Tasavvuf tariqatlari yoxud irfon bosqichi - milliy ma'naviyatimizning Islom mintaqa madaniyati doirasidagi takomilining uchinchi bosqichi va yetakchi tamoyillaridan biri, Tavhid Haqiqatining irfoniy ta'rifini shakllantirgan tasavvuf tamoyili tarixida ayni XII—XIII asrlar keng xalq ommasini o’ziga jalb eta boshlagan ulug’ tariqatlar zamoni bo’ldi va bu yo’nalishning eng mukammal nazariy asoslari ham shu asrlarda yaratildi. Riyozat ma'rifatining eng yuksak namunalarini ko’rsatgan o’z zamonasining ma'naviy qutblari – ulug’ piri murshidlarning aksariyati shu asrlarda yashab o’tdilar.
Irfon — tasavvuf nazariyasi, Borliq haqiqatini anglab yetishning tasavvufiy yo’nalishi. Irfon Haqiqat ishqi alangasiga tik kirib borib, nafsni xudbinlik zangidan poklash va shu orqali shaxsning Oliy Haqiqatga daxldorligini amalda ta'minlash yo’li.
Zuhd — zohidlik, moddiy olam hirs-u havaslaridan butkul yuz o’girib, Alloh ibodatiga berilish, tarki dunyochilik, tasavvuf tamoyili tarixida birinchi bosqich.
Shariat - (arab tilidagi lug’aviy ma'nosi "yo'1"). Islom dinida barcha musulmonlar rioya qilishi shart bo’lgan umumiy qonun-qoidalar. Tasavvuf yo’lini tanlagan so’fiylar uchun rioya qilish shart bo’lgan birinchi bosqich.
Tariqat — arab tilida "tariq"so'zining lug’aviy ma'nosi ham "yo'1" bo’lib, "tariqa(t)"ning tasavvufiy ma'nosi ma'naviy kamolot sari intilgan so’fiyning maxsus tanlagan yo’lidir. Bu yo'l tavba maqomidan boshlanib, muridning bir ulug’ piri murshidga qo'1 berishidan ("fano fi-sh-shayx" maqomi) to "fano fi-l-loh" darajasiga yetishgunicha davom etadi. Majoziy ma'noda bu bosqichdagi piri murshidning vazifasini kulolga, muridni uning qo’lidagi loyga, "tavba" maqomini loyning xas-xashakdan tozalanishiga qiyos qilish mumkin. Barcha gunohlaridan astoydil tavba qilgan muridni sopol yoki chinni yasashga yaraydigan loy deb tasavvur qilsak, piri murshid unga ishlov berib, yaxshi bir ko’za yasaydi, unga jilo berib, "oftobda quritgach", pi-shirish uchun "xumdon"ga soladi.
Ma'rifat — tasavvufda tariqatdan keyingi uchinchi bosqich bo’lib, "Alloh(Haq)ni tanish" ma'nosini bildiradi va "fano fi-1-loh" maqomidan "baqo bi-l-loh" maqomigacha bo’lgan ma'naviy takomil darajasini anglatadi. Yuqoridagi majoziy o’xshatishni davom ettirsak, "ma'rifatulloh" bosqichini xumdonga qiyos etish o’rinli bo’lib, bu "xumdon"ning olovi esa "ishqi ilohiy"dir. Ana shu muqaddas ishq olovi butun borlig’ini chulg’ab olib, inson ruhiyatidagi nafs yo’liga moyillik va xudbinlik "chirki"ni butkul kuydirib tashlagan bo’lsa, so’fiy "haqiqat" bosqichiga ko’tarilib, oriflik maqomiga erishadi. Tasavvufda faqat oriflik maqomiga erishgan so’fiygina piri murshid xirqasiga noil bo’lishi mumkin.
“Fano fi-sh-shayx” – to’liq ishonch bilan piri murshid irodasiga o’zligini topshirish. Bu maqomni to’g’ri talqin qilish uchun tasavvufdagi piri murshidlik maqomining asl mohiyatini anglab yetish talab etiladi.
“Fano fi-l-loh” – lug’aviy ma'nosi:"Allohda yo’q bo’lish". Tasavvufiy ma'nosi: ilohiy ishq jazbasida butkul o’zlikdan kechish. Mansuri Xallojning mashhur"Analhaq" xitobi ushbu holatning eng yorqin namunasidir.
“Baqo bi-l-loh” — lug’aviy ma'nosi "boqiylikda (abadiylikda) Alloh bilan". Tasavvufiy ma'nosi: nafsoniy va xudbinlik mayllaridan butkul ozod bo’lib, irodasini to’liq Borliq haqiqatiga bo’ysundirish, oriflik maqomiga yetishish.