Glossariy “MA’NAVIYATSHUNOSLIK” FANIGA OID ASOSIY TIMSOL-TUSHUNCHALARNING QISQACHA IZOHLI LUG’ATI Ko’p qutbli dunyo — milliy dunyoqarashimizning tayanch nuqtalaridan biri, biz ko’rib turgan olamning iqtisodiy, siyosiy, ma'naviy sohalarda yuksak qudrat va mavqe kasb etgan shaxslar, guruhlar, davlatlar, mintaqalar xilma-xilligidan tashkil topganligi.
Inson — dunyo mehvari - milliy dunyoqarashimizning tayanch nuqtalaridan biri, ma'naviyat nuqtayi nazaridan, har bir insonga, imkoniyat (potensiya) darajasida, bu moddiy olamning markazi deb qarash, chunki u Alloh tomonidan «yer yuzining xalifasi» qilib yaratilgan va uning qalbi Borliq haqiqatining mazhari (namoyon bo’lish joyi)dir. Shunday ekan, har bir inson, agar astoydil xohlasa, bulun olam holatiga sezilarli ta'sir ko’rsatish imkoniga ega.
Iqtisod, siyosat, ma'naviyat uyg’unligi - milliy dunyoqarashimizning tayanch nuqtalaridan biri, inson va jamiyat hayoti ushbu uch sohadan (uch yo’nalishdan) iborat bo’lib, inson va jamiyat kamolotining asosi ularning o’zaro uyg’un rivojida ekanligi.
Iqtisod — inson va jamiyat hayotining uch asosiy sohasidan (yo’nalishidan) biri, har bir insonning atrof-tabiat (moddiy voqelik)ka amaliy munosabati.
Iqtisod fanlari — ijtimoiy-siyosiy fanlar tarkibiga kiruvchi ushbu ilm tarmog’i bugungi kunda o’zi ko’p tarmoqli mustaqil tizimga aylangan bo’lib, tabiiy va texnika fan tizimlari ham asli ko’p jihatdan keng ma'nodagi iqtisod sohasi ehtiyojlariga xizmat qiladi.
Siyosat — inson va jamiyat hayotining uch asosiy sohasidan (yo’nalishidan) biri, har bir insonning o’zga insonlar bilan bevosita munosabatlari. Siyosat sohasi o’z navbatida axloq va huquq qatlamlaridan iborat bo’lib, ularning har birini o’rganuvchi alohida fan yo’nalishlari mavjud.