Kichik guruhlar psixologiyasi Kichik guruhlar muammosi ijtimoiy psixologiyada eng yaxshi ishlangan va ko’plab ilmiy tadqiqotlar o’tkazilgan obyektlardandir. Bu muammoni tadqiq etishda olimlar o’z oldiga shunday masalani qo’yganlar, ya’ni, individ yakka holda yaxshi ishlaydimn yoki guruhda yaxshiroq samara beradimi, boshqa odamlarning yonida bo’lishi uning faoliyatiga qanday ta’sir ko’rsatadi. Shuni ta’kidlash lozimki, bunday sharoitlarda individlarning o’zaro hamkorligi emas, balki ularning bir vaqtda bir yerda birga bo’lganligi faktining ta’siri o’rganildi. Olingan ma’lumotlar shuni ko’rsatdiki, boshqalar bilan hamkorlikda bo’lgan individ faoliyatining tezligi oshadi. lekin harakatlar sifati ancha pasayishi aniqlandi. Bunday ma’lumotlar amerikalik N.Triplett, nemis olimlari A.Mayer, V.Myode, rus olimi V.Bexterev va boshqalarning tadqiqotlarida ham qayd etildi. Bu psixologik hodisa ijtimoiy psixologiyada ijtimoiy fasilitasiya nomini oldi, uning mohiyati shundan iborat ediki, individning faoliyat mahsullariga uning yonida bo’lgan boshqa individlarning bevosita ta’siri bo’lib bu ta’sir avvalo sensor kuchayishlar hamda ish-harakatlarning, fikrlashlarning tezligida namoyon bo’ladi Lekin ayrim eksperimentlarda teskari effekt ham kuzatildi, ya’ni boshqalar ta’sirida individ reaksiyalaridagi tormozlanish faoliyatining susayishi holatlari; bu narsa fanda ingibisiya deb ataladi.