning zarur choralarini ta’minlashi kerak.
Lateksni (tabiiy kauchukning suvli eritmasini) tashishda maxsus saqlagichli klapanli bochkalar qo‘llaniladi.
Xalq iste’moli tovarlariga tegishli bo‘lgan rezina va rezina buyumlar (poyabzal, o‘yinchoqlar, attorlik buyumlari) o‘ralgan shaklda tashiladi.
881. Qurilish materiallarini, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, sanoat va oziq-ovqat tovarlarini, shuningdek, boshqa to‘kiladigan (issiq asfalt, yirik gabaritli va og‘ir yuklardan tashqari) yuklarni ochiq avtotransport vositalarida tashish yukni majburiy tartibda brezent yoki boshqa qalin material bilan qoplagan holda amalga oshiriladi.
882. Avtotransport vositalarining qurilish obyektlaridan kuzovni va avtotransport vositalarining g‘ildiraklarini yuvmasdan umumiy foydalaniladigan yo‘llarga chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi.