Urushlardan keyin ruhan majruh va jisman toliqqan, ochyupun,baxtiqaro, yaqinlaridan ayrilgan odamlarga go‘zal orzu-havaslarga to‘la, xayoliy baxt-li turmushni ko‘rsatuvchi, sevgi-muhabbatni kuylovchi asarlar zarur edi. Urush vayrongarchiliklari va asoratlarini bartaraf etish bilan ovora Yevropa bunday mahsulotlarni etarli miqdorda ishlab chiqara olmasdi. Amerika ommaviy madaniyati bechora Yevropaliklar qalbiga go‘yoki «malham» bo‘ldi, dinga o‘xshab ruhiy kompensatorlik vazifasini bajardi, ularni ovutdi, xayolot dunyosiga g‘arq ettirib, turmush tashvishlaridan chalg‘itdi, qalbida umid uchqunlarini chaqnatdi. Asta-sekin aksariyat olimlar, tanqidchilar o‘rtasida ham ommaviy madaniyatga munosabat ijobiy tomonga siljiy boshladi. O‘tgan asrning 70-yillaridan ommaviy madaniyatni oqlash butun G‘arbda, jumladan, Yevropada ham kuchaydi. Bu davrga kelib Yevropa o‘zini allaqachon to‘liq tiklab olgan (50-yillar o‘rtalarida) va ommaviy jamiyatga to‘liq o‘tib bo‘lgan edi.
Ammo Ikkinchi jahon urushidan keyin XX asrning 50-yillaridan Yevropada ommaviy madaniyatini liberal gumanizm nuqtai nazaridan keskin tanqid qilish boshlandi (Fromm, Xorkxaymer, Adorno, Benьyamin, Moran, Veblen, Rismen, Markuze va boshqalar). Bu Yevropa ilmiy an’analariga, aholisi psixologiyasiga mos edi. Chunki Yevropada bir yarim asr ilgari XVIII asr oxirlaridan burjua jamiyatini, u bilan bog‘liq ijtimoiy hodisalarni, inson ekspluatatsiyasini tanqid qilish ilg‘or ziyolilar orasida keng tarqalgan edi. XIX asr davomida badiiy adabiyotda va san’atda, ijtimoiy-siyosiy fanlarda kapitalistik jamiyat illatlari ayovsiz fosh etildi. Hatto XIX asr adabiyotining etakchi badiiy usuli tanqidiy realizm, deb ataladi.
Yevropaning aksariyat ijodkor ziyolilari ishchilar va xalq ommasining inqilobiy kurashiga xayrixoh edi. Ular ezgulik, insonparvarlik va adolat tuyg‘ularidan kelib chiqib, ezilgan va jabrdiyda xalq tomonida turardi.
XIX asr ijodkorlari sotsialistik ta’limotlardan ancha-muncha xabardor edilar. Bu ta’limotlardan ayrim radikal (anarxistik, kommunistik va sotsial-demokratik) xarakterdagilari ularni cho‘chitsada, utopik va mo‘tadil mazmundagilari ularda xayrixohlik uyg‘otgandi.
XX asr o‘rtalariga kelib tanqidiy ruh va munosabat, mafkuraviy plyuralizm, muqobillik va muxoliflik Yevropa ijtimoiy fikrining ajralmas bo‘lagiga aylangan edi. XX asr Yevropalik liberal gumanistlarining ko‘pchiligi, ayniqsa, birinchi avlodi yoshlik yillari marksizmning ma’lum darajada ta’sirida bo‘lib ulgurgan edi. Misol tariqasida Maks Veber kabi atoqli nemis sotsiologini, yoki Frankfurt maktabi vakillarini keltirish mumkin.
Liberal gumanistlar ommaviy madaniyatni aholi ongini boshqarish, shaxsni ma’naviy qaramlikda saqlash, odamlarni o‘zaro begonalashtirish, zulm o‘tkazish vositasi, deya baholadi. Ularni qo‘llab-quvvatlovchilar turli ilmiy yo‘nalishlarga oid olimlar orasida kam emas edi. Xozir ham bu fikrlarni qo‘llab-quvvatlovchi tanqidchilar oz emas. SHu o‘rinda ularning ayrim baholarini eslash maqsadga muvofiq: sarob baxt mafkurasi (Moran), shaxs harakatini tashqaridan boshqarish (Rismen), «bir o‘lchovli inson»ni shakllantirish (Markuze), erzatstuyg‘ularning (yasama, soxta tuyg‘ularning) maftunkor olami (Veblen), bir tusli kiyimdagi, bir-xillashgan va birxillashtiruvchi, tez almashinadigan tuzilma (Kornxauzer), begonalashuvning odmi kompensatsiyasi (Fromm), «ommaviy» insonni standartlashtirish va konformlashtirish, ya’ni mavjud tuzumga nisbatan norozilik tuygusidan mahrum etish (Mills), klipmadaniyat (Toffler).
Dostları ilə paylaş: