2-§. «Haqiqat» tushunchasi va uning asosiy shakllari: mutlaq,
nisbiy, obyektiv va konkret haqiqatlar
Inson bilishi dialektik xarakterga ega bo‘lib, uning moddiy olamni
bilishi oddiydan murakkabga, qo‘yidan yuqoriga, aniq bo‘lmagan
bilishlardan aniqroq bilishlarga, to‘liq bo‘lmagan bilishlardan to‘laroq
bilishlarga borishdan iboratdir. Shu bilan birga, insonning bilish jarayoni
ayrimlik (alohidalik)dan xususiylikka, xususiylikdan esa umumiylikka va
nihoyat, umumiylikdan eng umumiylik tomon, hodisalardan
mohiyatlarga tomon boradi. Inson bilish jarayoni hissiy bilishdan aqliy
bilishga, jonli mushohadadan abstrakt tafakkurga tomon va aksincha,
borishdan iborat dialektik jarayondir. Borliqning inson ongida in’ikos
etishi odatdagi narsalarning oynadagi yoki buyumning rasmdagi aks
etishi kabi o‘lik, harakatsiz, mavhum, ziddiyatlarsiz holda bo‘lmay, balki
jonli, konkret, harakat, o‘zgarish va rivojlanishda, ziddiyatlarning kelib
chiqishi, ularning hal bo‘lishi, bir qo‘yi bosqichning o‘rnini unga
nisbatan yuqoriroq yangi bosqichining o‘rin olib borishidan iboratdir.
Xullas, insonning moddiy olamni bilishi hissiy bilishdan aqliy bilishga
va aksincha, bilish tomon dialektik yo‘l bilan sodir bo‘ladi. Hissiy va
aqliy bilish bir butun inson bilishining bir-birlari bilan chambarchas
bog‘liq ikki «qo‘yi» va «yuqori» bosqichlarini tashkil etadi.
Biz qo‘yida Sizlar bilan hissiy va aqliy bilish bosqichlariga alohida-
alohida to‘xtalib o‘tamiz.
Hissiy bilish – inson bilishining dastlabki birinchi bosqichi bo‘lib,
bilish jarayoni ayni shu hissiy bilishdan boshlanadi. Natijada, inson
ongida narsa va hodisalarning belgilari va hissiy obrazlari hosil bo‘ladi.
Inson bilishining hissiy bilish bosqichi: sezgi, idrok va tasavvur kabi
shakllarda sodir bo‘ladi. Sezgi hissiy bilishning dastlabki bosqichlaridan
bo‘lib, u insonning borliqni bilishning ma’lum ko‘rinishidir. Sezgilar
insonning sezgi a’zolariga borliqdagi narsa va hodisalarning bevosita
yoki bilvosita ta’siri natijasida yuzaga keladigan hissiy obrazlardir.
Sezgilarni hosil qiluvchi bunday sezgi a’zolari insonda tashqi va ichki
holatlarda joylashgan bo‘lib, ular: ko‘rish, ta’m bilish, hid bilish, teri va
eshitish sezgi a’zolaridir. Bu sezgi a’zolari insonning borliqni bilishda
o‘ziga xos bir vosita bo‘lib, ular orqali narsa va hodisalar haqidagi
dastlabki ma’lumotlar inson miyasiga qabul qilinadi. Inson bu sezgi
a’zolari orqali borliqdagi narsa va hodisalarning tashqi belgi va
xususiyatlarini bilib oladi.
170
Sezgilar o‘z ifodalanish shakliga ko‘ra yakka-yakka, alohida, aniq,
subyektiv bo‘lsalar ham, o‘zlari ifodalagan mazmunga ko‘ra obyektivdir.
Sezgilar insonning moddiy borliqni bilish uchun hali yetarli emas.
Buning uchun inson o‘zining hissiy bilishida sezgilar shakllarida hosil
qilgan ma’lumotlarni to‘plab, umumlashtirib, ularni bir butun holda
in’ikos ettirishi ham lozim bo‘ladi. Hissiy bilishning bunday yangi shakli
idrokdir.
