Xayolning muhim tomonlaridan biriuning ijodiyot va shaxs munosabatining yaxlit holda talqin qilish xususiyatidir. Ijodiyot shaxsning ichki imkoniyatlari va zaxiralarini ro’yobga chiqishining asosiy shartlaridan biridir. Xuddi shu sababdan shaxs o’zining ijodiy faoliyati bilan, birinchidan, insonning yaratuvchilik qudratini amaliyotda namoyish qiladi.
Ikkinchidan, u ijodiyot ta’sirida yangi fazilatlarni egallaydi, nafosat, badiiy ijod, texnik qobiliyat, kashfiyot ijtimoiy muammolarni integrasiya qilish yoki mavjud umumiy qonuniyatlardan kelib chiqib, uni differensiallashtiradi.
Uchinchidan, jahon faniga o’z ulushini qo’shadi va sivilizasiyaga o’z ta’sirini o’tkazadi, ijtimoiy taraqqiyot harakatlantiruvchisiga aylanadi. Ijodiyot davomida shaxs motivasion, emosional, irodaviy barqarorlik, xarakterning mustahkamligi va boshqa individualtipologik xususiyatlardagi yetuklik ijodiyot mahsuliga, uning samaradorligiga, sifatiga munosib ravishda ijobiy ta’sir o’tkazadi.
Ijodiyot tarkiblari bilan shaxsning xususiyatlari o’rtasidagi uyg’unlikning yuzaga kelishi ikki yoqlama ta’sir o’tkazish mexanizmi sifatida muhim rol o’ynaydi, ya’ni faoliyatda shaxs o’zining yangi qirralarini ochadi, uning fazilatlari esa ijodiy izlanishlarning muvaffaqiyatli yakunlanishini ta’minlaydi.
6. Diqqat to’g’risida umumiy tushuncha
Diqqat inson faoliyatining barcha turlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishning va ular samaradorligini ta’minlovchi muhim shartlardan biridir. Kishi faoliyati qanchalik murakkab, serzahmat, davomiylik jihatdan uzoq muddatli, mas’uliyat hissini taqozo qilsa, u diqqatga shunchalik yuksak shartlar va talablar qo’yadi. Inson ziyrakligi, farosatliligi, tez payqashi, sinchkovligi, dilkashligi uning turmush sharoitida, shaxslararo munosabatida muhim omil sifatida xizmat qiladi. Diqqat aqliy faoliyatning barcha turlarida ishtirok etadi, insonning xatti-harakatlari ham uning ishtirokida sodir bo’ladi.
Psixologiya fanida diqqatga har xil ta’rif beriladi, uni yoritishda psixologlar turli nazariyaga asoslanib yondashadilar. Diqqat deb ongni bir nuqtaga to’plab, muayyan bir obyektga aktiv (faol) qaratilishi aytiladi (P. I. Ivanov). P. I. Ivanovning fikricha, biz faoliyatimiz jarayonida idrok va tasavvur qiladigan har bir narsa, har bir hodisa, o’zimiz qilgan ishimiz, o’y va fikrlarimiz diqqatning obyekti bo’la oladi.
N. F. Dobrinin. N. V. Kuzmina, I. V. Straxov, M. V. Gamezo, F. N. Gonobolin va boshqalarning nuqtai nazaricha, diqqatning vujudga kelishida ongning bir nuqtaga to’planishi ong doirasining torayishini bildiradi, go’yoki ong doirasi bir muncha tig’izlanadi. Bunday torayish va tig’izlanish natijasida ong doirasi yanada yorqinlashadi. Ongning eng toraygan, tig’izlangan yorqin nuqtasi diqqatning markazi (fokusi) deb nomlanadi. Xuddi shu markaz (fokus) ga tushgan idrok qilinayotgan jismlar, tasavvur obrazlari, o’y va fikrlar to’la, yorqin va aniq ifodalanadi. Jahon psixologlarining fikricha, diqqat uzluksiz ravishda, muayyan darajada aktivlik xususiyatini saqlab turadi. Bunday aktivlik, ongning biron bir obyektga o’ynalishining kuchayishi va ma’lum vaqt davomida diqqat yo’naltirilgan narsaga ongning faol (aktiv) qaratilishini regulirovka qilib turadi hamda mazkur holatning saqlanishini ta’minlaydi.
Shuni alohida ta’kidlab o’tish kerakki, diqqat sezgi, idrok, xotira, tafakkur, xayol, nutq kabi alohida psixik jarayon emas. Shuning uchun barcha psixik jarayonlarda qatnashadi, ularning mahsuldorligini oshirishga ta’sir etadi. Shu boisdan diqqat qaratilgan obyektlar ong to’plangan nuqtasida aniq, yaqqol aks ettiriladi. Demak, diqqataqliy jarayonlarning sifati, mahsuldorligi va samaradorligini ta’minlovchi insonning ichki aktivligidan iboratdir. Shuningdek, u har qanday inson faoliyatining zaruriy shartidir.
Psixologiya tarixining sahifalarini varaqlasak, diqqatning kishi faoliyatidagi roliga berilgan yuksak va qimmatli mulohazalar uchraydi. Jumladan, fransuz olimi Kyuvye geniallikni chidamli diqqat deb ta’riflashi, Nyutonning kashfiyot fikrini doimo shu masalaga qaratilish jarayoni deyishi, Ushinskiyning diqqat psixik hayotimizning yagona eshigi deb baho berishi bunga yorqin misol bo’la oladi.
Bilish jarayonlari kechishining eng muhim xususiyati uning tanlovchanlik va yo’nalganlik bilan xarakterlanadi. Shu boisdan inson atrofmuhitning ko’plab qo’zg’atuvchilari, ta’sirlari orasidan alohida nimanidir idrok etadi, faraz qiladi, allaqaysi narsa to’g’risidagina mulohaza yuritadi, xolos. Ongning bu xossasi diqqat xususiyati bilan bog’liq ravishda namoyon bo’ladi. Diqqat bilish jarayonlari singari o’zining alohida mazmuniga, muayyan mahsuliga ega emas, shuning uchun u barcha jarayonlarning jo’shqinligi, ildamligini ta’minlaydi.
Demak, diqqat individning hissiy, aqliy yoki harakatlantiruvchi faolligi darajasining oshirilishini taqozo etadigan tarzda ongning yo’naltirilganligi va biror narsaga qaratilganligidir (Ye. B. Pirogova). Berilgan ta’rifga binoan, ushbu yo’naltirilganlik subyektning ehtiyojlariga, uning faoliyati maqsadlari va vazifalariga mos keladigan obyektlarning tanlanganligida, ixtiyorsiz yoki ixtiyoriy tanlashda va ajratishda vujudga keladi.
Diqqatning muayyan obyektlarga to’planishi, to’planganligi (konsentrasiyalanishi) ayni paytda boshqa jismlardan chalg’ishni yoki ularning vaqtincha (muvaqqat) inkor etilishini talab qiladi. Ana shu omillarga ko’ra, aks ettirish ravshanlanib boradi, tasavvurlar, mulohazalar faoliyat yakunlangunga qadar, qo’yilgan maqsadga erishguncha ongda saqlanadi. Ana shu yo’sinda diqqat faoliyatini nazorat qilib boradi va uni boshqaradi. Shuning uchun ko’pgina psixologlar (P. Ya. Galperin va uning shogirdlari) diqqatni yuksak turini bilish jarayonlari, kishining xulqatvori kechishini boshqarish imkoniyatiga ega ekanligini ta’kidlaydilar. Diqqatning biror obyektga yo’nalishiga ko’ra sensor (perseptiv), aqliy (intellektual), harakatlantiruvchi (harakat) shakllariga ajratish mumkin.
Diqqat muayyan obyektga to’planishi ko’p jihatdan insonning his-tuyg’usi, irodaviy sifati, qiziqishi kabilarga bog’liqdir.
His-tuyg’ular va emosional holatlar diqqatning obyekti bilan uzviy bog’langandagina uning uchun ijobiy ahamiyat kasb etadi. His-tuyg’ular, emosional holatlar qanchalik kuchli va ko’tarinki tarzda namoyon bo’lsa, demak diqqat ham shunchalik obyektga mustahkam qaratiladi. Hislar, emosiyalar diqqatning ham ixtiyorsiz, ham ixtiyoriy turlarini zo’raytiradi. Insonning amaliy va aqliy faoliyati jarayonida uning ongi muayyan darajada yangi bilimlar ma’lumotlar bilan boyib borishi natijasida diqqat ham takomillashadi. Yangilikni payqash hissi odam aqliy faoliyatini faollashtiradi (aktivlashtiradi), shu bilan birga, diqqatning obyektga uzoqroq to’planishini ta’minlaydi.
Insonning barqarorlashgan kayfiyati diqqatning kuchi va ildamligini oshiradi, tanlovchanligiga ijobiy ta’sir etadi. Stress, affekt singari emosional holatlar diqqatga salbiy ta’sir etib, uning tashqi ta’sirlariga beriluvchan, kuchsiz qilib qo’yadi. Ana shuning oqibatida diqqat chalg’iydi, bo’linadi, parishonlik namoyon bo’ladi, faoliyatdagi bir tekislik buziladi.
Psixologiyada diqqatning ixtiyoriy turi, ko’pincha irodaviy deb nomlanadi. Bu, albatta, bejiz emas, chunki, diqqatning muayyan obyektga yo’naltirilishi iroda kuchi bilan saqlab turiladi. Hatto ixtiyorsiz diqqat faoliyatida qatnashsa, u ham irodaning zo’ri bilan yo’naltirilgan obyektda to’planib turadi. Irodaning faoliyatni amalga oshirishda ishtirok qilishi ko’p jihatdan kishining maqsadiga intilishi, ishchanlik qobiliyati, psixologik tayyorligiga bog’liq.
Shu boisdan diqqatning kuchi, barqarorligi, mustahkamligi, ildamligi odamning muayyan faoliyatini bajarishga moyilligi, shayligi bilan o’lchanadi. Diqqatning yuksak darajada mujassamligini ta’minlab turishda odamning faoliyatni bajarishga muvofiqlashgani muhim rol o’ynaydi. Har qanday faoliyatni amalga oshirishning boshida qiyinchiliklar yuzaga keladi va ular kishidan irodaviy zo’r berishni talab qiladi. Faoliyatni bajarishdagi nuqsonlarning namoyon bo’lishi diqqatni to’plashdagi qiyinchiliklarning oqibati bo’lib hisoblanadi.
Diqqatning obyektga to’planishi, mustahkamlanishi odamning qiziqishlariga bog’liqdir. Hatto ixtiyorsiz diqqatning faoliyatda mujassamlashishida kishining ishtiyoqi va qiziqishi katta ahamiyatga egadir. Odatda faoliyatga qiziqish bevosita va bilvosita shaklda namoyon bo’ladi. Bevosita qiziqish faoliyat jarayoniga, xatti-harakatlarning o’ziga, ish uslublariga qaratilgan qiziqishdan iboratdir. Bilvosita qiziqish esa faoliyatning maqsadga, uning natijasiga yo’naltirilgan qiziqishdir. Ixtiyoriy, irodaviy diqqat bilvosita qiziqish bilan aloqadordir.
Diqqatning ixtiyorsiz va ixtiyoriy ravishda vujudga kelishi o’zining yo’nalishiga ko’ra tashqi va ichki bo’lishi mumkin. Agar diqqatning manbai ongimizdan tashqarida bo’lsa tashqi deb ataladi. Masalan, shofer, tikuvchi, muharrir kabilarning faoliyatida sodir bo’ladigan diqqat tashqi diqqatdir. Tashqi diqqat faqat idrok qilish jarayonidagina namoyon bo’lmasdan, balki fikr yuritilayotgan narsalarga ham qaratiladi. Jumladan, ixtirochining o’zi yaratgan narsasini tasavvur qilishi, rassomning obrazlarni kashf qilish jarayoni, muhandisning to’g’on qurilishini ko’z o’ngiga keltirish bilan bog’liq holatlar bunga misol bo’la oladi.
Inson ongining o’zida sodir bo’layotgan o’z hissiyotlarini, fikrlarini, orzu istaklarini va shu kabilarni kuzatishda ichki diqqat yuzaga keladi. Diqqatning har ikkala ko’rinishi ham faoliyatning muvaffaqiyatli yakunlanishiga munosib hissa qo’shish imkoniyatiga egadir.