Shakldor g'isht (13-rasm) – yon qirralari dumboq yoki botiq g'ishtlar binoning old tomonidagi tashqi devorlarida – fasadlarda quyosh nurida jilvalanib turadigan naqsh-bezaklar hosil qilishga mo'ljallangan.
Qurilish maydonchasiga tashib keltirilgan sopol materiallarning tashqi ko'rinishi va o'lchamlari tekshiriladi.
Sopol g'isht va buyumlar tuzilishi jihatdan bir jinsli: burchaklari o'chmagan, sinmagan va qirralari to'g'ri bo'lishi lozim. Bundan tashqari, koshinlash g'ishtining sirti toza bo'lishi talab qilinadi; «yaxshi pishmagan» va «kuyib ketgan» g'ishtlar brakka chiqariladi. G'ishtdagi ohak aralashmalar (pufakchalar) jiddiy nuqson hisoblanadi va g'ishtning yemirilishiga sabab bo'ladi.
Sopol g'ishtlarning standartdan quyidagi chegarada chetga chiqishiga yo'l qo'yiladi: uzunligi bo'yicha ± 4 mm, eni bo'yicha ± 2 mm va qalinligi bo'yicha ± 2 mm. Uzunligi 185-200 mm bo'lgan sopol blokda ± 4 mm, uzunligi 120-190 mm bo'lgan blokda ± 3 mm va uzunligi 65-90 mm bo'lgan blokda ± 2 mm.
14-rasm. Beton toshlar va g'ovak beton bloklar:a – yaxlit blok;
b – bo'ylama yarim blok; v – pardevorga ishlatiladigan blok; g – g'ovak betondan tayyorlangan asosiy blok; v – ko'ndalang bo'lingan shunday yarim blok
Devorbop beton bloklar (14-rasm, a-b) –yaxlit yoki kovak qilib tayyorlanadi; kovaklar tirqishsimon va bir boshi ochiq bo'ladi. Bunday bloklar poydevor, devor va pardevorlar qurishda ishlatiladi. Koshinlash uchun sirtqi yuzasiga rang berilgan yoki naqshlar solingan bo'ladi, 25-200 markali bloklar ishlab chiqariladi. Devor qurish ishlarini qo'lda bajarish mo'ljallangan hollarda bloklarning massasi 32 kg dan ortiq bo'lmasligi lozim.