1.2. SANOAT TARMOQLARI KORXONALARIDA MEHNAT MOTIVATSIYASI. 1. Mehnat motivatsiyasi. Motivatsiya – bu o`zini va boshqalarni shaxsiy yoki tashkilot maqsadlariga erishish uchun faoliyat yuritishga yo`naltirish jarayoni. Ruscha-o`zbekcha lug’atda motivatsiya tushunchasi biror ish yoki harakatning yuzaga kelishiga sababchi bo`lgan motivlar, dalillar, isbotlar, bahonalar, vajlar yoki sabablar majmui ma`nosida talqin etiladi. Bu tushuncha bevosita inson omili bilan chambarchas bog’liqdir. Shu nuqtai-nazardan: Motivlashtirish – bu ruhiy omil bo`lib, shaxs faolligining manbai, sababi, dalili va har xil turli ehtimollaridir. U xodimlarni jonli mehnat faoliyatiga rag’batlantiruvchi kuchli vositadir. Boshqacha qilib aytganda motivlashtirish – bu kishilar faoliyatini ruhiy yo`llar bilan maqsadga muvofiq yo`naltirishdir. U muayyan ehtiyojni qondirish bilan bog’liq. ehtiyoj esa sabablarda namoyon bo`ladi.
Inson tirik jon sifatida ovqat yeyish, uxlash, dam olib o`z kuchini tiklash, o`zini issiq-sovuqdan asrash ehtiyojlariga ega. Mazkur ehtiyojlar moddiy, ya`ni kiyim-kechak, oziq-ovqat, turarjoy va boshqalar shaklida ifoda etiladi. Insonning moddiy ehtiyojlari bilan birga ijtimoiy ehtiyojlari ham borki, bularga bilim olish, madaniy saviyasini oshirish, malaka, mahoratga ega bo`lish va sog’lom hayot kechirib, uzoq umr ko`rish kiradi. Aytilgan ehtiyojlar moddiy shaklga ega bo`lmagan har xil xizmatlar ko`rsatish orqali qondiriladi. Umuman: ehtiyoj odamlarni harakatga intiltiruvchi, qo`zg’atuvchi motivdir.
Ehtiyoj tushunchasi mohiyatini ochish uchun mayl tushunchasini keltirish zarur. Inson juda ko`p narsalarga ega bo`lishga moyil bo`ladi. Boshqacha qilib, maylni xoxish, istak kabi ifodalash mumkin. Shunday qilib, ehtiyojlar, bu – insonga ayni damda fiziologik va psixologik jihatdan nimaningdir yetmasligidir. Mazmunli motivatsiya nazariyasi umuminsoniy ehtiyojlarni turkumlashga harakat qildi, ammo shuni aytish kerakki, barcha ehtiyojlarni aniq turkumlash mumkin emas. Hozirgi kunda ko`pgina psixologlar ikki xil ehtiyojlar turkumi mavjudligini tan olishgan. Bular birlamchi va ikkilamchi ehtiyojlar. Birlamchi ehtiyojlar o`z tabiatiga ko`ra fiziologik va tug’ma bo`ladi, ikkilamchi ehtiyojlar tabiatiga ko`ra psixologik bo`ladi. Birlamchi ehtiyojlar genetik o`tuvchan bo`ladi, ikkilamchi ehtiyojlar yillar davomida vujudga keladi. ehtiyojni kuzatish va o`lchashning imkoniyati yo`q. Uning mavjudligini faqatgina inson hatti-harakatidan aniqlash mumkin. Psixologlar, insonni kuzatib shuni aniqladilarki, ehtiyojlar hatti-harakatga motiv bo`lib xizmat qiladi. Inson biron bir narsaga ehtiyoj sezsa, u ehtiyojni qondirishga intiladi. Intilish– biror bir narsa kamchilik sezganda yo`nalishni aniqlash. Bu ehtiyoj sezganda hatti-harakatdir va maqsadga erishishga yo`naltiradi. Bu erda maqsad deganda, shu ehtiyojni qondirishda asosiy dastak hisoblanadi. Inson bu maqsadga erishsa, ehtiyoj qondiriladi, qisman qondiriladi yoki aksincha qondirilmasligi ham mumkin.
Ehtiyojni qondirish darajasi inson kelajagidagi hatti-harakatini belgilaydi. Qaysi hatti-harakat inson ehtiyojini qondirsa, u hatti-harakatni takrorlaydi, agar qaysi hatti-harakat inson ehtiyojini qondirmasa, u bu hatti-harakatni takrorlamaydi. Menejerlar shunday sharoitni yaratishlari kerakki, bunda xodim tashkilot maqsadlari sari intilish natijasida o`z ehtiyojini ham qondira olsin.
Hozirgi kunda odamzodning turli xil aniq ehtiyojlari mavjud. Rahbar doimo ehtimollik elementini hisobga olishi kerak, chunki motivatsiyada aniq bir yaxshi usul yo`q. Biror bir kishiga bir motivatsiya usuli ta`sir qilsa, boshqasiga umuman ta`sir qilmasligi mumkin.