Siyosatda huquq qatlami - insonlararo munosabatlarning qonunlar orqali tartibga solinishi.
Siyosatda axloq qatlami — insonlararo munosabatlarning muayyan ma'naviy qadriyatlar asosida muvozanatda saqlanishi.
Siyosatshunoslik (Politologiya) - siyosat sohasini o’ziga xos muayyan yo’nalishda o’rganuvchi fan bo’lib, uning asosiy mavzusi (predmeti) davlat tizimi va siyosiy partiyalar, demokratiya va ijtimoiy adolat masalalarini qamrab oladi. Bugungi kunda siyosiy fanlar alohida tizimni tashkil etishidan tashqari agar siyosat sohasini keng ma'noda olib qaraladigan bo’lsa, huquqshunoslik, axloqshunoslik, jamiyatshunoslik kabi yana bir qator zamonaviy fanlar ham ayni shu sohaga oid masalalar bilan bevosita shug’ullanishini nazarda tutish lozim. Ulardan ba'zilari, masalan axloqshunoslik, bir paytning o’zida ma'naviyat sohasiga ham bevosita aloqador fanlar tizimiga kiradi.
Ma'naviyat — inson va jamiyat hayotining uch asosiy sohasidan (yo’nalishidan) biri, har bir insonning Haqqa, Borliqning mohiyatiga bo’lgan munosabati. Ma'naviyat – o’z mazmuniga ko’ra ko’p qirrali murakkab botiniy hodisa bo’lib, mohiyatan Inson ruhidagi Borliq haqiqati bilan uyg’unlikni anglatadi. Shu ma'noda uni Insonning, Xalqning, Jamiyatning, Davlatning kuch-qudrati, insonni ruhiy poklanish va yuksalishga da’vat etadigan, uning ichki olamini boyitadigan, iymon-irodasini, e'tiqodini mustahkamlaydigan, vijdonini uyg’otadigan qudratli botiniy kuch, Haqiqat nurining inson qalbida aks etishi, yoki baqoning fanoda zuhuri, dunyoviy va uxraviy maqsadlarning uyg’unligi, insonning o’z mohiyati oldidagi mas'ulligi, o’zligini anglashi deb ham ta'riflash mumkin. Insonning Borliq abadiyatiga daxldorligi ayni uning ma'naviyati tufaylidir.
Dunyoviy maqsadlar — biz yashab turgan moddiy dunyoga oid (o’tkinchi) maqsadlar.
Baqo — abadiylik, azaliy va abadiy qudrat, mutlaq Haqiqat, inson ma'naviy kamolotining nihoiy maqsadi.