55-modda. Mahkumlar jazoni o‘tash uchun jo‘natilganligi va yetib kelganligi to‘g‘risida xabar Tergov hibsxonasining ma’muriyati mahkum jazoni o‘tash uchun jo‘nab ketganligi
to‘g‘risida uning oilasiga uch kunlik muddat ichida xabar yuborishi shart.
Jazoni ijro etish muassasasining ma’muriyati mahkum yetib kelgan kundan boshlab uch
kunlik muddat ichida bu haqda hukm chiqargan sudni xabardor qilishi, shuningdek mahkumning
oilasiga muassasa manzilini ko‘rsatib hamda mahkumning yozishma olib borish, uchrashuv, posilka,
yo‘qlov va banderollar olish, telefon orqali so‘zlashuv huquqlarini tushuntirib, xabarnoma yuborishi
shart.
LexUZ sharhi Qarang: “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalari”ning 143-bandi (ro‘yxat raqami 2495, 29.07.2013-y.). 56-modda. Mahkumlarni jazoni ijro etish muassasalariga qabul qilish tartibi Mahkumlarni jazoni ijro etish muassasalariga qabul qilish muassasa ma’muriyati tomonidan
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi belgilagan tartibda amalga oshiriladi.
Muassasaga yetib kelgan mahkumlar ularning shaxsini o‘rganish va sharoitga moslashib
olishlari uchun o‘n besh sutkagacha muddatga, odatda, qabul bo‘limiga joylashtiriladi, manzil-
koloniyaga kelgan hamda xo‘jalik xizmatiga oid ishlarni bajarish uchun tergov hibsxonalari va
turmalarda qoldirilgan shaxslar bundan mustasno.
Muassasaga yetib kelganlaridan so‘ng mahkumlarga jazoni o‘tash tartibi va shartlari
to‘g‘risida kerakli axborot beriladi, shuningdek ularning huquqlari va majburiyatlari tushuntiriladi.
LexUZ sharhi Qarang: “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalari”ning 134 — 149-bandlari (ro‘yxat raqami 2495, 29.07.2013- y.).