Z. A. Nazarova, Yo. S. Karieva, G. M. Tureeva, N. S. Fayzullaeva
IX. Vaziyatli masalalar
1. Talabaga yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan dori turlari texnologiyasining o‘ziga xos tomonlarini gapirib bering deb savol berilganida, u “Texnologiyasida farqi yo‘q” deb javob berdi. Javob to‘g‘rimi?.
2. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan dori turlari nomenklaturasini keltiring va ishlatilishini asoslab bering.
Javob varianti.
Bolalar uchun mo‘ljallangan dori turlari bo‘yicha ilmiy adabiyotlarni o‘rganish natijasida, keng tarqalgan bu og‘iz oraqali qabul qilinadigan preparatlar ekanligi aniqlandi. Og‘iz orqali qabul qilinadigan suvli eritmalarni qo‘llash eng keng tarqalgan usul bo‘lib, so‘rilishi, bola organizmida tez va bir hil tarqalishi hamda og‘riq chaqirmasdan qo‘llash kabi biofarmatsevtik omillar bilan izohlanadi.
Suvli eritmalarda glyukoza, askorbin kislotasi, glyutamin kislotasi, kalsiy glyukonat, kalsiy laktat, kofein-benzoat natriy, magniy sulfat, novokain, dimedrol, fenobarbital va boshqalar keng qo‘llaniladi. Bolalarga emulsiya va suspenziyalar aksariyat hollarda ichish uchun beriladi, ushbu dori turlari dori vositalarning ta’mi va hidini yaxshi to‘g‘rilaydi va ayrim dori moddalarning qitiqlovchi hossasini kamaytiradi.
Qattiq dori turlari ichida eng ko‘p qo‘llanilib kelinayotgan dori turi – bu to‘ldiruvchi sifatida qand yoki glyukoza bilan tayyorlangan ikki komponentli poroshoklar, bularga misol qilib kichik dozada beriladigan vitaminlar, fenobarbital, dimedrol, eufillin, dibazol va boshqa dori moddalarni keltirish mumkin. Bundan tashqari qattiq dori turlari mikrobli kontaminatsiyaga turg‘un bo‘ladi.
Dozalarga ajratilmagan poroshoklardan bolalar amaliyotida keng qo‘llaniladigan sepmalarni misol qilib keltirish mumkin. Bunda sepma bola terisini jarohatlamasligi va teri orqali yuqori darajada so‘rilishini hisobga olish kerk. Masalana, kseroform sepmasi.
Yumshoq dori turlaridan bolalar amaliyotida eng istiqbolli deb shamchalar hisoblanadi, chunki ular in’eksion dori turiga tenglashtirilib, ularni o‘rnini bosuvchi deb hisoblanadi.
Surtma va pastalar, bolalarni teri kasalliklarida keng ishlatiladi (tanin surtmasi). Ayrim surtmalar bolalar uchun ishlatishga qat’iyyan man etiladi. Bularga tarkibida xloroform, mentol, kamfora ("Efkamon", kamfora surtmasi, "Sapiniment", "Murakkab metilsalitsilat linimenti" va b.), kamoraning spirtli eritmasini, kamfora va salitsilat kislotasining spirtli eritmasini hamda borat kislotasini saqlaydigan dori turlarini qo‘llash mutlaqo mumkin emas.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan dorixona sharoitida tayyorlanadigan barcha dori turlari, qo‘llanilishidan qa’tiy nazar, aseptik sharoitida tayyorlanishi va sterillangan bo‘lishi shart.
Taklif etilgan vaziyatli masalalar «Bumerang» ilg‘or pedagogik texnologiya usulida muhokama etilishi kerak.