3. Nematoda sinfi 3.1. Ascaridia galli (Schrank, 1788)
3.2. Porrocoecum crassum (Deslongchamps, 1824)
3.3. Syngamus trachea (Montagn, 1811)
Parrandalar gelmintlarining faunistik majmualari strukturasi uch gruppadan iborat bo‘lib, ular parazit chuvalchanglarning tegishli sinflari bo‘yicha quyidagicha taqsimlangan: sestodalar – 3 tur, trematodalar – 6 tur va nematodalar – 3 tur.
Gelmintlarning sistematik taxlili Parrandalarning gelmintlari hayvonot olamining ikki tipi – Plathelminthes va Nemathelminthes vakillaridir. Ushbu tiplarning har biri o‘z navbatida tegishli sistematik taksonlarni o‘z ichiga oladi.
Bu bo‘limida mazkur tiplarning tarkibiga kiruvchi yirik sistematik taksonlarni axborot uchun keltirishni maqsadga muvofiq deb topdik.
Darhaqiqat, parrandalar gelmintofaunasi 12 turdan iborat bo‘lib, ular sistematik jihatdan hayvonot olamining 12 avlodi, 8 oilasi, 5 kenja turkumi, 5 turkumi, 3 sinfi va 2 tipiga mansubdir.
Ushbu sistemaga muvofiq quyida aniqlangan har bir gelmint turining sistematik holati, definitiv va oraliq xo‘jayinlari, hamda xo‘jayin organizmidagi lokalizatsiyasi keltiriladi. Shuningdek, aniqlangan turlar to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berish maqsadida parazit chuvalchanglarning sinflariga ham qisqacha ta’rif berishni lozim topdik.
Sestodalar yoki lentasimon chuvalchanglar endoparazitlar bo‘lib, jinsiy voyaga yetgan formalari har xil umurtqali hayvonlar va odam ichagida yashaydi. Gavdasi dorzal va ventral tomondan yassilangan.
Hozirgi vaqtda ularning 3500 dan ortiq turi fanga ma’lum bo‘lib, odam va har xil umurtqali hayvonlar uchun eng havfli parazitlar hisoblanadi. Sestodalar ham boshqa yassi chuvalchanglar singari parenximatoz hayvonlardir. Ularda tana bo‘shlig‘i bo‘lmaydi. Tanasi parenxima bilan to‘lgan.
Ular parazitlik bilan hayot kechirishga ixtisoslashgan bo‘lib, ko‘pgina moslanishlarga ega: boshi – skoleks va yopishuv organlari o‘ziga xos tuzilgan; gavda bo‘g‘inlar – proglottidlarga bo‘lingan; har bir bo‘g‘inda takrorlanadigan jinsiy apparat bor; ovqat hazm qilish sistemasi reduksiyalangan; nihoyat hayot sikllari murakkablashgan bo‘lib, xo‘jayin almashtirish yo‘li bilan o‘tadi.
Sestodalar gavdasining uzunligi 2-8 mm dan (alveokokk, exinokokk) o‘rtacha 6-15 m (ho‘kiz va cho‘chqa solityorlari, keng lentets), ba’zan 30 m gacha (Polygonorus giganticus) bo‘ladi. Gavdasi uch qismdan – bosh (skoleks), bo‘yin va bo‘g‘inli tanadan iborat. Sestodariya kenja sinfiga kiruvchilarning gavdasi yaxlit bitta bo‘g‘indan tashkil topgan. Sestodalar gavdasini bir butun xolda strobila deb ham ataladi. Gavdaning oldingi qismi ingichka ipsimon ko‘rinishda bo‘lib, uning uchida skokels va bo‘yin joylashgan.