Eneolit davrini o’rganilishi. O‘zbekiston hududida Amudaryo etaklaridagi eneolit davri yodgorliklarini S.P. Tolstov, quyi Zarafshon hududlarini Ya.G‘. G‘ulomov, A. Asqarov, O‘. Islomovlar tadqiq qilishgan.
O‘rta Osiyoning shimoliy va markaziy hududlaridagi qabilalar metall bilan miloddan avvalgi III ming yilliklar oxiri va II ming yilliklarning boshlarida birinchi bor tanishishgan hamda bu hududlardagi eneolit davri makonlari qalin madaniy qatlamga ega bo‘lmagan, ular qisqa muddatli makonlar tipidagi qishloqlar bo‘lgan. Shunday makonlar Zarafshonning quyi oqimida Kaptar ko‘li va Katta Tuzkon-35 mavzelari atrofining 4 ta joyidan eneolit davri makonlari topilgan. Bu yodgorliklar 1960 yillarning boshlarida A.Asqarov va O‘.Islomovlar tomonidan o‘rganilgan. Bu joylardan miloddan avvalgi III– II ming yillikning chegarasida iste’qomat qilgan eneolit davri urug‘ jamoalarining kulbalari qoldiqlari topilgan. Ularning madaniy qatlamlari ming yillar davomida shamollar ta’sirida buzulib ketgan. Moddiy buyumlar – yorg‘uchoqlar, o‘roq, pichoq qadamalari, mis mehnat qurollarining siniqlari taqir va qum ustida sochilib yotgan.
O’zbekistonda eneolit davri yodgorliklari. Sarazm madaniyati eneolit davrining ajoyib yodgorligi hisoblanadi. Hozirgi Sarazm qishlog‘i Zarafshon vohasining yuqori qismida O‘zbekiston bilan Tojikistonning chegara hududida joylashgan. Shu qishloqda isteqomat qiluvchi Ashurali Toyloqov 1976 yili o‘z tomorqasi va qo‘shnilarining hovlilaridan topilgan sopol siniqlari, bronza bolta va pichoqlarni olib, Panjikent muzeyiga topshiradi. Bu topilmalar darhol olimlarning diqqatini o‘ziga jalb qiladi va 1977 yilda u erda tojikistonlik arxeologlar tadqiqot ishlarini boshlab yuboradilar. U erda 1977 yildan beri Tojikistonlik arxeolog Abdulla Isaqov tadqiqot ishlari olib boradi. Keyinchalik bu bilan fransuz va amerikalik olimlar ham qiziqib hamkorlikda tadqiqot ishlari boshlanib ketadi.
Sarazm qishlog‘i 90 gektar maydonni egallagan bo‘lib, 10 tepalikdan iborat. U joydan qadimgi Sug‘diyonaning ilk dehqonchilik madaniyatiga doir qimmatli materiallar to‘plandi. Bu erda aholi eneolit davridan ilk bronza davrigacha yashagan.
Sarazm madaniyati 4 bosqichda rivojlangan bo‘lib, uning I va II bosqichlari eneolit davriga taalluqli.
Birinchi bosqichda Sarazmga asos solinadi. Bu davrda Sarazmliklar guvaladan bir xonali uylar qurib atrofini mudofaa devori bilan o‘rab oladilar. Kulbalar yaqinida ularning xilxonalari bo‘lgan. Bu erlardan sirtiga qora va qizil bo‘yoqlar turli geometrik naqshlar solingan sopol parchalari, misdan yasalgan qurollar, mis oyna, oltin va kumushdan yasalgan taqinchoqlar, qimmatbaho toshlar–bronza, lazurit va serdolikdan yasalgan munchoqlar topilgan. Bu topilmalar Turkmanistonning Anov II moddiy buyumlariga ancha o‘xshaydi. Olimlar bu davrning xronologiyasini radiokarbon usulida aniqlaganlar. U mil.avv. 3100–2930 yilliklarga mansub bo‘lgan.
Ikkinchi bosqich so‘nggi eneolitdan ilk bronza asriga o‘tish davri hisoblanadi. qadimgi qishloq hududi ancha kengayadi, bir xonali guvala uylar o‘rnida xom g‘ishtdan yasalgan ko‘p xonali uylar paydo bo‘ladi. Ayrim uylarda oilaviy e’tiqod joyi––dumaloq shaklda ishlangan altar (olovxona) bo‘lgan. Ko‘p xonali xovlilar oralig‘ida tor ko‘chalar va maydonlar shakllangan. Qishloqning ikkita joyida ibodatxonasi bo‘lgan. Ibodatxonalarning devorlari boshqa uylardan farqli ravishda qizil rangda naqsh berilgan va ularning qoq o‘rtasida mehrob joylashgan. Bu sarazmliklarning olovga sig‘inish e’tiqodi mavjud bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Qishloqdan toshdan ishlangan tarozi toshlari, to‘qimachilik dastgohining qismlari, eshik osti toshlari, urchuq toshlari, misdan ishlangan pichoqlar, xanjarlar, qarmoqlar, igna va bigizlar topilgan.
Eneolit makonlari Buxoro viloyatining Lavlakon, Beshbuloq va Zamonbobo I makonlaridan ham topilgan.
O‘zbekistonda eneolit davri manzilgohlari kam o‘rganilgan. Lekin mavjud arxeologik manbalar asosida eneolit davrining ijtimoiy iqtisodiy rivojlanish yo‘llarini aniqlab olish mumkin. Bu davrda O‘zbekistonning shimoliy xududlarida hali neolit davri jamoalari, ya’ni Kaltaminor madaniyati jamoasi yashab kelardi. Lekin ularning janubiy xududlar bilan aloqasi ularning iqtisodiy xayotlariga o‘zgarishlar olib keldi. Jumladan, 3 ming yillikning oxirlarida metall bilan tanishdilar, ilk chorvachilik va dehqonchilik xo‘jaliklari paydo bo‘la boshladi. O‘zbekiston xududida bronza davrida ijtimoiy – iqtisodiy taraqqiyot jadal rivojlandi.