Idrok sezgilardan farqli o‘laroq, borliqdagi narsa va hodisalarni
yaxlit holda, bir butun ko‘rinishda, ularning hamma asosiy belgi va
xususiyatlarini umumlashtirgan holda in’ikos ettiruvchi hissiy bilishning
nisbatan yuqoriroq shaklidir. Idrok narsa va hodisalarning bir butun
yaxlit hissiy obrazidir. U o‘zida sezgilar shakllaridagi obrazlarni jamlab
ifodalovchi xususiyatga ega. Biroq insonning hissiy bilishi idrok bilan
cheklanib qolmay, sezgilar va idrok shakllarida yuzaga kelgan hissiy
ma’lumotlar inson miyasida qayta ishlanib, hissiy bilishning yangi,
yuqoriroq shaklini hosil qiladi. Bu tasavvurdir.
Tasavvur – ilgari idrok etilgan, ammo ayni vaqtda bevosita idrok
etilmayotgan narsa va hodisalarning inson ongidagi qayta ishlanib,
tiklangan hissiy obrazidir. Tasavvurning o‘ziga xos xususiyati shundaki,
u borliqdagi narsa va hodisalar bilan ayni vaqtda bevosita bog‘lanishda
bo‘lmagan holda, ularning ilgari paydo bo‘lmagan obrazlari asosida
qayta tiklanishidir. Ammo inson o‘z tasavvurlarida, shu bilan birga, oldin
idrok etilgan narsa va hodisaga, ularga o‘xshash yangi narsa va
hodisalarning hissiy obrazlarini ham hosil qilishi mumkin. Masalan,
hozir biz mustaqil O‘zbekistonning mavjud imkoniyatlari, shart-
sharoitlaridan kelib chiqib, uning kelajakda rivojlangan mamlakat
safidan o‘rin olishi, ya’ni buyuk davlat bo‘lishini tasavvur qilmog‘imiz
mumkin.
Hissiy bilishning tasavvur shaklida narsa va hodisalarning ikkinchi
darajali, muhim bo‘lmagan xususiyatlari tashlab yuborilib, faqat ayrim
muhim xususiyatlarigina inkor etgan bo‘ladi. Shu tufayli tasavvur narsa
va hodisalarni mavhumlashtirgan darajada aniq hissiy shaklda in’ikos
ettiradi. Bu jihatdan tasavvurda, hech shubhasiz, tafakkurning ba’zi
elementlari paydo bo‘ladi. Lekin u hali hissiy bilish chegarasidan chiqib
ketmagan bo‘ladi. Bunga sabab, tasavvurning individual xarakterga
egaligi, uning narsa va hodisalar tashqi tomonlari, tashqi aloqadorlik va
bog‘lanishlarnigina o‘zida ifodalanib, ularning ichki tomonlarini,
ulardagi o‘zgarish, rivojlanish qonunlarini in’ikos ettira olmasligidir.
171
Umuman olganda,insonning hissiy bilishi ma’lum darajada cheklangan,
bir tomonlama, to‘liq bo‘lmagan bilishdir.
Inson borliqdagi narsa va hodisalarning ichki tomonlarini, ularning
o‘zgarish va rivojlanish qonunlarini, bir so‘z bilan aytganda, ularning
mohiyatini faqat aqliy bilish orqaligina bila oladi.
Aqli bilish, bilishning yuqori bosqichi bo‘lib, unda inson bilishi
hissiy bilish orqali hosil bo‘lgan dalil va ma’lumotlarni tafakkurda qayta
ishlash natijasida, borliqdagi narsa va hodisalarning inson ongidagi
umumlashgan, mavhumlashgan va konkretlashgan fikriy ifodalanishidir.
Aqliy bilishda inson tafakkuri borliqdagi narsa va hodisalarning
izchil bog‘lanishlari va aloqadorliklarini, ularning harakat, o‘zgarish va
rivojlanish qonunlarini ma’lum fikr shakllari: tushuncha, hukm va xulosa
chiqarish kabilarda ifodalanadi. Bunda hissiy bilish obrazlari tafakkur
uchun manba bo‘lib xizmat qiladi. Tafakkur esa o‘zida hissiy bilish
bergan ma’lumotlarni qayta ishlab, ularni umumlashtirib, mavhum-
lashtirib, ayni bir vaqtda, aniqlashtirib, analiz va sintez qilib, aniqlikdan
mavhumlikka va yana undan aniqlikka keltirib, ma’lum tushuncha, hukm
va xulosalarni hosil qiladi. Tafakkur hosil qilgan aqliy bilishning bu
fikriy shakllari tilda va so‘zlar va gaplarda ifodalanadi. Aqliy bilishning
dastlabki shakli tushunchadir.
