E’tiqod tushunchasini tashkil etuvchi omillarning ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati. E’tiqod tushunchasi mazmun-mohiyatini to’la ochish uchun faqat uning tuzilmasini aniqlash va tahlil qilish yetarli emas. Amalda ilm-fan, falsafa, axloq, huquq, nafosat, din kabi ijtimoiy ongning barcha shakllariga oid kategoriyalar va tushunchalarni jalb qilish lozim. Masalan, vatanparvarlik tushunchasini olaylik. Haqiqiy vatanparvar bo’lish uchun shaxs o’z ona tiliga, urf-odatlariga, madaniy merosiga, xalqi, mamlakati buguni va kelajagiga ishonch bilanqarashi, ularga ixlos qo’yishi, sevishi lozim. O`zining xudbin manfaatlarini el-ulus, Vatan manfaatlaridan ko’proq sevadigan kishi vatanparvar bo’lolmaydi. Yoki har qanday sharoitda ham Vatan manfaatlariga sodiq qolishga, og’ir zahmatdan, qiyinchiliklardan qo’rqib, fidoyilik ko’rsatishga irodasi va sadoqati yetmaydigan shaxs, u qanchalik keng bilimli bo’lmasin, Vatanni sevishi haqida qanchalik ko’p gapirmasin, vatanparvar hisoblanishi mumkin emas.
Ayni paytda, Vatanga muhabbat ko’r-ko’rona bo’lsa, kutilgan samarani bermaydi. Vatan ishqishaxsning tanqidiy mulohaza yuritishini, mamlakati, xalqi kamchiliklarini bartaraf etishga, milliy qadriyatlarini takomillashtirishga intilishini to’sib qo’ymasligi kerak.
Ba’zan shunday kishilar uchraydiki, ular o’tmish bilan bir qatorda xalqimizning urf-odatlari, qarashlari, maishiy turmushini ham ideallashtiradi. Biror kamchilik haqida gapirgan kishini vatanparvarlik yetishmaslikda ayblaydi. Ular faqat o’zlarini haqiqiy vatanparvar, deb hisoblaydi. Hatto o’zlariga nisbatan millatparast degan tushunchani qo’llaydi. Go’yoki millatparvar, xalqparvar degan tushunchalar ularning xalqqa nisbatan o’ta muhabbatini, fidoyiligini to’liq ifodalay olmaydi. Aslida bu manmanlikning, o’zini ko’z-ko’z qilishning bir ko’rinishidan boshqa narsa emas.
Millatparast tushunchasi mazmuni haqida ikki og’iz fikr bildirish zarur. «Parast» forscha so’z yasovchi qo’shimcha. U salbiy mazmunda ishlatiladi. Masalan, otashparast (o’tga sig’inuvchi), molparast (ziqna, xasis, boylik yig’uvchi va h.k.), butparast (butlarga, sanamlarga sig’inuvchi), amalparast kabi tushunchalar mazmuni buni ko’rsatib turibdi. Shu sababdan millatparast emas, millatparvar bo’lish lozim. Millatparast xalqidagi mavjud kamchiliklarni ko’rolmaydi, uni ideallashtiradi. Aslida esa u ko’proq o’zini o’ylaydi. Xalq manfaatlari haqida og’iz ko’pirtirib, soxta obro’ orttirgisi, biror lavozimga ilashgisi keladi. Millatparastni shuhratparast va mansabparast desa, to’g’riroq bo’ladi. Urf-odatlarimiz, milliy psixologiyamiz va mentalitetimizga xos ba’zi bir kamchiliklarni xolis baholab, ulardan qutilmasak, taraqqiyotda yuksak sur’atlarga erisha olmaymiz. Ayniqsa, mahalliychilik, guruhbozlik, urug’-aymoqchilik, sovg’a-salom, pora yordamida ishini bitkazib olishga urinish, tanish-bilishchilikni ba’zan jamiyat va davlat manfaatlaridan ustun qo’yish hamda ko’plab ko’zga tashlanmaydigan boshqa mayda-chuyda kamchiliklar jamiyat, Vatan taraqqiyoti uchun ancha xavflidir.
