JK 9-moddasiga muvofiq, «Shaxs qonunda belgilangan tartibda aybi
isbotlangan ijtimoiy xavfli qilmishlari uchungina javobgar bo‘ladi».
Ushbu
prinsipning ahamiyati shundaki, ayb – jinoiy qilmishning
xususiyati sifatida, jinoyat sodir etgan shaxsning jamiyat huquq-tartibotiga
salbiy munosabatida ifodalanadi. Demak, shaxsni
tuzatish uchun, avvalo,
ushbu salbiy munosabatlarning o‘zini aniqlab olish zarur. Shaxsdagi
bunday salbiy munosabatlar jamiyat manfaatlariga zid bo‘lib, jinoiy
javobgarlikka tortishning ahamiyatini yo‘qotadi.
Ayb uchun javobgarlik prinsipi shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish
uchun majburiy bo‘lgan quyidagi belgilarni aniqlaydi:
– shaxsning o‘z qilmishiga nisbatan ruhiy munosabati;
– mazkur qilmishning ijtimoiy xavflilik xususiyati.
Shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish jarayonida jinoiy-huquqiy
normalarni ko‘rsatilgan prinsipga muvofiq
ravishda shakllantirish va
ushbu normalarni amaliy tatbiq qilish, qonun chiqaruvchi va huquqni
muhofaza qiluvchi organlar uchun majburiydir. Ta’kidlash joizki, jinoiy
javobgarlik tushunchasi va asosini aniqlovchi Jinoyat kodeksining 16-
moddasidan farqli, ushbu prinsipning mustahkamlanishi subyektga
nisbatan umumiy jinoiy javobgarlik qoidasini o‘rnatishni ko‘zda tutadi.
Jinoyat kodeksining 16-moddasida ta’riflangan qoidalar esa, ayb
uchun
javobgarlik prinsipining ayrim ko‘rinishlarini aks ettiradi.
Sodir qilgan ijtimoiy xavfli qilmishiga nisbatan shaxsning ruhiy
munosabati qasd yoki ehtiyotsizlik ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Ushbu
prinsipga muvofiq, har bir muayyan holatda aynan jinoyat qonuni bilan
talab qilingan ayb belgilanishi lozim. Masalan, qonunda bolani faqat
qasddan almashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lsa
(Jinoyat kodeksining 124-moddasiga asosan), mazkur moddada ayb uchun
ehtiyotsizlik oqibatida sodir etganlik sifatida jinoiy javobgarlik qo‘llash
mumkin emas.
Ayb uchun javobgarlik prinsipi muayyan jinoiy qilmishning
tavsiflanayotgan belgilariga nisbatan jinoyat subyektining aybini majburiy
belgilashda qo‘llaniladi. Shaxs o‘z qilmishining xavflilik darajasini
ko‘rsatuvchi obyektiv holatlarni anglamagan, anglashi shart bo‘lmagan
44
yoxud
anglay olmaydigan hollarda, bu holatlar uning javobgarligini
og‘irlashtirishga xizmat qilishi mumkin emas. Bunday xulosaga faqat
jinoiy javobgarlikning obyektiv va subyekt asoslari mavjudligiga asoslanib
kelish mumkin.
Bu o‘rinda isbotlash qonunga to‘liq bo‘ysungan
holda amalga
oshirilishi lozim. Mazkur talabga rioya qilmaslik aybning
isbotlanmaganligini va oqibatda jinoyat sodir etmagan shaxsning jinoiy
javobgarlikka tortilishi mumkin emasligini ko‘rsatadi.
Ta’kidlab o‘tish lozimki, ushbu prinsip aniq jinoyatlar tarkibini
shakllantirish va jinoyat tarkibini jinoiy javobgarlikning asosi
deb tan olish
bilan mamlakatimizda mavjud bo‘lgan qonun hujjatlarida ijtimoiy xavfli
va qonunga xilof harakat ko‘rinishida aks etmagan qilmish uchun
jazolanish holatlarini inkor etadi.
Ushbu prinsip yana obyektiv ayblovni, ya’ni
aybsiz holda zarar
yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortishni ham inkor etadi. Aybsiz
holda yetkazilgan har qanday qilmish, ijtimoiy munosabatlarga yetkazgan
moddiy zararidan qat’i nazar, jinoyat deb topilishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida ayb uchun javobgarlik
prinsipining mavjudligi jinoyat uchun javobgarlikning qat’iy
belgilanganligini ko‘rsatadi. Jinoyat sodir etganlik uchun faqatgina aybdor
shaxs javobgarlikka tortiladi. Ushbu qoida jinoyat to‘g‘risidagi qonun
hujjatlarida bajaruvchining ektsess institutini, ya’ni jinoiy guruh
a’zolarining qasdi bilan qamrab olinmagan harakati uchun faqat
ijrochining o‘zi javobgar ekanligini tan olishda aksini topadi.
(Bu haqda ushbu tom X bobining «Ishtirokchilikda sodir qilingan
jinoyat uchun javobgarlik asoslari va chegaralari» deb nomlangan 4-§ da
batafsil to‘xtalib o‘tilgan.)
Dostları ilə paylaş: