Kriminalistik kuzatuvchanlik (voqyea yuz bergan sharoitni ko’zdan kechirishda) sharoitni rejali, maqsadli, o’ylangan tarzda idrok etish demakdir.
Psixologiyada bunday idrok yuqorida ta’kidlanganidek, kuzatish deb yuritiladi.
U barcha hissiyot organlarining aktiv faoliyatini taqozo etadi. Kuzatish imkon qadar samarali bo’lishi uchun voqyea haqida umumiy taassurot hosil qilish, voqyea joyini ko’zdan kechirish muhim ahamiyatga ega. Dastlabki ma’lumot asosida ko’pincha ziddiyatli xarakterga ega, keyinchalik tasdiqlanmasligi ham mumkin bo’lgan taxminlar tuzilishi ehtimoli mavjud, biroq shunday bo’lsada, bu tergovchiga harakat rejasini tuzib olishga, voqyeaning xayoliy modelini tiklashga imkon beradi.
Zarur axborot kelib tushishini tashkil qilish, uni to’g’ri tizimlashtirish va tahlil qilish, keraklilarini ajratib olish malakasi tergovchiga xos bo’lishi zarur.
Kuzatuvchanlik har qanday tergov harakatida, u xoh voqyea yuz bergan joyni ko’zdan kechirish yoki guvohni tergov qilish bo’lsin, zarur holatlarni ilg’ab olishda qo’l keladi.
Jinoyatni fosh etish va haqiqatni bilishda faktlarni shunchaki qayd etishning o’zi kamlik qiladi. Faktlardan dalil sifatida foydalanish uchun esa ularni to’g’ri izohlash, vujudga kelish sabablarini aniqlash, tergov qilinayotgan voqyeaga aloqadorligini isbotlash kerak. To’g’ri dalillash voqyealararo bog’liqlikni aniq belgilash demakdir, noto’g’ri dalillash esa haqiqatdan yiroq aloqadorlikni ishga tirkashni keltirib chiqaradi. Dalillashga noqobillik odatda faktlarning o’zaro mos kelishini sezmaslik va ko’ra olmaslikda namoyon bo’ladi.
Ko’rinib turibdiki, tergovchining kuzatuvchanligi huquqshunoslik faoliyatining asosiy mezonlaridan biridir.
Bunday kuzatuvchanlikni o’tkir mushohada hosilasi deb atash mumkin, zero mazkur fazilat tergovchiga ish davomida juda ham asqotadi. Psixologik kuzatish inson xulqatvori, xatti-harakatlarini oldindan ko’ra bilishni ham nazarda tutib, tergovchi zarur paytlarda kuzatilayotgan kishini boshqarish imkoniga ega bo’ladi. Kuzatuvchanlik tabiiy qobiliyat bo’lmay, turmush tajribasida shakllanadi, professional faoliyat mobaynida takomillashadi hamda kundalik mashq qilib turishni taqozo etadi.