6 – BOB. CHAKANA TOVAR OBOROTI 6.1. Chakana tovar oboroti tushunchasi va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati Chakana tovar oborotining mohiyatini asosida tovar muomilasida mavjud bo‘lgan munosabatlar yotadi.
Tovar muomalasi to‘g‘risida fikr yuritganda, uning negizida ikki tomonli munosabat yotganligini ko‘ramiz. Bir tomonda – sotuvchi, tovar egasi, uning maqsadi tovarni sotish, ikkinchi tomondan sotib oluvchi, ya’ni aholi, qo‘lida qandaydir miqdorda tovarni sotib olish uchun ekvivalent pul bor, tovarni sotib olish uchun talabi mavjud subektga, agar ikkala intilish, tovarni sotish va sotib olish bir – biriga munosib bo‘lib qolsa, oldi – sotdi jarayoni amalga oshadi va tovar pulga almashadi. Ushbu jarayon tovar aylanish kategoriyasida o‘z ifodasini topadi. Bu jarayonda tovar bilan aholini sotib olish qobiliyati, ya’ni aholini mavjud daromadi tovarga almashib ketadi va ikkala aytilgan kategoriyalar yo‘qolib, ya’ni ikkita kategoriya vujudga keladi.
Ular bir tomondan aholining puli – savdogar mahsulotning sotish natijasiga, tovar esa ayriboshlash jarayonidan chiqib, iste’mol jarayoniga tovarlik xususiyatini yo‘qotib iste’mol ne’matiga aylanadi. Aholi tomonidan iste’mol qilish jarayoni boshlanadi. Tovar ijtimoiy mohiyatini yo‘qotib, iste’molchining shaxsiy mulkiga aylanadi. Ushbu munosabat natijasini statistik ko‘rsatkichi orqali izhor qilish mumkin. Bunday ko‘rsatkich sifatida chakana tovar oboroti kabi statistik qiymat ko‘rsatkich hisoblanadi. Ushbu munosabatlar jarayonida aholi tovar ayriboshlashni ham obekti ham subekti sifatida, ya’ni obekt iste’molchi, subekt sotib oluvchi bo‘lib qatnashadi.
Chakana tovar oborotidek statistik qiymat ko‘rsatkichining mazmunini chuqurroq ko‘rib chiqamiz.
Aholiga sotilgan tovarlarning qiymati tovar ayriboshlash jarayonidan iste’molga o‘tgan moddiy ne’matlarning qiymatini puldagi ifodasi, chakana tovar oborotining aholiga sotilgan hajmini ifoda qiladi. U qandaydir tovarlar miqdorini (q) tegishli baholarda (p) aholining puliga ayriboshlanishini anglatadi. Bunda chakana tovar oboroti aholiga sotilgan miqdori
ChTA=qp
statistik formula bilan ifodalanadi.
Chakana tovar oboroti dinamik jarayon bo‘lib, uzluksiz davom etadi. U doimo takrorlanib turadi va takror ishlab chiqarish jarayonini bir etapi hisoblanadi. Bu jarayon aholi iste’molini kengayib va ortib borishini ifodalaydi.
Aholining shaxsiy ehtiyojini qondirish uchun zarur bo‘lgan moddiy ne’matlarning asosiy qismi ularga savdo orqali yetkaziladi.
Aholi iste’mol qiladigan tovarlar massasining son miqdori va sifat tavsifi chakana tovar ayriboshlash ko‘satkichlari orqali namoyon bo‘ladi.
Iste’mol tovarlarini ishlab chiqarishdan aholiga yetkazish jarayoni tovar muomilasi qonunlari ta’siri ostida amalga oshiriladi (qiymat, qo‘shimcha qiymat, talab va taklif qonunlari). Shu sababli chakana tovar oboroti aholi pul daromadlarini tovarga almashtirish yo‘li bilan tovarlar harakatining oxirgi boqichi – tovar ayiboshlashdan shaxsiy iste’molgacha bo‘lgan jarayondagi iqtisodiy munosabatlarni anglatadi. Bu chakana tovar oborotining iqtisodiy mazmunini tushuntiradi.