Tushuncha narsa va hodisalar, ularning muhim va zaruriy belgi va
xususiyatlarining umumlashtirilgan, mavhumlashtirilgan va ayni choqda
aniqlashtirilgan fikriy obrazidir. Masalan, «inson» tushunchasini olaylik.
Bu tushuncha hamma kishilik jamiyatiga xos bo‘lgan mehnat qiluvchi,
mehnat qurollari va mehnat vositalarini yaratuvchi hamda ular asosida
moddiy va ma’naviy ne’matlarni ishlab chiqaruvchi: ong, tafakkur, til va
nutq kabi muhim va zarur belgi va xususiyatlarga ega bo‘lgan bio-
ijtimoiy mavjudotning fikriy ifodasidir. Aqliy bilishning navbatdagi
bosqichi hukmdir.
Hukm aqliy bilishning shunday fikriy shakliki, unda borliqdagi
muayyan narsa va hodisalar, ular o‘rtasidagi bog‘lanish va aloqadorliklar
haqida tasdiq yoki inkor fikr ifodalanadi. Inson o‘z tafakkurida bir yoki
birnecha hukmlarni mantiqiy o‘zaro bog‘lab, turli usullar asosida
ularning eng muhim xususiyatlarini ajratib olib, biror tushuncha hosil
qiladi. Aqliy bilishning navbatdagi yuqori shakli xulosa chiqarishdir.
Xulosa chiqarish aqliy bilishning shunday shakliki, unda bir yoki
birnecha hukmlar asosida yangi hukm – yangi fikr hosil bo‘ladi. Xulosa
chiqarish inson aqliy bilishining yuqori shakli bo‘lib, uning birnecha
shakllari mavjud, uni «Mantiq» fani o‘rganadi.
172
Insonning bilish jarayoni hissiy bilish shakllari: sezgi, idrok va
tasavvurlardan boshlanib, aqliy bilish shakllari: hukm, tushuncha va
xulosa chiqarish shakllarida tafakkurda qayta ishlanib, bilishning «quyi»
bosqichidan «yuqori» bosqichi tomon ko‘tarilib boradi.
Falsafa tarixida bilishning yuqorida qayd qilingan ikkita bosqich-
larini bir-birlaridan ajratib talqin qiluvchi falsafiy oqim va yo‘nalishlar
mavjud.
Sensulizm (lot. his, sezgi degan ma’noni bildiradi) tarafdorlari
Gassendi, Gobbs, Lokk va boshqalar bilish jarayonida hissiy bilish va
uning shakllari haqiqiy bilim olishning manbai deb ta’kidlashib, butun
bilish jarayoni mohiyatiga hissiy organ faoliyatini kiritishga harakat
qilishadi.
Empirizm (yunon. tajriba) vakillari F.Bekon, Lokk va boshqalarning
fikricha, hissiy bilish va tajriba bilishning manbai deb ta’kidlab, bilish
jarayonida aqliy bilishning o‘rnini ikkinchi darajali deb bilishadi. Har
qanday bilim faqat tajribaga asoslanadi, tafakkur faqat tajriba orqali
olingan ma’lumotlarni sistemalashtiradi, bir-biri bilan bog‘laydi, xolos,
lekin ularga hech bir yangilik kirita olmaydi.
Ratsionalizm (fran. aql) vakillari – Dekard, Spinoza va boshqalar
bilish jarayonida tafakkurning rolini haddan tashqari bo‘rttiradilar va
olamni bilishning yagona yo‘li tafakkur orqali bilish deb ta’kidlashadi.
Ularning fikricha, sezgilar olamni buzib ko‘rsatadilar, sezgilarga
asoslanib fikrlash haqiqatni bilishga to‘sqinlik qiladi. Epirizm va
ratsionalizmning xatosi shundaki, bu oqimlar bilish jarayonining ikki
bosqichini bir-biridan ajratib ko‘rsatadi.
Ichki ishlar idoralari xodimlarining amaliy faoliyatida inson
bilishining asosiy bosqichlari va ularning shakllari muhim ahamiyat kasb
etadi. Har bir huquqni muhofaza qiluvchi xodim moddiy olam va undagi
voqea hodisalar to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlarni hissiy bilishning
asosiy shakllari sezgi, idrok va tasavvurlar orqali oladi. Hissiy bilish
orqali olingan bilimlarni aqliy bilish uning asosiy shakllari tushuncha,
hukm va xulosa chiqarishlarda har taraflama tahlil qilib, ma’lum bir
xulosalarga kelinadi. Masalan, biron-bir jinoyatning oldini olish yoki
sodir etilgan jinoyatni fosh etishda har bir III xodimlaridan o‘ta sezgir va
hushyor bo‘lishlik talab qilinadi, shuning bilan birgalikda hissiy bilish
orqali olingan ma’lumotlarni har taraflama mushohada qilib, ma’lum
dalillarga asoslangan holda tafakkur orqali ilmiy jihatdan asoslangan
xulosalar qilish talab qilinadi. Bu o‘rinda ilmiy bilishning yuqorida qayd
qilingan bosqichlari va ularning shakllari muhim ahamiyat kasb etadi.
173
Moddiy olamni bilish cheksizdir, chunki u har doim harakatda,
o‘zgarishda va taraqqiyotda bo‘ladi. Har bir tarixiy davrda inson o‘zining
amaliy faoliyati natijasida moddiy olamni to‘liq va aniq aks ettiruvchi
bilimlarga ega bo‘lib boradi. Bilib olingan narsalar obyektiv reallikka
mos keladimi yoki yo‘qmi? Bu masalaning hal qilinishida haqiqat
to‘g‘risidagi ta’limot muhim ahamiyat kasb etadi. Endi bu to‘g‘risida
rejamizdan o‘rin olgan uchinchi savol to‘g‘risida so‘z yuritamiz.
Insonning borliqni bilishdan asosiy maqsadlardan biri – haqiqatni
bilishdir. Xo‘sh haqiqat nima? Haqiqat to‘g‘risidagi falsafiy ta’limot
nimadan iborat?
Haqiqat masalasini ilmiy asosda hal qilishning yagona yo‘li –inson
bilimlari bilan obyektiv borliqdagi real narsa va hodisalar o‘rtasidagi
munosabatlarni ilmiy asosda yoritib berishdir.
Haqiqat – bu inson bilimlarida borliqning to‘g‘ri in’ikos etishi, narsa
va hodisalar asli qanday bo‘lsa, ularni inson o‘z miyasida xuddi shunday
in’ikos ettirgan bilimlaridir. Haqiqat – bu borliqdagi narsa va hodisalar
yoki ularning belgi va xususiyatlarining o‘zi emas, balki ular haqidagi
inson bilimlarining o‘sha narsa va hodisalarga, ularning belgi va
xususiyatlariga mos kelishidir. Bu jihatdan haqiqat o‘zi ifodalagan
bilimlarning mazmuniga ko‘ra subyektga, ya’ni biluvchi inson va
insoniyatga bog‘liq bo‘lmasa-da, lekin u o‘z ifodalanish shakli jihatidan
inson ongiga, subyektga bog‘liq bo‘ladi.
Inson o‘z bilish jarayonida kashf etgan tabiat va jamiyat qonunlari
haqiqatlardir. Ular o‘zlari ifodalagan mazmunlariga ko‘ra, bir jihatdan
insonning ongiga bog‘liq bo‘lmasa ham, boshqa jihatdan, ya’ni inson
fikrida ifodalanganiga ko‘ra subyektivdir, inson ularni o‘z ongida aks
ettiradi. Haqiqatan ham, bizning sezgi, idrok va tasavvurlarimiz,
tafakkurimiz va bir butun ongimiz obyektiv borliqdagi narsa va
hodisalarni to‘g‘ri in’ikos ettiradi, ular o‘z mazmunlari jihatidan shu
narsa va hodisalarga mos keladi.
Haqiqat – obyektivdir. Har bir bilimning haqiqatligi obyektiv
voqelikni to‘g‘ri aks ettirishi bilan belgilanadi. Obyektiv haqiqat inson
va insoniyatga bog‘liq bo‘lmagan obyektiv borliqning kishilar ongida
to‘g‘ri in’ikos etishidir. Tabiat iqlimining yer insoniyatdan burun mavjud
edi, degan fikri obyektiv haqiqatdir. Tabiat va jamiyat qonunlari ham
obyektiv haqiqatdir. Bu qonunlar insonga bog‘liq bo‘lmagan, undan
tashqarida mavjud bo‘lgan ichki, zaruriy, muhim bog‘lanishlarni
ifodalaydi. Bu qonunlarni inson bekor qila olmaydi va o‘z ixtiyori bilan
o‘zgartira olmaydi.