Taraqqiy etishni istagan jamiyat nafaqat alohida insonni, shuningdek, butun millatni tarbiyalab borishni unutmasligi zarur. Haqiqiy vatanparvar bo’lganligi hech qanday shubha uyg’otmaydigan jadidlarning ilg’orlari millat tarbiyasi, uning e’tiqodini yuksaltirish, ilm olishi, yangi yuksak g’oyalarga, ideallarga ixlos qilishi, intilishi, erk va ozodlikka ishq qo’yishi to’g’risida qayg’urganlar. Ular faqat yangi usuldagi maktablar tashkil etish, ta’limni isloh qilish bilan cheklanmagan. Ular xalqni uyg’otishga, yuksaltirishga,yangicha fikrlashga o’rgatadigan, yangicha axloqiy va estetik me’yorlarni xalq ongiga singdirishga, eskicha qoloq qarashlardan, kamchiliklardan qutilishga yordam beradigan milliy matbuotga, teatrga, dramaturgiyaga, publitsistikaga, adabiyotning yangi janrlari - zamonaviy roman, qissa, barmoq vaznida yoziladigan she’riyatga asos soldilar. Ular mustamlakachilik sharoitida ta’limni tarbiyalovchi ta’limga aylantirishga urindilar. Behbudiy, Fitrat, Munavvarqori, Abdulla Qodiriy, CHo’lpon va boshqa ko’plab atoqli jadidlar ijodi va faoliyati buning isbotidir. Abdulla Avloniyning «Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot...» so’zlaridan boshlanuvchi fikri jadidlarning ushbu masalaga bo’lgan munosabatining yorqin ifodasidir.
Tarbiya esa faqatgina yangi xislatlarni shakllantirib qolmasdan, qoloq illatlardan, kamchiliklardan xalos bo’lish maqsadini ham ko’zlamog’i lozim. Lekin millat tarbiyasi oson ish emas. Eng avvalo, millat tarbiyasi tushunchasi mazmunini va metodologiyasini aniqlab olish kerak. Aks holda demogogiya, safsatabozlik, nasihatbozlik, yoki odamlarning «miyasini yuvish», har qanday original va keskin ifodalangan fikrdan cho’chish, ichki senzorni va ijtimoiy qo’rquvni tiklash, boshqacha fikrlaydiganlarning ovozini bo’g’ishga intilish yana tirilganini sezmay qolamiz. Millat tarbiyasi bahonasida tasviriy san’atni siyosiy va ijtimoiy plakatlar darajasiga, badiiy adabiyotni targ’ibot va didaktik pandnomalar darajasiga tushirmaslik, ijodkorlarga falon mavzuda asar yaratishni tavsiya qilmaslik kerak. Shundoq ham tez-tez zamonamiz qahramoni obrazini yaratishga da’vatlar quloqqa chalinib turadi. Bu, aslida, sotsialistik realizmdan qolgan illatdir.
Millat tarbiyasi vatanparvarlikni mustahkamlashning, milliy g’oyani amalga oshirib, yuksak marralarni egallashning muhim sharti va vositasidir. Millat rahnamolari, ziyolilari, yoshlari mamlakat ahvolini yuksak ideallar bilan taqqoslab idrok egalarigina, uning kelajagini ularga moslab yaratishga harakat qilsalargina, vatanparvarlik samara beradigan e’tiqod darajasiga ko’tariladi. Biz milliy ma’naviyatimizni yuksaltirmoqchi ekanmiz, e’tiqod masalalariga jiddiy e’tibor bermog’imiz, ta’lim-tarbiya jarayonida uning unsurlari va tarkibiy qismlari uyg’un shakllanishiga erishmog’imiz lozim. Yuqorida vatanparvarlikni to’g’ri tushunish va tarbiyalashning e’tiqod bilan bog’liq jihatlari to’g’risida umumiy tarzda fikr yuritildi. Burch, vijdon, halollik, ezgulik, go’zallik, adolat, teng huquqiylik va boshqa barcha muhim axloqiy, estetik, huquqiy, siyosiy tushunchalar, kategoriyalarni, umuman, ijtimoiy va ma’naviy yuksalishni e’tiqod bilan bog’liqlik tomonlarini tahlil qilish mumkin va joiz.