Chakana tovar oboroti – iste’mol tovarlarining aholiga va boshqa iste’molchilarga, ularni ehtiyojlarini qondirish uchun sotilish miqdorini puldagi ifodasidir.
Chakana tovar oboroti tovar ayriboshlash jarayonini oxirgi bosqichida namoyon bo‘lib, unda tovarlarning iqtisodiy kategoriya sifatidagi mazmuni o‘zgaradi.
Tovarlar iste’mol fondini real shakliga aylanadi, ayriboshlash jarayonidan chiqib ketadi va iste’molchining mulkiga aylanadi.
Aholi o‘zining iste’mol tovarlariga bo‘lgan ehtiyojini nafaqat yakka tartibda, balki jamoa bo‘lib iste’mol qilishning har xil shakli orqali ham qondiradi. Bunda tovarni sotib oluvchi sifatida har xil korxonalar, tashkilotlar qatnashadi (dam olish maskanlari, kasalxonalar, bolalar bog‘chalari, boshqa korxona, tashkilot va muassasalar). Ular tovarlarga bo‘lgan ikkilamchi, joriy xo‘jalik ehtiyojlarini qondirish uchun tovarlar sotib olishadi.
Chakana tovar oborotining bunday shakllangan qismi mayda ulgurji tovar oboroti deb ataladi va chakana tovar oboroti miqdorida ko‘p emas – 5% atrofida bo‘ladi.
Shunday qilib, chakana tovar oboroti tovarlarni pulga aylantirish jarayonida vujudga keladi. Bu jarayonda tovar egasi tovarlarni boshqa jismoniy yoki huquqiy shaxsga pulga sotadi.
Chakana tovar oboroti savdo korxonalarining asosiy ko‘rsatkichlaridan biridir.
Chakana tovar oboroti iqtisodiy kategoriya hisoblanadi va tovar ayriboshlash jarayonidagi iqtisodiy munosabatlarni natijasidir.
Chakana tovar oboroti bir tomondan savdo korxonalari faoliyatining natijasi, ularni ijtimoiy – iqtisodiy samaradorligini, ikkinchi tomondan aholining sotib olish qobiliyatini real moddiy ne’matlarga aylanishini ko‘rsatadi, ya’ni aholini moddiy farovonligi ko‘rsatkichi sifatida namoyon bo‘ladi.
Shunday qilib, chakana tovar oboroti bir tomondan sotilgan tovarlar massasi miqdoridir (puldagi ifodasi), ikkinchi tomondan aholining tovar sotib olish uchun pul xarajatlarining miqdoridir.
Chakana tovar oboroti ko‘rsatkichi miqdor – son jihatdan va sifat tavsifiga egadir. Chakana tovar oboroti miqdori, ya’ni son jihati – sotilgan tovarlarni puldagi miqdori bo‘lsa, sifat jihati uning assortiment tarkibidir, ya’ni uning umumiy hajmida alohida tovar guruhlarining hissasi (foizlarda) bilan belgilanadi.
Chakana tovar oboroti miqdori (xajmi) tarkibini aniq ajrata bilish zarur.
Chakana tovar oboroti miqdori – biron bir davrga(kun, oy, chorak, yil) savdo shaxobchalarining (umumiy ovqatlanish shaxobchalarining) bank yoki kassaga topshirgan naqt puli va pulsiz- mayda ulgurji tovar oboroti hajmidan iborat.
Chakana tovar oboroti tarkibi – xar hil tovarlarni sotish turlaridan iborat. Chakana tovar oboroti tarkibi aholiga, ayrim muassasa, korxona va tashkilotlarga rasmiy hisobga olingan savdo (umumiy ovqatlanish) shaxobchalari, narsalar bozorlari, oziq – ovqat bozorlari (dehqon) va universal bozorlar orqali tovarlarni sotilish miqdori bilan shakllanadi.