174
Haqiqatni bilish murakkab jarayondir. Bizning borliq haqidagi
bilimlarimiz birdaniga, tayyor holda yuzaga kelmaydi. Biz borliqdagi
narsa va hodisalarning avval tashqi, so‘ngra esa ichki tomonlarini bilib
boramiz. Bunda bizning bilimlarimiz nisbiy haqiqatlardan mutlaq
haqiqatga tomon boradi.
Nisbiy haqiqat – bizning borliqdagi narsa va hodisalar to‘g‘risidagi
taxminan to‘g‘ri, lekin to‘liq bo‘lmagan, bilish jarayonida tuzatilib,
to‘ldirilib borilishi lozim bo‘lgan bilimlarimizdir. Masalan, buni biz
elementar zarralar haqidagi bilimlarimiz rivojlanishida ko‘rishimiz
mumkin. XIX asr oxirida elektromagnit jarayonlar haqidagi ta’limotlar
rivojlanishi elektron va atom yadrosi kashf etilishiga olib keldi. Oradan
ma’lum vaqt o‘tgach yadro ham murakkab tuzilishga ega ekanligi, unda
proton va neytron singari zarralar mavjudligi kashf etildi. Hozirgi kunda
esa elementar zarrachalarning juda ko‘p yangi turlari ochildi. Hozir
ma’lum bo‘lgan elementar zarralar leptonlar va androplarga bo‘linadi.
Androplarga mezonlar va barionlar kiradi. Leptonlar gruppasiga foton,
elektron, neytrino va boshqalar kiradi.
Mutlaq haqiqat esa bu borliqdagi narsa va hodisalar haqidagi har
tomonlama to‘liq, aniq, mukammal, kelgusida tuzatilmaydigan, to‘ldiril-
maydigan bilimlardir. Bunday bilimlar inson tafakkurining obyektga
cheksiz yaqinlashib borishi asosida, cheksiz nisbiy haqiqatlarning jami
sifatida qaror topadi. Bu jihatdan nisbiy va mutlaq haqiqatlar o‘zaro
chambarchas bog‘liqdir, ular bir-birlaridan ajralmasdir, har qanday
mutlaq haqiqat nisbiy haqiqatlarning cheksiz birligidan yuzaga keladi,
har bir nisbiy haqiqatda esa mutlaq haqiqatning donasi, zarrasi, ulushi
mavjud bo‘ladi. Shu asosda inson bilishi nisbiy haqiqatlardan mutlaq
haqiqatga boradi. Inson bilishi hech qachon mutlaq haqiqatga to‘liq ega
bo‘lmaydi, balki unga cheksiz yaqinlashib boradi.
Ilm-fan taraqqiyotida har bir yangi bosqich nisbiy haqiqatlar sifatida
mutlaq haqiqatning mazmuniga yangi-yangi zarralar qo‘shib boradi.
Borliq bepoyon va cheksiz bo‘lgani kabi, insonning uni bilishi ham
cheksiz davom etadi. Nisbiy haqiqatlarning mutlaq haqiqatga cheksiz
yaqinlashib boruvchi chegaralari tarixan shartli bo‘lsa ham, lekin bu
mutlaq haqiqatning mavjudligi shubhasizdir.
Inson bilimlarining rivojlanish yo‘li hamma vaqt silliq va oson
kechavermaydi. Bilishda haqiqat sari qo‘yilgan har bir qadam fikrlar va
qarashlarning keskin kurashlari jarayonida ro‘y berib, bunda avvalgi
erishilgan bilimlar va qarashlar har doim cheklangan holda topilib,
175
ularning o‘rnini to‘laroq, mukammalroq bilimlar va qarashlar egallab
boradi.
