Jinoyat huquqida huquqqa xiloflik tushunchasi jinoyatni boshqa
huquqbuzarliklardan farqlash uchun jinoyat huquqining boshqa huquq
sohalari bilan bog‘liqlikda bo‘lishini ifodalaydi. Shundan, huquqqa xiloflik
jinoyatning jazoga sazovorligi bilan, jinoyatning o‘zi esa, jinoyatni sodir
qilgan shaxs aybi bilan uzviy bog‘liq. Bu belgilar jinoiy huquqqa xiloflik
va jinoyat tushunchalarini umumiy tarzda ifodalaydi.
Huquqqa xiloflik obyektiv va nisbatan mustaqil tabiatga ega.
Qilmishning darajasi va zararini tavsiflovchi moddiy belgi
hisoblangan
ijtimoiy xavflilikdan farqli ravishda huquqqa xiloflikni jinoiy
javobgarlikning formalligini ifodalovchi jinoyat qonunining buzilishi
sifatida baholash kerak.
Ijtimoiy xavflilik va huquqqa xiloflik belgilari
birgalikda qilmishning
jinoiyligini va u uchun javobgarlik asosini belgilovchi omil hisoblanadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, ijtimoiy xavfli bo‘laturib jinoyat qonunini
buzmagan yoki jinoyat qonuni normalarini buzgani holda ijtimoiy xavflilik
alomatlari mavjud bo‘lmagan qilmishga nisbatan jinoiy javobgarlikni
qo‘llab bo‘lmaydi.
Jinoyat tushunchasini izohlashda ijtimoiy xavflilik va huquqqa xiloflik
jinoyatning asosiy va bir-biriga aloqador belgilari ekanligini ko‘rish
mumkin. Jinoyatning ijtimoiy xavflilik belgisining mavjud emasligi, o‘z
navbatida, huquqqa xiloflikning mavjud emasligini
bildiradi, ya’ni faqat
jinoyat qonuni bilan ijtimoiy xavfli deb topilgan qilmishlargina huquqqa
xilof hisoblanadi. Qilmishning jinoyat huquqiga xilof deb topish asoslari
bo‘lib, bunday qilmishning ijtimoiy xavfliligi, u
yoki bu qilmishga aynan
jinoyat-huquqiy vositalar bilan ta’sir etishning umumiyligi hisoblanadi.
Jinoiy huquqqa xiloflik qilmishga ijtimoiy xavflilik darajasini berib, aynan
shu daraja orqali qilmish jinoyat tavsifini oladi. Jinoyatning moddiy belgisi
ijtimoiy xavflilik bo‘lsa, jinoyatning formal belgisi huquqqa xiloflik
hisoblanadi.
Ayb – qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan u yoki bu huquqqa xilof
qilmishni ijtimoiy xavfli deb belgilovchi belgi.
121