Sudyaning muloqotga kirishish qobiliyatiga qo’l va barmoqning ortiqcha harakatlari, imoishoralar, qiziqqonlik, qo’pollik, istehzo, nasihatgo’ylik kabi xususiyatlar soya solmasligi kerak.
Sudya mulohazakorlik, ochiq ko’ngillik kabi fazilatlarga so’zsiz ega bo’lishi, xulqatvorida, his-tuyg’ularida, nutq ohangida bosiqlik, vazminlik ko’rinib turishi darkor. Sudya sud tergovi jarayonida tashqi ko’rinishi, xatti-harakatlari, sud ishtirokchilaridan birontasiga munosabati orqali ko’rib chiqilayotgan ish bo’yicha allaqachon muayyan bir xulosa chiqarganini sezdirib qo’ymasligi zarur.
Konstruktiv, kollegial faoliyat faqat maslahatlashuv xonasida to’g’ri hukm chiqarishni ta’minlabgina qolmay, idrok etish faoliyatini to’g’ri izga solish imkoniyatini tug’diradi. Sudya faoliyatining o’ziga xos xususiyati shundaki, u boshqa sudyalarga va jarayonning boshqa maslahatchilariga, ishtirokchilariga o’z fikrini o’tkaza olmaydi, bunday qilishga haqi yo’q.
Sudya faoliyatining rekonstruktiv sohasi amaldagi qonunlarga muvofiq adolatli hukm yoki qaror chiqarish maqsadida ish bo’yicha yig’ilgan barcha ma’lumotlar joriy va tugal tahlilidan iborat. Bu jarayonda sudyaning salohiyati, zehni va ijtimoiy aqlidroki, xotirasi, tasavvuri, fikrlashi, intuisiyasi ko’zga tashlanadi. Ayrim kishilarda mavjud bo’lgan sudyaning vazifasi berilayotgan savollarga javob va izohlarni diqqat bilan tinglashdangina iborat, degan fikr noto’g’ridir.
Sudya yolg’on ko’rsatma berayotgan sudlanuvchi, guvohlarga qat’iy ta’sir ko’rsata olish malakasiga ega bo’lishi lozim. Sudyadan suddagi u yoki bu shaxsning noo’rin xulqatvorini jilovlash, xatti-harakatlari va so’zlarining mantiqiy asossizligini o’z o’rnida ko’rsata bilish qobiliyati talab etiladi.
Dalillash faoliyati sudya professiogrammasining yakuniy bosqichi bo’lib, sud jarayoni mobaynida yig’ilgan jami ma’lumotlarni qonunda belgilangan maxsus shaklga keltirish, hukm, bayonnoma, ajrim va hokazolarni tuzishdan iboratdir.
Bu faoliyatda sudyaning filologik, umumiy va yozma nutq madaniyati, uning yozma hujjatlar tayyorlash bo’yicha kasbkor malakasi ko’zga tashlanadi. Psixologik bilimlarni puxta egallagan sudya ma’lumotlarni aytayotgan kishining mansabiga to’g’ri munosabatda bo’ladi, huquqiy dalillar buzib talqin qilinishining sabablarini aniqlay oladi, sudlanuvchi shaxsining psixik xususiyatlarini, xatti-harakatlari motivini tushunadi va uning shaxsiga ta’sir o’tkaza biladi.