Fano — o’tkinchi, muvaqqat holat, insonning moddiy olamdagi holati.
Ma'naviyat asoslari - Ma'naviyat sohasining asosiy masalalarini nazariy tadqiq etuvchi yangi fan. Bugungi kunda, hanuz jahon ilmi darajasida tadqiqotlar o’tkazilmaganligini hisobga olib, «Milliy ma'naviyatimiz asoslari» deb atalishi maqsadga muvofiqdir. Inson ruhidagi Borliq haqiqati bilan uyg’unlik darajalari (Vatan, Shaxs, Millat, Adolat, Haqiqat), Shaxs ma'naviyatining asosiy jihatlari (imon, ilm, mas'uliyat, mehr), Milliy ma'naviyatimizning takomil bosqichlari va shu kabilar bu fanning asosiy mavzusi (predmeti)ni tashkil qiladi.
Inson — ma'naviy kamolot imkoniga ega bo’lgan (yagona) moddiy (biologik) mavjudot. Qur'oni karim oyatlarida ta'kidlanishicha, har bir inson Alloh tomonidan «yer yuzining xalifasi» qilib yaratilgan, shunday ekan, butun moddiy olam uning tasarrufida va u dunyodagi barcha mavjudot taqdiri uchun mas'uldir. Insonning irodasi erkin va shu sababli har bir xatti-harakati uchun Alloh oldida javob bcradi. Inson o’z ma'naviy kamolot imkoniyatlarini yuzaga chiqara boshlagan sari tom ma'noda Shaxsga aylana boradi.
Shaxs ma'naviyati — har bir inson ruhidagi Borliq haqiqati bilan uyg’unlik darajasi. Bu uyg’unlik har bir shaxsning imoni, ilmi, mas'uliyati, mehri orqali namoyon bo’ladi va Vatan, Shaxs, Millat, Adolat, Haqiqat tuyg’ularida ifodalanadi.
Borliq haqiqati – mavjud borliqning asl mohiyati, inson zoti hech qachon oxirigacha anglab yeta olmaydigan, ammo cheksiz ravishda turli yo’llar bilan anglab yetishga intiladigan mutlaq haqiqat. Har bir inson Borliq haqiqati haqida muayyan tasavvurga ega bo’lib, ushbu tasavvuri umri bo’yi takomillashib borishi, ba'zan hatto keskin o’zgarib ketishi ham mumkin.
Imon — shaxs ma'naviyatining muhim tarkibiy jihati, o’zi anglab yetgan va to’g’ri deb bilgan Borliq haqiqatiga samimiy e'tiqod. Imon-e'tiqod ma'naviyatning o'zak tomiri bo’lib, shaxs ma'naviyati imondan boshlanadi-Xalqimiz tilida "imonsiz" degan so’z eng og’ir haqorat sanalishi bejiz emas.
Ilm — shaxs ma'naviyatining muhim tarkibiy jihati va milliy ma'naviyatimizga xos ma'rifat yo’llaridan biri, Borliq haqiqatini anglab yetishda bilimga, aql va tafakkurga tayanish. Ilm nuri bilan yorishmagan e'tiqod "taqlidiy imon" hisoblanadi va takabburlik bilan birlashsa aqidaparastlikka olib boradi.
Mas'uliyat — shaxs ma'naviyatining muhim tarkibiy jihati, o’zi anglab yetgan va to’g’ri deb bilgan Borliq haqiqatiga amalda sadoqat saqlash, har bir xatti-harakatining oqibatini o’ylab qadam qo’yish. Inson erkin irodasi bilan o’zini dunyodagi barcha mavjudot uchun mas'ul deb bilsa va har bir qadamini qo’yishda ana shu mas'uliyatni his qilib tursa ayni shu shaxs haqiqiy ma'naviyat sohibidir.
Mehr — shaxs ma'naviyatining muhim tarkibiy jihati va milliy ma'naviyatimizga xos ma'rifat yo’llaridan biri, insonlarga, tabiatga, har bir ishga beg’araz fidoyilik bilan munosabatda bo’lish. Mehr ma'rifati 1) inson ko’nglini anglab yetish va unga mehr ko’rsatish bilan tarbiyalash, 2) insonning boshqa bir insonga bo’lgan beg’araz muhabbati tufayli xudbinlik balosidan forig’ bo’lishi va Borliq haqiqatini anglab yetishi (Alishcr Navoiy talqinida) ma'nolarini anglatadi.
Ma'rifat — ma'naviy kamolot yo’li, insonning ko’ngil ko’zgusini sayqallash jarayoni, ya'ni har bir insonning butun ongli hayoti davomida o’zligini anglash, o’zining Borliq haqiqatiga nisbatini aniqlash va o’z ruhini Borliq haqiqati bilan uyg’unlashtirib borish yo’lidagi harakati.