Hisobot davrining soliq solinadigan foydadan kelgusida chegiriladigan xarajatlari Ushbu xarajatlar ular yuzaga kelgan paytda, joriy hisobot davrida soliq solinadigan foydani hisoblab chiqarishda chegirilmaydi, ular keyingi davrlarda, soliq to‘lovchining hisob siyosati bilan belgilangan, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddat ichida chegirilishi lozim. Bunday xarajatlarga quyidagilar kiradi:
1) yangi ishlab chiqarishlar, sexlar, agregatlarni, shuningdek seriyali va ommaviy ishlab chiqariladigan yangi mahsulot turlarini hamda texnologik jarayonlarni o‘zlashtirish xarajatlari;
2) barcha turdagi asbob-uskunalar va texnik qurilmalarni, ularning o‘rnatilish sifatini tekshirib ko‘rish maqsadida kompleks sinab ko‘rish (ishlab turgan holatida) xarajatlari;
3) ishchi kuchlari qabul qilish va yangi ishga tushirilgan korxonada ishlash uchun kadrlar tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlar;
4) asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarning jadallashtirilgan usulda hisoblangan amortizatsiya summasi bilan belgilangan normalar bo‘yicha hisoblangan amortizatsiya summasi o‘rtasidagi farq.
Shubhali qarzlar bo‘yicha zaxira tashkil etish uchun qilingan xarajatlar soliq kodeksga muvofiq umidsiz deb e’tirof etilgan qarzdorlikni hisobdan chiqarilayotganda, hisobdan chiqarilishi lozim bo‘lgan umidsiz qarzdorlik miqdoridan oshmaydigan summada chegirib tashlanadi.
Chegirilmaydigan xarajatlar Soliq solinadigan foydani aniqlashda chegirilmaydigan xarajatlarga quyidagilar kiradi:
1) moddiy qimmatliklarning tabiiy kamayishi normalaridan ortiqcha yo‘qotishlar va buzilishlar;
2) xodimlarga beriladigan yoki soliq to‘lovchining umumiy ovqatlanish ehtiyojlari uchun yordamchi xo‘jaliklar tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha narxdagi farqlar (zararlar);
3) belgilangan normalardan ortiqcha xarajatlar (xizmat safarlari, vakillik xarajatlari, ixtiyoriy sug‘urta turlari bo‘yicha ajratmalar);
4) nodavlat pensiya jamg‘armalariga ajratmalar;
5) xo‘jalik boshqaruvi organini saqlab turish uchun ajratmalar;
6) umumiy ovqatlanish korxonalari yoki boshqa chet tashkilotlarga joylarni bepul berish xarajatlari, ushbu korxonalar va tashkilotlar uchun kommunal xizmatlar ko‘rsatish qiymatini to‘lash;
7) yillik moliyaviy hisobotni bir hisobot davrida bir martadan ortiq auditdan o‘tkazish xarajatlari;
8) soliq to‘lovchining faoliyatida talab etilmaydigan kasblar bo‘yicha kadrlar tayyorlash xarajatlari;
9) jismoniy shaxsning moddiy naf tarzidagi daromadlari hisoblanadigan soliq to‘lovchining xarajatlari;
11) dala ta’minoti, xizmat maqsadida xodimning shaxsiy avtotransportdan foydalanganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan normalardan ortiqcha to‘langan to‘lovlar;
12) pensiyalarga ustamalar, pensiyaga chiqayotgan mehnat faxriylariga biryo‘la to‘lanadigan nafaqalar;
13) xodimlarga to‘lanadigan moddiy yordam;
14) mehnatdamayib bo‘lganlik, kasb kasalligi yoxud mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘ining boshqacha shikastlanishi sababli xodimlarga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun qonun hujjatlarida belgilangan normalardan ortiqcha to‘lanadigan to‘lovlar;
15) ekologiya, sog‘lomlashtirish va hayriya jamg‘armalariga, madaniyat, sog‘liqni saqlash, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport muassasalariga, ta’lim muassasalariga mahalliy davlat hokimiyati organlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga badallar, homiylik va hayriya yordamlari tarzidagi mablag‘lar;
16) ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan sog‘liqni saqlash va dam olishni tashkil qilish tadbirlariga xarajatlar;
17) mahsulot ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarni (xizmatlarni) (shaharlar va shaharchalarni obodonlashtirish ishlari, qishloq xo‘jaligiga yordam ko‘rsatish va boshqa turdagi ishlar) bajarishga sarflangan xarajatlar;
18) atrof muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik qonun hujjatlarida belgilangan normalardan ortiqcha bo‘lganligi uchun kompensatsiya to‘lovlari;
19) kredit shartnomasida muddatli qarzlar uchun nazarda tutilgan stavkalardan ortiqcha to‘lov muddati o‘tgan hamda uzaytirilgan kreditlar (zayomlar) bo‘yicha foizlar;
20) loyihalardagi va qurilish-montaj ishlaridagi kamchiliklarni, shuningdek ob’ekt yonidagi omborga tashib keltirilguniga qadar yuz bergan buzilishlar va deformatsiyalarni bartaraf etish bo‘yicha xarajatlar, korroziyaga qarshi muhofazadagi nuqsonlar tufayli taftish o‘tkazish (asbob-uskunalarni qismlarga ajratish) xarajatlari, ushbu xarajatlarni kamchiliklar, buzilishlar yoki zararlar uchun javobgar bo‘lgan mahsulot yetkazib beruvchi yoki boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hisobiga o‘rnini qoplash mumkin bo‘lmagan miqdordagi boshqa shunga o‘xshash xarajatlar;
22) sud chiqimlari;
23) aybdorlari aniqlanmagan o‘g‘irliklar va kamomaddan yoki aybdor tomon hisobidan zarur summalarning o‘rnini qoplash mumkin bo‘lmaganda ko‘rilgan zararlar;
24) soliq to‘lovchining asosiy vositalari va boshqa mol-mulkining (aktivlarining) chiqib ketishidan (balansdan chiqarilishidan) ko‘rilgan (buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadigan) zararlar;
25) xo‘jalik shartnomalari shartlarini va qonun hujjatlarini buzganlik uchun to‘langan yoki tan olingan jarimalar, penya hamda boshqa turdagi sanksiyalar;
26) investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchilar, davlat ishonchli boshqaruvchilari va davlat ulushlarini boshqarish bo‘yicha ishonchli boshqaruvchilar xizmatlarining qiymatini hamda ularga mukofotlar to‘lashga doir xarajatlar;
26-1) ishlatib kelinayotgan to‘liq eskirgan asbob-uskuna uchun to‘lanadigan haq;
27) boshqa xarajatlar.