Ilk shahar jamoasi ma'naviyati — islomgacha milliy ma'naviyatimiz taraqqiyotining ikkinchi bosqichi. Asosan bronza asriga muvofiq keluvchi ilk shahar-davlatlar davrida shakllangan yaxlit ma'naviyat tizimi (masalan, shumerlar ma'naviyati yoki "Avesto" ma'naviyati). Bu davr odamlari Borliq haqiqatini asosan asotir tarzida tasavvur etganlar.
Asotir (mif) - ibtidoiy inson ongida Borliq haqiqatining xayoliy timsollar vositasida ifodalanishi. Hozirgi zamon odami asotirni afsona sifatida tushunadi, ammo qadimgi dunyo odamlari asotirning Borliq haqiqatini ifodalashiga shubha qilmaganlar. Masalan, Qadimgi yunonlar Zevs, Apollon, Afrodita kabi turli sanamlarni Olimp tog’ida abadiy yashaydi deb tasavvur qilganlar va ular sharafiga ibodatxonalar qurib, qurbonliklar keltirganlar. Asotir va badiiy asarning umumiy tomoni Borliq haqiqatini timsollar vositasida anglash va anglatishga urinish bo’lib, ularning o’zaro farq qiluvchi tomoni - asotirni o’z davrining odami haqiqat deb qabul qilgan, san'at asarini esa insonlar mutlaq haqiqat deb o’ylamaydi, balki ibrat maktabi sifatida tushunadi.
Millat va milliy davlatning shakllanishi — islomgacha milliy ma'naviyatimiz taraqqiyotining uchinchi bosqichi. Temir asri yoki buyuk saltanatlar davrida shakllangan ma'naviy qadriyat - millat timsol-tushunchasining vujudga kelishi (masalan, turkiy bitiklarda o’z ifodasini topgan "turk buduni" timsol-tushunchasi).
“Turk buduni” — Buyuk turk xoqonligi (Ko’k turk xoqonligi) davrida umumturkiy adabiy til, mustaqil davlatchilik g’oyalari asosida mukammal shakllangan va “Kultegin bitigi”, “Bilka xoqon bitigi”, “To’nyuquq bitigi” kabi turkiy toshbitiklarda o’z ifodasini topgan yagona turkiy xalq va millat timsol-tushunchasi.
Sunna bosqichi — milliy ma'naviyatimizning islom mintaqa madaniyati doirasidagi takomilining birinchi bosqichi va yetakchi tamoyillaridan birinchisi, Tavhid Haqiqatini butun ko’lami bilan anglab yetishning dastlabki pog’onasi bo’lib, VIII—IX asrlarni o’z ichiga olgan bu bosqichda Payg’ambarimiz (s.a.v) sunnatlarining asosi bo’lmish hadis ilmi mukammal darajaga ko’tarildi va eng mo’tabar olti hadis to’plami tuzildi. Bu bosqichning yetakchi tamoyilini Ibrat ma'rifati deb hisoblash mumkin. Sunna ibrat orqali e'tiqod bo’lib, Borliqning yagona Oliy haqiqati mavjudligini tan olish va unga chin dildan e'tiqod qilishni taqozo etgan.
Taqlidiy imon - ilm darajasiga ko’tarilmagan, mohiyatan anglab yetilmagan, faqat ibrat asosidagi e'tiqod bo’lib, uning egalari turli botil yo’nalishlar va aqidaparastlik ta'siriga oson berilish xavfidan xoli emaslar.
Tahliliy imon - chuqur bilim va tafakkur natijasida shakllangan, yuksak ma'naviyat egalari, orif insonlarga xos mohiyatan anglab yetilgan e'tiqod.