Shuning bilan birga, haqiqat mavhum ham emas, balki u aniq
bilimlardir. Chunki o‘zgarmas, qotib qolgan bilimlar yo‘q, inson
bilimlari doimo o‘zgarib boradi. Ayni bir vaqtda, ayni bir nisbatda
haqiqat bo‘lgan bilim boshqa bir vaqtda va boshqa bir nisbatda haqiqat
bo‘lmasligi mumkin. Bu shuni ko‘rsatadiki, haqiqat har doim konkret,
aniq bo‘ladi. Har bir konkret sharoit va real hayot konkret haqiqatni
vujudga keltiradi. Bilimlarning haqiqatligi ma’lum joyga, o‘ringa, vaqt
va vaziyatga, kishi bilishining imkoniyatiga va darajasiga bog‘liq
bo‘ladi. Bilimning haqiqatligini aniqlashda unga ma’lum aloqadorlik va
bog‘lanishlardan kelib, aniq sharoit, joy, vaqt va ma’lum vaziyatni
hisobga olgan holda yondashmoq kerak. Agar haqiqatning aniqligini,
ya’ni har bir bilimning to‘g‘riligi ma’lum vaqt va sharoit bilan
bog‘liqligini hisobga olmasak obyektiv voqelikni to‘g‘ri, ilmiy bilish
imkoniyatidan mahrum bo‘lib qolamiz. Ilmiy bilishning asosiy
shartlaridan biri har bir bilimning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini abstrakt
holatda emas, balki konkret sharoit bilan bog‘lab hal qilish lozimdir.
O‘tmishda va hozirgi kunda bilish jarayonidagi nisbiy va mutlaq
haqiqatlar dialektikasini to‘g‘ri tushunmaslik, haqiqatning aniqligini
hisobga olmaslik bilish nazariyasi sohasida ikkita yanglish qarashga,
ya’ni dogmatizm va relyativizmga olib keladi.
«Dogmatizm» tushunchasi fanga qadimgi yunon skeptik faylasuflari
Pirron va Zenon tomonlaridan kiritilib, bilimlarning haqiqatligiga shuhba
bilan qarashadi. Keyinchalik nemis faylasufi I.Kant o‘zining tadqiqot
obyekti va asosiga ega bo‘lmagan har qanday bilim bu dogmatizm deb
biladi. Gegelda esa bu – metafizik tafakkur qilishdir. Dogmatizm
insonning borliqni bilishda bilimlarning mutlaq tomonlarini bo‘rttirib,
ularning nisbiy tomonlarini inkor etishdir. Dogmatizm tarafdorlari faqat
mutlaq haqiqatni e’tirof etib, bilimlarga o‘zgarmas, qotib qolgan holda
qarashadi. Bunday qarash insonning moddiy olamni bilishga, uni amaliy
va nazariy o‘zlashtirish va o‘zgartirishga to‘sqinlik qiladi.
Relyativizm (yunon. relativus – nisbiy) inson bilishida hosil bo‘lgan
bilimlarning nisbiy tomonlarini mutlaqlashtirib, inson bilimlari faqat
nisbiy haqiqatlardan iborat deb qarashadi. Relyativizm tarafdorlari
mutlaq haqiqatni butunlay inkor etishadi va bilishda yo agnostitsizmga,
yoki subyektivizmga yo‘l ochib beradi.
Yuqorida qayd qilingan haqiqat ko‘rinishlarining to‘g‘ri talqin
qilinishi, nafaqat moddiy olamni falsafiy bilish uchun ahamiyatga ega
176
bo‘lib qolmasdan, balki III xodimlarining amaliy faoliyatida ham katta
ahamiyat kasb etadi. Har bir III xodimi jinoyatlarning oldini olish va
sodir etilgan jinoyatlarni fosh etishda vaqt va sharoit bilan, surishtiruv va
tergov jarayonida erishilgan bilim va ma’lumotlarning qanchalik
voqelikka mos kelish yoki mos kelmasligi bilan hisoblashmaslikka iloji
yo‘q. Bunda qayd qilingan jihatlarning, ya’ni bilimlarning obyektivligi,
aniqligi, nisbiy va mutlaqligi, ularni to‘g‘ri talqin qilinishi muhim
ahamiyat kasb etib, huquqni muhofaza qiluvchi xodimlarning amali
faoliyatida haqiqatga erishishning yagona yo‘lini ta’minlab beradi.
Rejamizdagi uchinchi savolga yakun yasab, shuni ta’kidlashimiz
mumkinki, haqiqat masalasi va unga erishish juda murakkab hamda
mas’uliyatli jarayondir. Bilish jarayonida haqiqatga erishish uning shakl
va ko‘rinishlari bilangina bog‘liq bo‘lib qolmasdan, balki bilishning
darajalari hamda usullari bilan ham bog‘liqdir.
Yüklə Dostları ilə paylaş: |